Rossiyada maoshini ololmay isyon qilgan o‘zbekistonliklar muammosi hal bo‘ldi – Elchixona
Jamiyat
−
18 iyul 2020
11147Avvalroq, 13 iyul kuni Rossiyaning Amur viloyati Svobodniy tumanidagi “Renaissance Heavy Industries” kompaniyasiga tegishli vaqtinchalik vaxta shaharchasida ishlovchi O‘zbekiston fuqarolari maoshini ololmagani uchun isyon uyushtirgandi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda ish beruvchi va ishchilar o‘rtasidagi kelishmovchilik bartaraf etildi.
Voqea yuz bergan kuni Amur viloyatiga yetib borgan elchixona Bosh konsuli Mexriddin Xayriddinov viloyat ma’muriyati, prokuratura va ichki ishlar organlari, “Renaissance Heavy Industries” kompaniyasi va uning subpudratchilari rahbariyati va vakillari bilan qator muzokaralar o‘tkazgan. Vatandoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning noroziligiga sabab bo‘lgan omillar haqida batafsil axborotlar olingan.
Rossiya va Turkiya tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasi o‘laroq muammoning barcha uchun maqbul yechimi topildi va vaqtinchalik shaharchada tartib-intizom tiklandi. 16 iyuldan O‘zbekiston fuqarolari ish tashlashni to‘xtatib, obektda mehnat faoliyatini yana boshlagan.
Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi tergov organlari tomonidan yuz bergan hodisa yuzasidan protsessual harakatlar amalga oshirilmoqda. Tekshiruvlar nafaqat tartibsizliklar ishtirokchilariga nisbatan, balki ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligining buzilishi bo‘yicha ham olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, elchixona mazkur jarayonda vatandoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlari buzilmasligi uchun barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Shu bilan birga, elchixona yuzaga keladigan barcha muammolarni noqonuniy, zo‘ravonlik usullari, vayrongarchilik va shantaj orqali emas, balki tinch yo‘l bilan, muloqot va muzokaralar orqali hal qilish zarurligini ta’kidladi. Fuqarolarni tartibsizliklarga chorlagan barcha shaxslar javobgarlikka tortiladi hamda qonunda belgilangan tartibda jazolanadi.
Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari buzilgan taqdirda ular O‘zbekiston Elchixonasi va Bosh konsulxonalari, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlikning vakolatxonasiga murojaat qilishlari mumkin. Murojaat uchun raqamlar Elchixona saytida http://uzembassy.ru/page/870 havolasida joylashtirilgan
LiveBarchasi