Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimi: kecha va bugun
Jamiyat
−
21 may 2021
6617Yangi tizimga ilk qadam
Davlat xizmatlari har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Misol uchun, har kuni fuqarolar bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olish, uni bolalar bog‘chasiga, keyinchalik esa keyin maktabga joylashtirish, turli xil ma’lumotlar, biznes ochish va uni rivojlantirish uchun turli litsenziyalar olish zaruriyatiga duch kelmoqdalar.
Bugungi kunda ushbu jarayonlarni bitta joyda — Davlat xizmatlari markazida amalga oshirish mumkin.
Bularning barchasi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2017 yil 12 dekabrda davlat xizmatlari milliy tizimini isloh qilish bo‘yicha tub qadam tashlangan paytdan boshlandi. Shu zahotiyoq yangi davlat tuzilmasi yaratilib, unga byurokratiyani oldini olish, shuningdek, fuqarolarning davlat organlariga ishonchi va umidini oqlashdek yuksak vazifalar yuklatildi.
Bildirilgan ishonchning samarasi
3 yildan ortiq vaqtdan buyon Davlat xizmatlari markazlari xalqimiz tezkorlik, qulaylik va sifat tamoyillariga asoslangan eng zarur davlat xizmatlarini olishi mumkin bo‘lgan yagona joyga aylanib ulgurdi.
Bugun mamlakatimizning har bir tuman yoki shaharida bittadan jami 205 ta Davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritmoqda. Aholi fikrini o‘rganish amaliyoti doimiy ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning istaklariga ko‘ra ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni ortib bormoqda.
Masalan, 2018 yilgacha bo‘lgan davrda Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat tadbirkorlik sub’ektlariga 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu xizmatlar soni 157 taga yetdi.
2017 yilda tadbirkorlarga 120 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugun jismoniy va yuridik shaxslarnnig davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha 28 milliondan ortiq murojaatlari qabul qilindi. Ya’ni, 219 barobarga ko‘paydi.
Bugungi kunda davlat xizmatlari sohasiga oid 110 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilib, 70 dan ortiq xizmatlar to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini 167 dan 79 ga, xizmat ko‘rsatilishi uchun talab etiladigan muddatni esa 2 barobardan ko‘proq — jami 499 kunlik muddat 271 kunga qisqarishiga imkon berdi.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida davlat rahbarining tegishli Farmoni bilan davlat hokimiyati organlari tomonidan aholidan 17 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda.
Bu bilan fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishda sarflaydigan ortiqcha mablag‘lari tejalishiga erishilib, ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Sarflangan mehnat e’tiborsiz qolmaydi
Davlat xizmatlari ko‘rsatishda ilk bor umumrespublika bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning eksterritorial tamoyili hamda tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda bank hisobraqamlarini ochish mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, muhr va shtamplardan foydalanish majburiyati bekor qilindi.
Natijada Jahon bankining e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2020” reytingining Davlat xizmatlari agentligi mas’ul bo‘lgan “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” indikatorida O‘zbekiston Respublikasi 190 ta davlatlar ichida 8-o‘rinni egalladi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi bor top-10 talikka kirdi.
Davlat xizmatlari har bir xonadonda
Davlat xizmatlari agentligi har bir odam, yashash joyidan qat’iy nazar, sifatli davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun imkon yaratishga alohida e’tibor qaratadi.
Xususan, davlat idoralari ichidan birinchilardan bo‘lib, Agentlik tomonidan “mobil”, ya’ni sayyor davlat xizmatlari tushunchasi xalq orasida tanitildi.
Dam olish kunlari DXM xodimlari maxsus texnika bilan jihozlangan transport orqali borish qiyin bo‘lgan chekka va tog‘li hududda yashovchi aholi uchun sayyor xizmatlarni ko‘rsatadi. Shu kungacha maqbul, qulay va shaffof uslublardan foydalangan holda respublika bo‘yicha 645 mingdan ortiq sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.
Tuman markazidan uzoqda (100-300 km) joylashgan hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazining 116 ta filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ular orqali ko‘rsatilgan xizmatlar soni qariyb 100 mingdan oshdi.
FHDYO sohasida “hujjatlar harakatlanmoqda”
Barchaga ma’lum, DXMlarning asosiy vazifalari qatorida fuqarolarning davlat idoralari vakillari bilan aloqasini imkon darajada kamaytirish. Bularni amalga oshirishning asosiy mezoni esa — davlat idoralarining arxiv hujjatlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlarning elektron tizimlarini yaratishdan iborat.
Boshqa idoralarga o‘rnak bo‘lgan holda, DXA raqamlashtirish ishlarini FHDYO organlaridan boshladi. Buning uchun maxsus raqamlashtirish uskunalari ishga solinib, bugungi kunda nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risidagi FHDYO arxivlarida saqlanayotgan qog‘oz shaklidagi 60 mln. arxiv ma’lumotlar raqamlashtirildi. Natijada, farzand tug‘ilganligini rasmiylashtirish uchun FHDYO organlarida kompozit xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, tug‘ilishni qayd etish, bolani poliklinikada ro‘yxatga qo‘yish, turar joyi bo‘yicha hisobga olish, bir martalik nafaqa pulini tayinlash hamda davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish xizmatlari bir vaqtning o‘zida amalga oshirilmoqda. Kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatilishining yo‘lga qo‘yilishi bilan talab qilinadigan 15 dan ortiq hujjat qisqarib, 4 ta idoraga borishga chek qo‘yildi.
Xizmat sifati doimiy nazoratda
Davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli organlar ma’lumotlar bazalari yaratilib, davlat xizmatlarini ko‘rsatish platformasining ishga tushirilishi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddatlariga rioya etilishi ahvolini monitoring qilish imkonini yaratdi.
E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzishda ifodalanadigan harakatlar uchun javobgarlik belgilandi. Davlat xizmatlari agentligi direktori va uning o‘rinbosari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan bevosita ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llash vakolati berildi.
“Qarshi tajribasi”
“Qarshi tajribasi” asosida elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini mahallalarda, shuningdek yoshlarda to‘liq tushuncha hosil bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
Davlat xizmatlari markazlarida internetga ulangan kompyuterlar yordamida markazlarga tashrif buyurgan fuqarolarga, ularning xohishiga ko‘ra, elektron xizmatlardan foydalanish tartibi tushuntirilmoqda. Elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha joylarda mahalla fuqarolari yig‘inlari hamda ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari, talabalar, o‘quvchilar uchun “DXM —Mahalla — Fuqaro” tamoyili asosida darslar yo‘lga qo‘yildi. Maqsad - davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish ko‘lamini kengaytirish.
Albatta sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Davlat xizmatlari agentligi tartib-taomillarni soddalashtirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.
Ishonch telefoni: 1148
elektron pochta manzili: info@davxizmat.uz
Batafsil ma’lumot uchun saytimizga tashrif buyuring.
Facebook’da do‘stlaringiz bilan bo‘lishing.
Instagram’da yangiliklardan boxabar bo‘ling.
Telegram kanalimizga a’zo bo‘ling.
Davlat xizmatlari agentligi
LiveBarchasi