Davlat xizmatlari agentligi Adliya vazirligiga qo‘shib yuborildi
Jamiyat
−
17 mart 2022
5834Adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, buning natijasida boshqaruv xodimlari soni 110 taga, ya’ni 2,2 foizga (birgina markaziy apparat 10 foizga ya’ni 356 tadan 320 taga) qisqartirildi. Vazirlik tizimidagi bir-birini takrorlovchi vazifalar ham 35 tadan 23 taga (34 foizga) va funksiyalar esa 388 tadan 215 taga (46 foizga) qisqardi. Hududlardagi Davlat xizmatlari boshqarmalari hamda Intellektual mulk markazlari hududiy adliya boshqarmalari tarkibiga o‘tkazildi.
Shuningdek, tumandagi davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman adliya bo‘limlari bilan birlashtirilib, bitta binoda faoliyat yurituvchi yagona Adliya bo‘limlariga aylantiriladi, uning tarkibida intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha alohida mas’ullar faoliyat yuritadi.
Farmon bilan Adliya vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan davlat xizmatlarini, jumladan ko‘chmas mulk hamda manzilga ro‘yxatga qo‘yish, nogironlik va turli kasalliklarga oid nafaqalar tayinlashni kompozit tarzda, ya’ni bir vaqtda ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 1990-2016 yillar oralig‘ida qabul qilingan Hukumat qarorlari xatlovdan o‘tkazilib, fuqarolarga va tadbirkorlarga yengillik yaratish nuqtai-nazaridan qayta ko‘rib chiqiladi.
Farmonga ko‘ra, “ye-shartnoma” tizimi yagona elektron portali yaratiladi. Tizim orqali tadbirkorlar onlayn ravishda turli shartnoma namunalarini bepul olishi mumkin bo‘ladi.
Xalq deputatlari kengashlarining hududlardagi islohotlar ustidan nazoratini kuchaytirish maqsadida deputatlik nazoratining yangi shakli – “kengash so‘rovi” joriy etiladi. 2023 yildan mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazada jamlash tartibi joriy qilinadi.
LiveBarchasi