Davlat qarzini nimalarga sarflash qonun bilan belgilanmoqda

Jamiyat

image

Davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi kerak. Shuningdek, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida keltirilgan. 

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari belgilanadi.

Xususan, davlat qarzini boshqarishda parlament rolini oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga davlat qarzining cheklangan hajmini belgilash, davlat qarzini boshqarish strategiyasi ijrosini ko‘rib chiqish hamda jalb qilingan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish vakolatlari berilishi mumkin.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan davlat qarzini boshqarish tizimining yaxlitligini ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish, shu jumladan davlat qarzini jalb qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 3 yil muddatga davlat qarzini boshqarish strategiyasi tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda. 

Ushbu hujjatda davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qoidalar ham aks ettirilmoqda. Bunda Moliya, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklariga, Oliy Majlis palatalariga ma’lumot kiritish hamda vazirlik va idoralarga davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni OAVda yoritib borish, rasmiy veb-saytlarda chop etish majburiyati yuklanmoqda. Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida xususiy sherikka beriladigan kafolatlar bo‘yicha cheklovlar o‘rnatish amaliyoti joriy etilishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi qabul qilinsa, davlat qarzini boshqarish jarayoni fragmentatsiyalashuvining oldi olinadi, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

19

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing