Davlatga xiyonatda ayblangan MHQ raisining uyidan $17 mln topildi
Olam
−
10 mart 2022
14126Qozog‘istonning Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) qamoqqa olingan sobiq raisi Karim Masimovning uyi tintuv qilinganida 17,2 million AQSH dollari miqdorida naqd pul, shuningdek, ko‘plab hashamatli buyumlar aniqlandi. Bu haqda qo‘mita tergov jarayonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlatga xiyonat, hokimiyatni kuch bilan egallashga urinish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumon qilinib, qamoqqa olingan Masimovning ishi bo‘yicha davom etayotgan tergov davomida ko‘plab korrupsiya belgilari ham aniqlangan.
“Mahalliy ishbilarmon doiralar va xorijiy sub’ektlardan ko‘chmas mulk, qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, madaniy boyliklarni, katta miqdordagi mablag‘larni noqonuniy ravishda olish holatlari hujjatlashtirilgan. Xususan, Masimov yopiq shartnomalardan biri bo‘yicha MXQ raisi lavozimida xorijiy davlat vakillaridan 2 million AQSH dollari miqdorida pora olgani yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu mablag‘larning Gonkongdan Qozog‘iston Milliy bankiga qaytarilishi ta’minlandi”, deyiladi MXQ xabarida.
Shuningdek, Masimov Bosh vazirlik davrida biznes tuzilmalarining biridan poytaxtda joylashgan, qiymati qariyb 2,5 milliard tenge bo‘lgan hashamatli mehmonxona va yer uchastkasi olgani yuzasidan ham tergov boshlangan.
Sobiq rais hibsga olinganidan so‘ng, joriy yilning yanvarida ushbu mehmonxonadan 17,2 million AQSH dollari naqd pul, shuningdek, ko‘plab hashamatli buyumlar – qimmatbaho soatlar, tilla quymalari, antiqa buyumlar va boshqa ko‘p narsalar olib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, unga tegishli 11 ta qimmatbaho biznes-klass avtomashinalari musodara qilingan.
Shu bilan birga, MHQ, Masimovning Nur-Sultondagi ikkita hashamatli kvartirasi, Olmaotadagi ikkita kvartira va dala hovli, Borovoye kurortidagi ko‘l bo‘yida joylashgan 1 gektar yer uchastkasi musodara qilinganini ham ma’lum qilgan.
Sobiq raisning yaqinlaridan esa 5,1 million dollar musodara qilingan. Masimov va uning atrofidagilar tomonidan chet elga noqonuniy ravishda olib chiqib ketilgan bundan ham yirikroq mablag‘larni qidirish, hibs solish va Qozog‘istonga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilingan. Hozirda mazkur faktlar bo‘yicha faol tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda tartibsizliklarga aylangan ommaviy namoyishlardan so‘ng yuqori martabali maxsus xizmat xodimlarini hibsga olish boshlandi. Dastlab Masimov Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari lavozimidan chetlashtirilib, davlatga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olindi, uning o‘rniga Sagimbayev tayinlandi. Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosarlari — Anuar Sadiqulov va Daulet Yergojin ham o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. 13 yanvar kuni Masimov hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qaratilgan harakatlarda ham gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Sadiqulov va Yergojinning hibsga olingani haqida ham aytildi. Keyinroq, Masimov va Sadiqulov sud tomonidan hibsga olingan va ish “o‘ta maxfiy” toifasiga kiritilgan. 7 fevral kuni Yergojin ham sud sanksiyasi bilan hibsga olingan
LiveBarchasi