Davlat xizmatchisi sovg‘a olishi mumkin emas – Akmal Burxonov
Jamiyat
−
12 dekabr 2022 7185 2 daqiqa
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov davlat xizmatchilari 1,5 mln so‘mgacha sovg‘a olishi mumkinligi haqida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bo‘yicha tushuntirish berdi.
Uning aytishicha, davlat xizmatchisi sovg‘a olishi mumkin emas va bu pora hisoblanadi.
“O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, ayniqsa, oxirgi qabul qilingan va 10 noyabrdan kuchga kirgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat xizmatchisi sovg‘a olishi mumkin emas. Bu bir so‘mlik bo‘ladimi yoki bir million so‘mlik sovg‘a bo‘ladimi – farqi yo‘q. Bu taqiqlangan!”, deydi Burxonov.
Shuningdek, u agentlik tomonidan ishlab chiqilgan “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga quyidagicha tushuntirish berdi.
“Faqat rasmiy tadbirlar va xorijiy safarlarga borganda beriladigan sovg‘aga istisno berilgan. Biz shu sovg‘a olish-berish tartibinining nizomi loyihasini ishlab chiqdik va e’lon qildik. Afsuski, bu jamoatchilikda, ayniqsa, OAVda boshqacha talqin qilindi. Endi davlat xizmatchisi 1,5 mlnlik sovg‘a ololarkan, degan xulosa paydo bo‘ldi. Yo‘q, unday emas. Masalan, biror rasmiy tadbirda xorijiy mehmonlarimiz bizga qandaydir sovg‘a berishsa, biz uni olishning tartibi qandayligini, masalan, hammaning oldida berilishi, rasmga olinishi kerakligini tartibga soldik. Agar o‘sha xalqaro hamkorimizning bergan sovg‘asi 1,5 milliondan qimmat bo‘lsa, qo‘shimchasini o‘sha davlat xizmatchisi to‘lashi kerakligini anglatadi”, deya qo‘shimcha qildi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori.
Bundan tashqari, Burxonov bu qonun loyihasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida 30 ta davlatning tajribasini hamda O‘zbekistondagi oylik maoshlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilganini ta’kidladi.
Live
Barchasi