Davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash tartibi belgilandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi. 

Nizomga muvofiq, uy joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarni hisobga olish, navbatni belgilash hokimliklar va tasarrufida idoraviy uy-joy fondi bo‘lan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi bir kishiga 16 kvadrat metrdan, nogironlar uchun esa 23 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi lozim.

Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb hisoblanadi:

•    turar joyi bo‘lmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylarda yashovchilar;
•    har bir oila a’zosi uchun uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam maydon to‘g‘ri keladiganlar;
•    yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar;
•    qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan ikki va undan ortiq oila bir bo‘lib kvartirada yashovchilar;
•    ayrim surunkali kasalliklarga chalinganlar;
•    uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida 3 yil yashayotgan fuqarolar.

Quyidagi fuqarolarga aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladi:

•    1941-1945 yillardagi urush faxriylari va baynalminal jangchilar;
•    shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatdan zahiraga bo‘shatilgan yoki is’tefoga chiqqan harbiy xizmatchilar;
•    og‘ir surunkali kasalliklarga chalinganlar;
•    16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari bo‘lgan oilalar;
•    chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;
•    uch nafar va undan ko‘p mehnatga layoqatsiz oila a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
•    ishlamaydigan I va II guruh nogironlari;
•    keksayib qolgan yolg‘iz pensionerlar;
•    bolalikdan nogiron bo‘lib qolgan 16 yoshgacha yoki bolalikdan I va II guruh nogironi bo‘lib qolgan bolalari bor oilalar.

Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar hokimliklarning hisobga olish va turar joylarni taqsimlash bo‘limlari tomonidan hisobga olinadi.

Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar ariza beradi hamda ariza 15 kunda komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va ikki kunda fuqaro ro‘yxatga kiritilganligi haqida xabardor qilinadi.

Uy-joyni berish ro‘yxatdagi navbat asosida amalga oshiriladi.

Quyidagilarga navbatdan tashqari uy-joy beriladi:

•    uy-joyi tabiiy ofat oqibatida yaroqsiz holga kelgan fuqarolar;
•    davlat bolalar muassasalaridan, qarindoshlaridan, vasiylardan qaytgan fuqarolar;
•    noqonuniy javobgarlikka tortilgan va keyinchalik reabilitatsiya etilgan fuqarolar;
•    boshqa aholi punktlaridan o‘tkazilgan yoki taklif qilingan rahbarlar va mutaxassislar.

Fuqarolarga berilgan uy-joylar sanitariya, yong‘inga qarshi va texnik talablarga javob berishi shart.

Bir xonaga turli jinsdagi shaxslarni joylashtirish taqiqlanadi (er-xotindan tashqari).

Davlat uy-joy fondidagi turar joyni berish to‘g‘risidagi qarorga asosan 3 ish kunida fuqaroga order beriladi.

Xizmat turar joyiga berilgan orderga “xizmat turar joyi”, aniq maqsadli kommunal turat joylariga berilgan orderga “aniq maqsadli kommunal turar joyi” degan qayd kiritiladi.

Xizmat turar joylari o‘z mehnat majburiyatlariga ko‘ra ish joyida yoki xizmat binosida yashash zarurat bo‘lgan fuqarolarga beriladi.

Mehnat shartnomasi bekor qilinishi bilan turar joydan foydalanish huquqi ham bekor bo‘ladi. Shunga asosan xodim bir oyda uyni bo‘shatishi lozim.

Quyidagilar xizmat turar joylaridan boshqa turar joy berilib ko‘chiriladi: 

•    I va II guruh nogironlari;
•    1941-1945 yillardagi urush faxriylari va baynalminal jangchilar;
•    harbiy xizmatni o‘tayotganda halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchilarning oilalari;
•    nogiron farzandlari bo‘lgan oilalar;
•    tarbiyachi ota-onalar, oilaviy bolalar uyi tugatilgan taqdirda;
•    tashkilotda kamida 10 yil ishlagan xodimlar;
•    xodimlar soni yoki ish xususiyatining o‘zgarishi yoxud korxona tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslar;
•    o‘zi ishlagan korxonadan pensiyaga chiqqan xodimlar;
•    xodim vafot etganida uning oila a’zolari;
•    voyaga yetmagan farzandlari bilan birga yashayotgan yolg‘iz shaxslar. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

19

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing