Davlat organlari ochiqlashi kerak bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi

Jamiyat

image

Davlat idoralari tomonidan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi.

1. Davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyatiga oid hisoboti (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar bundan mustasno).

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan sub’ektlar, ularning yakuniy benefitsiar (foyda oluvchi) jismoniy shaxslari, ularning to‘lagan soliqlari va moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborotlar.

3. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan davlat xaridlarini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar).

4. Mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar bundan mustasno).

5. Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar (xarid e’lon qilinishidan kamida 6 oy oldin).

6. Davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish bo‘yicha tashkil etiladigan xarid komissiyalarining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan:

  • xarid komissiyasi tarkibini tasdiqlash haqidagi qaror;
  • xarid komissiyasi a’zolarining ma’lumotlari (familiyasi, ismi va otasining ismi, ish joyi va egallab turgan lavozimi).

7. Davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarning yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning muhofaza qilinishini ta’minlagan holda tegishlicha o‘tkazilgan har bir taftish va tekshiruv (nazorat ob’ekti nomi, nazorat tadbirining maqsadi va muddatlari, uni o‘tkazgan davlat xizmatchisining lavozimi, familiyasi, ismi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tegishli nazorat qiluvchi organning rahbarini xabardor etgandan so‘ng).

8. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) ro‘yxati (davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) funksiyalarini amalga oshirayotgan tashkilot, korxona hududi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, davlat ulushi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda), shuningdek, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar ro‘yxati.

9. O‘zlari aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) funksiyalarini bajaruvchi davlat ishtirokidagi korxonalarning ijroiya organi (direktor, boshqaruv raisi, boshqaruv a’zolari) va kuzatuv kengashi a’zolarining ismi va familiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

10. Davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, ushbu korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tasarrufidagi yengil avtomobillar, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

11. Davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan yil (chorak) yakuni bo‘yicha to‘langan dividendlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

12. Davlat ishtirokidagi korxonalarga sarflangan Davlat byudjeti mablag‘lari, tegishlicha xorijdan jalb etilgan mablag‘lar, shu jumladan davlat tashqi qarzi summalari hamda ularning sarflanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

13. Davlat muassasalari ro‘yxati (tashkil topgan sanasi, yuqori turuvchi organ) hamda xususiylashtirilgan davlat mulki ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (davlat sirini tashkil etuvchi maxfiy vazifa yuklatilgan davlat korxonalari va muassasalari bundan mustasno).

14. Tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi bilan bir qatorda, uning ijrosi, shu jumladan ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish
va saqlash xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

15. Davlat organlari va tashkilotlari tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tezkor-qidiruv, harbiy va boshqa maxsus xizmatlarda foydalaniladigan ashyolar bundan mustasno).

16. Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida mas’ul xodimlari, shu jumladan ushbu toifadagi hujjatlarni berishni tashkillashtiradigan tegishli komissiya a’zolari (familiyasi, ismi va otasining ismi, egallab turgan lavozimi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

17. Quyidagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar egalarining ismi va familiyalari:

  • xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish;
  • iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish;
  • bank faoliyatini amalga oshirish;
  • mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish;
  • farmatsevtika faoliyati;
  • ko‘priklar va tonnellarni loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash faoliyati;
  • neft, gazni (shu jumladan siqilgan tabiiy
    va suyultirilgan uglevodorod gazini) va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish faoliyati;
  • magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish hamda ularni ta’mirlash faoliyati;
  • import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish;
  • davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish.

18. Tegishlicha yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar egalari, taqdim etilgan uchastka (maydonlar, foydali qazilmalar) to‘g‘risidagi va boshqa ma’lumotlar.

19. Daryolar o‘zanlarida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo” davlat unitar korxonasi (xo‘jalik jamiyati) tomonidan belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

20. O‘zbekiston Respublikasi o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanish uchun berilgan barcha ruxsatnomalar egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

21. O‘zbekiston Respublikasi davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ob’ektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

22. Davlat oliy ta’lim muassasalarining daromadlari, xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

23. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga mulk yoki ijara huquqini elektron auksion (“E-IJRO AUKSION”) orqali sotib olgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar.

24. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish bo‘yicha ochiq tanlov g‘oliblari bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar.

25. Mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

26. Quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar:

  • maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilgan aniq manzillar;
  • individual tartibda har bir dasturiy-texnik vositasi qayd etadigan yo‘l harakati qoidalari buzilishi turi.

27. Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olayotgan shaxslar (14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam hamda un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun har oylik pulli kompensatsiyani olayotganlar) haqida hamda ishsizlik nafaqasini olayotgan shaxslar (familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi) to‘g‘risidagi viloyat, tuman, shaharlar kesimidagi ma’lumotlar.

28. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish haqida bergan arizalari ro‘yxati (navbati) to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

29. Davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan:

  • jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari);
  • jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar.

30. Davlat organlari va tashkilotlarining tasdiqlangan yarim yillik va (yoki) yillik ish rejalari (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar bundan mustasno).

31. Davlat organlariga doimiy foydalanish uchun berilgan yer maydonlari va boshqa mol-mulklarni davlat-xususiy sheriklik asosida olgan yuridik va jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

32. Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarning tashqi yoki ishonchli boshqaruvga berilgan davlat ulushi mavjud bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, ishonchli boshqaruvchi tomonidan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

33. Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi axborot bazasida quyidagilar haqidagi ma’lumotlarni aks ettirish:

  • ovchilik xo‘jaliklari;
  • ov qilish taqiqlangan joylar;
  • yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ajratilgan kvota;
  • ovchilik xo‘jaligiga va insonning xo‘jalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi deb e’tirof etilgan yovvoyi hayvonlar;
  • muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi;
  • yovvoyi hayvonlarning ayrim turlariga nisbatan ov qilish uchun taqiq belgilanganligi;
  • muayyan jinsdagi va yoshdagi yovvoyi hayvonlarga nisbatan ov qilish uchun taqiq belgilanganligi;
  • ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi tuzilgan barcha shartnomalar, ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqi tugatilgan holatlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
  • yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma berilgan barcha shaxslar va ruxsatnomadagi ma’lumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
  • O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir berilgan barcha ruxsatnomalar va ulardagi ma’lumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
  • O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining o‘rmon-ovchilik xo‘jaliklari tomonidan berilgan ovchilik yo‘llanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) hamda undirilgan haq miqdorlari.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing