Davletov hokimiyatlarga berib yuborilgan “ortiqcha” vakolatlar qisqartilishini aytdi

Jamiyat

image

Jurnalist va blogerlar bilan uchrashgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov hokimiyatlarga berilgan ortiqcha vakolatlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Yer ajratish, ba’zi litsenziyalarni berish, turar joydan noturarga o‘tkazish masalalari hokimiyatlardan olingani haqida ta’kidladi.   

“Byurokratik to‘siqlarga qarshi Prezident qarori qabul qilindi. Bu qaror loyihasidagi ishimiz juda ham “qattiq ketdi”. Hokimiyatning funksiyalarida yerlarni maqbullashtirish kabi ishlarda fikrlar bergan edik. Juda ko‘p narsalar shu qarorlarda amalga oshdi. Bugungi kunda yer ajratish tizimi 100 foiz auksionga o‘tdi. Auksion bayonnomasi yerni berishga asos bo‘lib xizmat qildi. Yuqoridagi qarorda hokimiyatlarning 11ta funksiyasi boshqa tashkilotlarga berildi. O‘ylab ko‘ring, hokimiyatlar ta’limda til o‘rgatish kurslariga litsenziya berib kelgan. Bu vakolat ulardan olib qo‘yilib, vazirlik tashkilotlarining hududiy bo‘limlariga berildi”, deya ta’kidladi Adliya vaziri.

Shuningdek, Ruslanbek Davletov o‘z nutqida yana ba’zi bir masalalarda ham hokimiyatlarga ortiqcha vakolatlar berib yuborilgani haqida tanqidiy fikrlar aytdi. Amaldorning aytishicha, bu masalada Senat bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

“Rieltorlik bo‘yicha ham, alkogol mahsulotlarini sotishga ham hokimiyatdan litsenziya uchun ruxsat olish kerak bo‘lgan. Vaholanki, ularda bu masalaga javobgar tuzilma yo‘q. Yoki turar joyni noturar joyga o‘tkazishda hokimiyatda boshqaradigan qandaydir tuzilmaning o‘zi yo‘q. Prezidentimiz ham aytdiki, hokimiyatlarda 300ta funksiya bor. Ma’muriy islohotlar natijasida, murojaatnomadagi topshiriqqa binoan Adliya vaziriligi Senat bilan birga hokimiyatlarni zamonaviy, ixcham organga aylantirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishimiz kerak”, deydi Ruslanbek Davletov. 

Aynan shu masala yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida alohida to‘xtalib o‘tgan edi. “Amaldagi qonun hujjatlarida hokimliklarning 300 ga yaqin vazifa va funksiyalari nazarda tutilgan. Shundan 175 tasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra hokimlarning asosiy vazifalari toifasiga kirmaydi va turli idoralarning funksiyalarini takrorlaydi. Bu esa ish sifati va ijro intizomiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy”, degan edi davlat rahbari.

Shuningdek, Prezident ushbu masalada parlament hokimlar vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish masalalariga e’tiborni kuchaytirishi, masalalarning barchasini Senat Adliya vazirligi bilan birga o‘rganishi lozim ekani haqida so‘z yuritgan edi. https://qalampir.uz/news/parlament-%D2%B3okimlar-vakolatlarini-k-ayta-kurib-chik-ish-masalalariga-e-tiborni-kuchaytiradi-norboyeva-13368


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing