“Kaltaklangan” Luiza, tayin bo‘lgan referendum, urushda qurbon bo‘layotgan o‘zbeklar, pedofillarga o‘lim jazosi – Hafta tahlili

Tahlil

Dunyoda hech bir ona farzand dog‘ini ko‘rmasin, hech bir ayol turmush o‘rtog‘ining ortidan bo‘zlab ko‘z yosh to‘kmasin, xorijga tirikchilik dardida ketganlar ham o‘z oyog‘i bilan qo‘yni-qo‘nji to‘lib, Vatanga qaytsin, aeroportdan ularning tobutini ortib qaytishdan asrasin. Niyat xolis, umid kesilmas deyishadi. Ammo atrofimizda, dunyoda bo‘layotgan voqea hodisalar, yosh jonlarning zavol topayotgani, o‘tkinchi orzu-havaslar, yo‘qchilik va osmon-osmon va’dalarga aldanib qo‘liga qurol olayotgani ranjitadi bizni. Jahl otiga minib, qotillikka qo‘l urayotganlar esa ikki karra attang deyishimizga sabab bo‘ladi. Boshqa tomondan esa o‘z oyog‘iga bilan shifokorga borib, operatsiya stoliga yotib, omon chiqmayotganlar talaygina. Biz esa ularning ayrimlaridan xabardormiz, xolos. Yo‘qotishlarga to‘la navbatdagi hafta tahlili bilan tanishing. 

Operatsiyadan omon chiqmagan Farhod 

5 martga o‘tar kechasi ijtimoiy tarmoqlarda “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov burun sohasida o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasidan so‘ng, vafot etdi. U poytaxtdagi “Star Med” klinikasida operatsiya qilingani, narkoz ta’siridan chiqmay, 36 soat komada qolgani aytildi.

Uning o‘limi ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Men 2019 yilning avgust oyida sodir bo‘lgan shunga o‘xshash holatni yaxshi eslayman. O‘shanda Toshkentdagi “Mont Blanc” xususiy klinikasida plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan uch ayol narkoz ta’sirida vafot etgan edi. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, lekin natijalari, kimga qanday ayblov qo‘yilgani, sud qanday qarorga kelgani oshkor qilinmadi. Bu orada klinika faoliyati to‘xtatilgani aytildi. 

Farhod Mannopov bilan bog‘liq holat ham avvalgilaridan farq qilmayapti va bu bizgacha yetib kelgan holat, yetib kelmagani qancha, bunisini Xudo biladi. O‘zi bu klinika qanday klinika edi, bu yerdagi shikoforlarning faoliyati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildimi? Bu savollarni Bosh prokuraturaga berganimizda, tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha xat Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgani ma’lum qilindi. “Dok-1 Maks” dorisi ortidan 20 bolaning o‘limini unutayozgan vazirlik navbatdagi holat bo‘yicha ham miq etmay, oradan necha kun o‘tsa hamki chuqur sukut saqlab kelyapti.

Shu o‘rinda inobatga olinmasa ham bir taklifni bildirmoqchiman: ijtimoiy tarmoqlar orqali plastik jarrohlik reklamalariga taqiq o‘rnatilishi kerak. Har holda shu orqali Instagram’ni to‘ldirgan arzongaro‘v plastik jarrohlar xizmatlari targ‘ibotidan qutularmiz. 

DXX Rossiya-Ukraina urushida o‘zbekistonlik o‘lganini ochiqladi

Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan o‘zbekistonliklar ham qatnashmoqda va halok bo‘lmoqda. Urushga bir yil to‘lguniga qadar bunday ma’lumotlar rasmiy idoralar tomonidan berilmay kelinayotgan edi. Ammo joriy haftada birinchi marta O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Rossiya-Ukraina urushida “Vagner” safida jang qilgan yana bir nafar o‘zbekistonlikning jasadi dafn etilganini rasman e’lon qildi. 

Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasiga muhojir sifatida borgan asli 43 yoshli erkak Ukraina urushida Rossiya uchun qatnashib, halok bo‘lgan. Uning jasadi joriy yilning 30 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumaniga olib kelingan.

U  2019 yilning noyabr oyida O‘zbekistondan ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. 2019 yilning dekabr oyida o‘zi bilan ishlab yurgan boshqa fuqarolar bilan janjal sabab qamoqqa tushib qolgan. Oqibatda unga nisbatan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va muddati joriy yilning mart oyida tugashi kerak bo‘lgan. Ammo u qamoqxonadaligida  Rossiya kuchlari tomonidan Ukrainada jang qilish uchun safarbar qilingan va u yerda halok bo‘lgan. 

Marhumning jasadi urush o‘chog‘idan Moskvaga olib kelinib, o‘sha yerdan O‘zbekistonga yuborilgan.

Bu Rossiyaning Ukrainaga bosqinida halok bo‘layotgan birinchi o‘zbek yigiti emas. Joriy yilning yanvar oyida samarqandlik 26 yoshli Bobur Abdumo‘minov va 23 yashar Shahriyor Jalolov ham urushda qatnashib, halok bo‘lgandi. Ularning jasadi joriy yilning 19 yanvar kuni Samarqandning Bulung‘ur tumaniga olib borilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi esa Migrantlarning joni qolib, pulidan xavotirda. DXX bir o‘zbekistonlik urushda halok bo‘lganini rasman e’lon qilganiga qaramay, agentlik shu hafta bu haqda miq etmay, Rossiyada ishlayotgan migrantlar orasida bank xizmatlari bilan bog‘liq turli firibgarliklarga duch kelish holatlari yuz berayotganini aytib chiqdi. Xususan, qarindoshlariga pul o‘tkazish maqsadida mobil ilovadan foydalanish jarayonida mehnat migranti hisob raqamidan pul yechib olish yoki uning nomiga yuqori foizli kreditlar rasmiylashtirish kabi muammolar uchramoqda.

Rossiyalik jurnalist O‘zbekistonda vafot etdi 

Rossiya mavzusidan uzoqlashmaymiz. Rossiyalik jurnalist, “Byulleten kinoprokatchika” jurnali bosh muharriri Aleksandr Nechayev Toshkentdagi kvartiralardan birida o‘lik holda topildi. 

Uning do‘sti va hamkasbi Denis Korsakov jurnalist bilan oxirgi marta 4 mart kuni yozishgan. Nechayev Toshkentda bo‘lib, bu yerga bir necha oy yashash uchun kelgan va aprel oyida Moskvaga qaytishni rejalashtirgan.

6 martdan boshlab Nechayev bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan. Uning do‘stlari toshkentlik tanishlaridan hammasi joyida yoki yo‘qligini tekshirishni so‘ragan. Ular uy egasi bilan ijaraga olingan kvartiraga kelganida jurnalist o‘lik holda topilgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, jurnalistning o‘limi  “surunkali yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurakning surunkali ishemik kasalligi”dan kelib chiqqan. Uning tanasi ko‘zdan kechirilganda tan jarohatlari aniqlanmagan. 

Ma’lumot uchun, Nechayev 1986 yil 12 mayda Saratov viloyatining Marks shahrida tug‘ilgan. 2008 yilda Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Kino mavzusiga ixtisoslashgan jurnalist Metropolitan Media agentligi tarkibiga kiruvchi Rossiya kino bozori haqidagi “Byulleten kinoprokatchika” tahririyatini boshqargan.

Si Szinpin Xitoyni hali uzoq boshqaradi 

Si Szinpin Xitoy Xalq Respublikasi Raisi sifatida uchinchi besh yillik muddatga saylandi. Eng qizig‘i, o‘ta “shaffof va raqobatga to‘la o‘tgan saylov”da amaldagi davlat rahbaridan boshqa nomzod qatnashmagan. U mamlakat tarixida uchinchi muddatga saylangan birinchi rahbarga aylandi.

Butunxitoy xalq vakillari kengashining 3000 ga yaqin a’zosi yagona nomzod 69 yoshli Si Szinpinning Rais bo‘lishini bir ovozdan yoqlagan. 

Bundan tashqari, u Xitoy Markaziy harbiy kengashi raisi etib qayta saylangan

Si Szinpin ilk bor 2013 yil mart oyida, 2018 yil mart oyida ikkinchi besh yillik muddatga Xitoy Xalq  Respublikasi raisi lavozimiga saylangan. 

Ilgari konstitutsiya bir shaxsning XXR raisligida ikki marta qayta saylanishini cheklagan bo‘lsa, 2018 yilning martida konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng tegishli cheklovlar olib tashlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Si Szinpin 13 mart kuni yillik parlament sessiyasi yopilishidan oldin nutq so‘zlaydi. Bu nutq uch yillik COVID cheklovlari va G‘arb bilan munosabatlarning yomonlashuvi tufayli yuzaga kelgan muammolar haqida bo‘ladi.

Ayni vaqtda G‘arb va Pekin munosabatlari kundan kunga chigallashyapti. Ayniqsa, Xitoyning Rossitya Ukraina urushi Rossiyaning qo‘li baland kelishi evaziga to‘xtatish bo‘yicha bildirgan 12 banddan iborat taklifi dunyo hamjamiyati tomonidan Xitoyga nisbatan keskinlikni yanada oshirdi.

Qaydan bilsin ot qadrini ot minmagan erkaklar

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan bosqinini oqlayotganlar orasida dag‘dag‘alari bilan tanilgan Ramzan Qodirov ham bor. Bu hafta uning shaxsiy hayotidan ikki muhim hodisa tilga tushdi. Biri 17 yashar o‘g‘li Axmat Qodirovning to‘yi bo‘lsa, ikkinchisi otining o‘g‘rilanishi. 

To‘yda 87 ta Bugatti va Rolls-Royce mashinalaridan iborat kortej xizmat qilgan. Marosim sababli viloyatda yo‘llar to‘silib, odamlarga uni suratga olish taqiqlangan. Biroq rossiyalik xonanda Timati Instagram sahifasiga kortej videosini joylagan.

Shuningdek, to‘y arafasida Qodirovning o‘g‘li Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan va “katta og‘a” uni yaqinlashib kelayotgan to‘yi bilan tabriklagan. Ramzan Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv norasmiy bo‘lgan (Kreml ham bu haqda xabar bermagan), biroq u dalil sifatida o‘z o‘g‘lining Putin bilan uning kabinetida tushgan suratni tarmoqqa joylagan.

Uzunquloq gaplarga qaraganda, Qodirov o‘g‘lining to‘yi munosabati bilan shu kuni turmush qurganlarning barchasiga 100 ming rubl pul tarqatgan. 

Xo‘sh, 17 yashar kuyov o‘zi kim? U “Birinchilar harakati” Butunrossiya bolalar va o‘smirlar harakatining respublikadagi mintaqaviy bo‘limi kengashi raisi hisoblanadi. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, nikoh 18 yoshdan boshlab mumkin. Istisnolar faqat uzrli sabablar mavjud bo‘lganda taqdim etiladi.

To‘y o‘tgach, Qodirovga ko‘z tegdi. Chexiya g‘arbidagi Krabchitse qishlog‘idagi otxonadan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga tegishli zotdor ot o‘g‘irlab ketildi. Zazou nomli zotdor ingliz ayg‘irining qiymati qariyb 400 ming kron (taxminan 18 ming dollar)ga teng bo‘lgan. Ot “Praga” xalqaro sanksiyalar asosida muzlatib qo‘ygan mulklari ro‘yxatiga kiritilgan.

Aytishlaricha, ot 2012 yilda sotib olingan. U 36 ta ayg‘irlar poygasida qatnashib, shulardan 9 tasida g‘alaba qozongan va egasiga 1,2 million yevrodan ortiq daromad keltirgan.

Qodirovning o‘zi esa bu otning narxi kamida 10 million dollar ekanini aytmoqda. 

Kelin o‘zini nega yoqdi?

Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida 23 yoshli kelin adirlik hududida ustidan benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi. Voqea joriy yilning 6 mart kuni tumanning  “Navoiy” mahallasi o‘ramida joylashgan adirlik hududida sodir bo‘lgan. 

Kelinchak o‘zi joniga qasd qilayotgan vaqtda u atrofda bo‘lgan odamlar tomonidan qutqarib qolinib, shifoxonaga olib ketilgan. Ko‘rsatilgan tez tibbiy muolajalarga qaramay, u 7 mart kuni shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayolga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, qaror ijro etish uchun yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, natijalari haqida qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.

Qotil – ekologiya

Bugun odamlarning o‘limiga faqat nobop operatsiyalar, o‘z joniga qasd qilish yoki qotilliklar sabab bo‘layotgani yo‘q. Tabiat ham allaqachon qotilga aylangan. Biroq bunda ham yana ayb aylanib o‘zimizga kelib taqaladi. 

Legatum Institute tomonidan har yili tuziladigan Legatum Farovonlik Indeksi reytingida O‘zbekiston ekologiya bilan bog‘liq muammolar yo‘nalishida eng yomon natija qayd etib, dunyoda ekologiyasi eng abgor 6 davlatdan biri bo‘ldi. O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 162-o‘rinni egallagan. Undan pastgi o‘rinlarda Sudan, Mavritaniya, Lesoto, Pokiston va Iroq joylashgan, xolos.

Ushbu xalqaro reyting natijalarini tasdiqlagandek, shu hafta respublikaning ko‘plab hududlarida, xususan Termiz shahrida chang bo‘ronlar ko‘tarilsa deng. 

8 mart kuni soat 11:30 lardan Termiz shahrida ko‘rinish masofasi 1000 metrlardan pasayuvchi kuchli chang bo‘roni kuzatila boshlagan. Oqibatda Toshkent-Termiz yo‘nalishidagi parvoz qilayotgan samolyot Termizdagi aerodromga qo‘na olmay, ortga qaytgan.

Soat 13:00 holatiga Termizda ko‘rinish masofasi 1100 metr bo‘lib, chang bo‘roni kuchli darajadan o‘rtacha ko‘rinishga tushgan.

Sobiq IIB xodimi pedofilmi?

Samarqand shahrida 38 yoshli erkak, sobiq IIB xodimi 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketdi. Voqea shu hafta 8 mart kuni sodir etilgan. 

Erkak mast holda Nexia-3 mashinasi bilan o‘quv markazi oldida turgan 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga o‘zini kirakash deb tanishtirgan. U qizni uyiga olib borishini aytib, aldab mashinaga o‘tirishga ko‘ndirgan. Ammo uyiga olib bormasdan, mashinani boshqa tomonga boshqarib ketgan.

Voyaga yetmagan qiz mashinadan tushib qolmoqchi bo‘lganda, avtomobil eshiklarini qulflab qo‘ygan va mashinani Oqdaryo tumani Boshdarxon mahallasi, Yangi obod qishlog‘igacha boshqarib borgan. Qizning baxtiga mashina shinalari bo‘shab qolgan, haydovchi esa uni tuzatish uchun ulovdan tushganda, qiz qochib ketgan va shu yerda bo‘lgan fuqarolardan yordam so‘ragan.

Holat yuzasidan qizning yaqinlari huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan. 

Samarqand Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i Jahongir Sagdullayevga ko‘ra, erkak sobiq IIB xodimi bo‘lgan hamda salbiy harakatlari uchun ishdan bo‘shatilgan.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida erkak qo‘lga olinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Mana endi tuushundingizmi, o‘tgan hafta “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodovning pedofillarni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyotini joriy qilish taklifini qanchalik dolzarbligini. Bu nafaqat O‘zbekistonda, qo‘shni mamlakatlarda, dunyoda ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Qirg‘iziston ham pedofillar bilan kurashish yo‘llarini qidirmoqda, hatto, o‘lim jazosi tayinlanishi ham mumkin. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Gruziya orzusi ushalmadi

Bu hafta Gruziya dunyo diqqat markazida turdi. Avvaliga mamlakat parlamenti deputatlari xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida mushtlashdi. Hukumat dastagi bilan parlamentga kiritilgan qonun noroziliklarga sabab bo‘ldi va namoyishlar yo‘lini ochdi. 

Qonun iqtidordagi “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Unga ko‘ra, mablag‘ining 20% dan ortig‘ini xorijdan oladigan har qanday tashkilot “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatdan o‘tishi talab qilinadi, aks holda u katta miqdorda jarimaga tortiladi. Tanqidchilar mazkur qonun Rossiyada 2012 yilda o‘zgacha fikrni bostirish uchun qo‘llanilgan qonunni eslatishini aytgan.

Qonun loyihasi Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish umidiga putur yetkazishidan qo‘rqqan minglab namoyishchilar poytaxt Tbilisi markazida yig‘ildi. Ular parlament binosini to‘sib qo‘ydi. Namoyishchilarni tarqatish uchun kelgan politsiyaga molotov kokteyli va toshlar uloqtirilgan. Politsiya esa suv purkagich va ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan.

Mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilar bilan birga ekani, qonun loyihasi tasdiqdab o‘tish uchun uning ma’muriyatiga kelganda, unga veto qo‘yishini bildirgan.

“Siz erkin Gruziya, o‘z kelajagini G‘arbda ko‘radigan Gruziya vakilisiz va hech kimning bu kelajakni tortib olishiga yo‘l qo‘ymaysiz. Bu qonun hech kimga kerak emas. Bu qonunga ovoz bergan har bir kishi konstitutsiyani buzgan”, deydi Gruziya rahbari.

Biroq Bosh vazir Irakliy Garibashvili qonunni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan. Chet el agentlari haqidagi taklif etilayotgan qoidalar “Yevropa va jahon standartlariga” javob berishini aytgan.

Namoyishlar ortidan “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi parlamentdan chet el agentlari haqidagi qonun loyihasini chaqirib olishga qaror qildi. 

“Jamiyatning har bir a’zosi oldida javobgar bo‘lgan hukmron kuch sifatida biz qo‘llab-quvvatlagan qonun loyihasini hech qanday shartlarsiz qaytarib olishga qaror qildik”, deyiladi partiya bayonotida.

Qayd etilishicha, partiya chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish nega zarur ekanini jamoatchilikka yaxshiroq tushuntirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun respublika bo‘ylab aholi bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Biroq, muxolifat partiyalar bu bayonot bilan tinchlangani yo‘q, ular hamon xalqni namoyishlarni davom ettirishga chorlamoqda. Muxolifat norozilik nafaqat qonun loyihasi, balki “Gruziya orzusi” partiyasining rusparast tabiatiga qarshi o‘tkazilishi kerak. 

10 mart kuni Gruziya parlamenti a’zolari mamlakatda keskin noroziliklarga sabab bo‘lgan “Xorijiy ta’sir agentlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda rad etdi. Unga qarshi 35 nafar deputat qarshi ovoz bergan. 

Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning fikricha, Qonunning qaytarilishi, mamlakatda sun sayin avj olgan noroziliklarda AQSHning qo‘li bor. Qonun qabul qilingudek bo‘lsa, Vashingtonning Gruziya ichki siyosiy hayotiga ta’sirini cheklab qo‘yadi. Shuning uchun ham uning qabul qilinishi AQSH uchun nomaqbul bo‘lgan.

“Rasmiylar loyihani qaytarib olishga qaror qilgani sababli, Gruziya suverenitet uchun imkoniyatni boy bergan. Agar hujjat qabul qilinsa, Gruziya siyosiy partiyalarni yoki oddiy qilib aytganda, Gruziyaga qarshi kun tartibini tashkil etuvchi muxolifat, ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlarini moliyalashtirish uchun chetdan kelayotgan mablag‘larni nazorat qila olardi”, deydi Volodin.

U Gruziyadagi norozilik namoyishlari Vashington yordami bilan uyushtirilganini da’vo qilgan. 

Referendum sanasi ma’lum bo‘ldi

Joriy yilning 30 aprel kuni 29 yillik tarixi davomida 16 marta o‘zgartirilgan va bugun 65 foizga yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq referendumiga qo‘yiladi. Bu haqdagi qaror 9-10 mart kunlari o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida qabul qilindi. 

Oliy Majlisning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovning ma’lum qilishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Yangi qomus bilan O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda.

Yalpi majlisda deputatlar tomonidan berilgan 16 ta taklifdan 9 tasi qabul qilindi va referendumni o‘tkazish 30 aprel, yakshanba kuniga belgilandi. 

Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari qator chiqishlarda, jumladan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida ham bosh qomusda jami nechta modda o‘zgarayotgani, qaysi sohalarga oid o‘zgartirishlar kiritilayotganini aytmoqda, biroq bu o‘zgartirishlar qaysi shaklda kiritilgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyaning o‘zi hozirgacha jamoatchilikka e’lon qilingani yo‘q. 

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ma’qullandi va loyiha amaldagi Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash uchun Konstitutsiyaviy sudga yuborildi.

Qayd etilishicha, Konstitutsiya 65 foizga o‘zgarayotgan bo‘lsada u qabul qilingan kun sifatida 8 dekabrni nishonlash davom etadi. 

Qirg‘iziston pedofillarni o‘limga hukm qilmoqchi

Qirg‘izistonda deputatlar referendum o‘tkazishni taklif qilyapti. Ammo Konstitutsiya bo‘yicha emas, balki pedofillarga o‘lim jazosi berilishi bo‘yicha. 

61 nafar parlamentariy Prezidentga pedofillarga nisbatan o‘lim jazosi tayinlash bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. Tez orada qaror loyihasi ko‘rib chiqish uchun Jogorku Keneshga kiritiladi.

Ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonda oldinroq ham bir necha xalq deputatlari voyaga yetmaganlarni zo‘rlaganlarga jazoni kuchaytirish taklifini ilgari surgan. Xususan, ular kimyoviy bichish joriy etish tashabbusi bilan chiqqan. 

Qirg‘izistonda o‘lim jazosiga moratoriy joriy etilgan. 1998 yilda davlat rahbari Asqar Akayev Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganining 50 yilligi munosabati bilan o‘lim jazosiga ikki yillik moratoriy kiritgan. Keyinchalik muddat yana uzaytirilib, Qirg‘iziston Jinoyat kodeksida o‘lim jazosi, umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan.

Turkiyada saylov. Erdo‘g‘anning raqibi kim?

Turkiyada navbatdagi Prezident saylovi joriy yilning 14 may kuni o‘tkazilishi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an imzolagan qaror bilan tasdiqlandi. 

Mazkur saylovlar nafaqat Turkiyani kelgusi taqdiri, uni kim boshqarishi, balki u qanday boshqarilishi, iqtisodiyoti qayerga yo‘naltirilishi hamda Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarni yumshatishda qanday rol o‘ynashi mumkinligini hal qiladi.

Ko‘pchilik nazarida mazkur saylovlar respublikaning 100 yillik tarixidagi eng keskin saylov bo‘ladi. Chunki hozirda muxolifat bloki hukumat alyansidan biroz oldinda. Blok Erdo‘g‘anning iqtisod, fuqarolik huquqlari va tashqi siyosatga oid ko‘p siyosatini o‘zgartirishga va’da bergan.

Joriy hafta 6 partiyadan iborat muxolifat alyansi – “Millat Ittifoqi” ham Erdo‘g‘anga qarshi nomzodni e’lon qildi. Xabaringiz bor, bundan oldingi haftada Muxolifat alyansidagi “Yaxshilik” partiyasi lideri Meral Akshenar “Jumhuriyat xalq” partiyasi rahdbari Kamol Qilichdoro‘g‘lining muxolifat alyansi nomidan Erdo‘g‘anga raqib bo‘lishiga qarshi chiqib, 6 lik stolini tark etgandi. Akshenar joriy hafta boshida yana 6 lik stolida bo‘sh qolgan o‘rniga kelib o‘tirdi va 74 yashar Qilichdoro‘g‘li nomzodini Prezidentlikka ko‘rsatishini bildirdi. 

U Qilichdoro‘g‘li saylangan taqdirda, o‘zi tomonidan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlar Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va Anqara hokimi Mansur Yavash vitse-prezident lavozimini egallashi shartligini aytdi. Akshenar qo‘ygan masala boshqalar tomonidan ham qabul qilindi va 12 banddan iborat kelishuv matni “Yaxshilik”, “Jumhuriyat xalq”, “Saodat”, “Da’vo”, “Kelajak”, “Demokrat” partiyalari rahbarlari tomonidan imzolandi. 

Hujjatga ko‘ra, muxolifat Qilichdoro‘g‘li nomzodi saylovlarda g‘alaba qozonsa, mamlakatda parlament tizimini mustahkamlash uchun Prezident vakolatlarining bir qismini cheklashni taklif qilgan.

Istanbulda o‘layotgan o‘zbeklar

Turkiyaning Istanbul shahridagi dengiz sohilidan o‘zbekistonlikning o‘ligi topildi. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi buni tasdiqladi.

Joriy yilning 27 fevral kuni Istanbul shahri Kadiko‘y tumanida dengiz sohilidan bir kishining jasadi topilgan.

Marhumning yaqin qarindoshlari topilib, DNK testi olingan va shaxsi aniqlangan. 8 mart kuni qarindoshlari tomonidan Istanbul-Samarqand samolyoti orqali O‘zbekistonga olib ketilgan.

Shuningdek, Istanbulda o‘zbekistonlik boshqa bir hamyurtini pichoqladi. Ikki o‘zbekistonlik o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilikning sababi noma’lum. Ular bir-birini tanimagani aytilmoqda. Yigitning pichoqlanishi esa ko‘chadagi xavfsizlik kameralari qayd qilingan. 

Voqea joyiga zudlik bilan Istanbul politsiya boshqarmasi xodimlari va tez tibbiy yordam guruhi yetib borgan. Jarohatlangan holda shifoxonaga yetkazilgan yigit barcha ko‘rilgan choralarga qaramay vafot etgan. 

Gumonlanuvchi jinoyat quroli bilan Qog‘itxonaning Cheliktepa mahallasida ushlanib, qo‘lga olingan. 

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlarida qotil marhum uni so‘kkanini, shu bois uni pichoqlaganini aytgan. Qotil “qasddan o‘ldirish” aybi bilan hibsga olingan. 

Qiz o‘zini ko‘prikdan tashlab vafot etdi

Hafta oxirlaganda, 10 mart kuni Oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lgan 18 yashar qiz Samarqand viloyati Oqdaryo va Samarqand tumanini bog‘lab turuvchi Qoradaryo ko‘prigidan o‘zini suvga tashlab, joniga qasd qildi.

Holat kechasi soat 21:25 da sodir bo‘lgan. 

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, uning o‘lim sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Holat yuzasidan Oqdaryo tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Do‘pposlanayotgan bolalar

O‘tgan yillarda O‘zbekistonda bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq holatlarga barham berilgandir, ammo hamon bolalarning asosiy huquqlari poymol qilinishi davom etmoqda. Ayniqsa, bolalar oilada zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan, jismoniy va psixologik bosimga uchrayotgan holatlar talaygina. Ayrim oilalarda bolalar chaqaloqligidanoq shiddat ko‘rib ulg‘aymoqda, ota-ona, kattalar o‘rtasidagi mojarolarning yaradoriga aylanmoqda. Allaqachon mamlakatda Bolalar ombudsmani instituti tashkil etilganiga qaramay, bola huquqlari bilan bog‘liq vaziyat hamon yomonligicha qolmoqda. 

Bolalar voyaga yetmay arava tortyapti, og‘ir mehnat bilan shug‘ullanyapti, tilanchilikka majburlanyapti va ko‘cha-ko‘yda do‘pposlanmoqda. Va bularning hech biri yashirin sodir etilayotgani yo‘q. Ta’sir choralari esa ancha past. Ota-onalik huquqidan mahrum etish, voyaga yetmagan bolani kaltaklagani, mehnatga majburlagani uchun javobgarlikka tortish sust desak ayab gapirgan bo‘lamiz. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi savdo do‘konida 13 yoshli bola ayovsiz kaltaklangani aks etgan videni siz ham ko‘rgan bo‘lishingiz kerak. 

Ushbu voqea bugun, 10 mart kuni Shahrixon tumanida sodir bo‘lgan. Mazkur tumanning “Mullavoy” mahallasida yashovchi 43 yashar erkak ukasining farzandi 2010 yilda tug‘ilgan jiyanini boshqa bir fuqaro bilan urushganidan xabar topib, bola ishlaydigan savdo do‘koniga borgan. Oqibatda bolaning yuzi va tanasining turli qismlariga tan jarohatlar yetkazgan.

Shahrixon tuman IIBga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Biroq Bolalar ombudsmani holatga umuman munosabat bildirmagan. 

Luiza Rasulovani kaltaklashdimi yo itarib yuborishdi?

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik aktrisa Luiza Rasulova va uning onasi kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo videolar ularning do‘pposlangani emas, balki yiqilib tushganiga ishora qilmoqda. Qayd etilishicha, 9 mart kuni taxminan soat 15:00 larda Chilonzor tumani, Chilonzor-6 dahasidagi ko‘p qavatli uylardan birining uyboshisi 1959 yilda tug‘ilgan Luiza Rasulovaning onasi va shu ko‘p qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan o‘quv muassasasi rahbari o‘rtasida o‘zaro nizo kelib chiqqan.

Nizoga aktrisaning onasi ko‘p qavatli uyning umumiy kirish eshigiga kodli qulf qo‘yib, ikkinchi qavatda joylashgan o‘quv muassasasiga kelgan o‘quvchilarni kirishiga to‘sqinlik qilgan. Shu orada o‘quv muassasasi rahbari uning qo‘lidan tortgan vaqtida ayol va uning qizi Luiza Rasulova yerga yiqilgan.

Luiza Rasulova va uning onasiga tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun shifoxonaga yotqizilgan. Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, Luizaning onasida "ensa sohasi yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi", Luizaning o‘zida esa “o‘ng bilak va o‘ng tizza sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi" jarohatlari borligi aniqlangan.

Ularga zarar yetkazgan fuqaro esa profilaktika inspektori tomonidan ushlanib, yaqin oradagi IIBga olib borilgan. Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing