Darvozalar ochilsin, ehtirom ko‘rsatilsin! ODKB kelmoqda

Tahlil

image

Joriy yil boshidan buyon Qozog‘istonning bir necha viloyat markazlari va yirik shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Qisqa vaqt ichida namoyishlar jiddiy tus oldi. Bu voqealar butun dunyoda rezonans uyg‘otdi. Qo‘rqib ketgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB – KXSHT)dan yordam so‘radi. Bunga javoban tashkilot Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarni kiritdi. Xo‘sh, Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti qanday tashkilot, uning vazifasi nimalardan iborat? 

KXSHTning tashkil etilishi

Kollektiv Xavfsizlik to‘g‘risidagi Shartnoma (KXSH) “Toshkent pakti yoki Toshkent shartnomasi” – a’zo davlatlar joylashgan mintaqalarda tinchlik va barqarorlikni, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ushbu davlatlar mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini kollektivlik asosida himoya qilish shiori bilan SSSR parchalangach, asosan Rossiyaning tashabbuskorligida 1992 yil 15 may kuni tuzilgan xalqaro mintaqaviy harbiy-siyosiy tashkilot. Tashkilotning oliy organi Kollektiv xavfsizlik kengashi sanalib, ushbu kengash tashkilotning Bosh kotibini tayinlaydi.

Bu tashkilotga dastlab O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Rossiya qo‘shilgan. 1993 yilda Ozarbayjon, Gruziya va Belarus tashkilotga a’zo bo‘lgan.

Kollektiv Xavfsizlik tashkiloti shartnomasi 1994 yil 20 apreldan boshlab kuchga kirdi. Imzolangan shartnoma besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uni uzaytirish ham mumkin edi. 1999 yilda Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi va KXSHT a’zoligidan chiqdi. Biroq oradan yana 7 yil o‘tib, 2007 yil o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi oldidan 2006 yil Toshkent tashkilotga qayta qo‘shildi. 

Tashkilotning maqsad va vazifalari

Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi nizomiga ko‘ra xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik hamda osoyishtalikni, unga a’zo bo‘lgan davlatlarning mustaqilligini, hududiy daxlsizligi hamda suverenitetini himoya qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, KXSHT yagona harbiy-siyosiy ittifoq sifatida hech qachon harbiy amaliyotlarda qatnashmagan.

Shartnomaga a’zo biror-bir davlat boshqa a’zo davlatga qarshi qaratilgan harbiy ittifoqlar yoki davlatlar turkumiga a’zo bo‘lmaydi yoxud bunday mazmundagi biron-bir tadbirda ishtirok etmaslik majburiyatini olgan.

KXSHTga a’zo davlatlar o‘z manfaatlariga daxl qilayotgan xalqaro xavfsizlikka doir barcha masalalar bo‘yicha konsultatsiyalar olib borib, o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtiradi. Shartnomaga a’zo bitta yoki bir nechta davlat xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga yoxud xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solingan hollarda, tomonlar darhol o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va yuzaga kelgan tahdidni bartaraf etish maqsadida birgalikdagi konsultatsiyalar “mexanizmi”ni ishga solishadi.

Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar Kollektiv xavfsizlik kengashini tuzishadi. Ushbu Kengash Shartnomaga a’zo davlatlar rahbarlaridan tashkil topadi.

Agar tashkilotga a’zo birorta davlatga biror-bir boshqa davlat tomonidan tajovuz qilinsa, bunday harakat Shartnomaga a’zo barcha davlatlarga qarshi uyushtirilgan tajovuz sifatida qabul qilinadi. Shartnomaga a’zo davlatlarning birortasiga tajovuz uyushtirilgan holda barcha boshqa a’zo davlatlar ushbu davlatga zaruriy yordam, shu jumladan, harbiy yordam ham ko‘rsatadi.

2005 yildan boshlab mehribon Rossiya o‘zining harbiy ta’lim muassasalarida KXSHT mamlakatlari uchun bepul kadrlar tayyorlashni boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda Rossiya Federatsiyasida Qozog‘iston, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan 2,5 mingga yaqin harbiy xizmatchi tahsil olgan. 


NATO va KXSHT qarama qarshiligi

Gruziya davlat boshqaruviga Mixail Saakashvili kelgach, Rossiya bilan munosabatlar sovuqlashib ketdi. Gruziya asosan AQSH va Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga harakat qildi. O‘sha vaqtda Gruziya bugungi Ukraina kabi NATOga a’zo bo‘lish uchun harakat qilayotgan edi. Shu vaqtda KXSHT va Shimoliy Alyans o‘rtasida zimdan kurash boshlandi. 2008 yilda Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti NATOga shunday ogohlantirish berdi:

“Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mas’uliyat zonasi yaqinida jiddiy mojarolar potensiali to‘planib bormoqda. KXSHT a’zolari NATO mamlakatlarini Alyansning Sharqqa kengayishi va KXSHTga a’zo davlatlar chegaralari yaqinida yangi raketaga qarshi mudofaa inshootlarini joylashtirishning barcha mumkin bo‘lgan oqibatlarini o‘ylab ko‘rishga chaqiradi”.

2008 yil 5 sentyabr kuni Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib, maxsus deklaratsiya qabul qilindi. Deklaratsiyaga ko‘ra, KXSHTga a’zo davlat rahbarlari Janubiy Osetiya va Abxaziya uchun barqaror xavfsizlikni ta’minlashga chaqirildi.

Qirg‘iziston mojarosi

2009 yil 4 fevral kuni Moskvada Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda a’zo davlat rahbarlari qatnashib, Kollektiv Tezkor Harakat Kuchlarini (KSOR) yaratishni kelishib oldi. Imzolangan hujjatga ko‘ra, KSOR harbiy tajovuzni qaytarish, xalqaro terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus operatsiyalarni o‘tkazishi belgilangandi. 

2010 yilning yozida Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zbek-qirg‘iz mojarosi ortidan Qirg‘izistonda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Mamlakat Prezidenti Roza Otunboyeva Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedevdan yordam so‘radi. Bunga javoban Qirg‘izistonga KSOR bo‘linmalari kiritildi. Fuqarolar urushi tezda tashqi kuchlar yordami bilan bostirilgan.

2012 yilda O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqib ketdi.

2020 yilning sentyabr oyida Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida harbiy harakatlar boshlandi. Armaniston Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo edi. Qorabog‘ urushida Armaniston mag‘lub bo‘la boshlagach, Bosh vazir Nikol Pashinyan KXSHTdan yordam so‘radi. Biroq bu chaqiriq javobsiz qoldirildi.

KXSHT kuchlarining Qozog‘istonga kirishi

Joriy yil boshida Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gaz narxining oshishi ortida norozilik namoyishlari boshlandi. Bu namoyishlar daqiqa sayin jiddiy tus oldi. Asqar Mamin boshchiligidagi Hukumat iste’fo berdi. Noroziliklar ortidan mamlakatni 30 yil boshqargan, otdan tushsa ham egardan tushmay kelayotgan Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashidagi faoliyatini tugatdi. Uning o‘rniga XK boshqaruvini To‘qayev o‘z gardaniga oldi. Hozir esa Nazarboyevning o‘zi ham, oila ham qayerdaligi, nima bilan mashg‘ulligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan gaplarga qaraganda, Nazarboyevning oila a’zolari mamlakatni tark etishni boshlagan. Blogerlarning fikricha oilaga tegishli samolyotlar ichida sobiq Prezidentning o‘zi ham bo‘lishi mumkin.

Xullas 5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘istondagi vaziyat tahlil qilindi. Uchrashuv davomida Qozog‘iston Prezidenti Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlat rahbarlaridan yordam so‘rashdan boshqa chorasi qolmaganini aytdi.


Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning murojaati KXSHT tomonidan “mamnuniyat” bilan qabul qilindi va unga hozirjavoblik bilan munosabatda bo‘lindi. Oqibatda Qozog‘iston Respublikasining milliy xavfsizligi va suverenitetiga, xususan, tashqi aralashuv natijasida yuzaga kelgan tahdidni hisobga olib, KXSHT Kollektivi Xavfsizlik Kengashi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining 4-moddasiga muvofiq, ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadida KXSHTning Kollektiv tinchlikparvar kuchlarini cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborishga qaror qilindi.

Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga yuborilishi ortidan voqealarni diqqat bilan kuzatib kelayotgan ekspertlar “oyoqqa turdi”. Xususan, rossiyalik siyosatchi Leonid Gozman o‘z blokida shunday dedi:

“Chet el qo‘shinlarini o‘z xalqiga qarshi kurashga taklif qilish, nazarimda, Vatanga xiyonatdir. Men o‘zimiz haqimizda gapiraman. Qozog‘istondagi norozilik namoyishlarini bostirishda vatandoshlarimizning ishtiroki biz uchun qanday oqibatlarga olib keladi? 

Birinchidan, Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari Rossiyaga hech qanday xavf tug‘dirmaydi, balki hozirgi hukmdorlarimiz uchun tahdid solishi mumkin. 

Ikkinchidan, Bizning askarlarimiz u yerda bosqinchi sifatida ko‘riladi, demak ular o‘sha yerda halok bo‘lishi mumkin, chunki qozog‘istonliklar qarshilik ko‘rsatadi. 

Uchinchidan, Qozog‘iston harbiylarining bir qismi qarshilik ko‘rsatish tarafiga o‘tib ketadi. 

To‘rtinchidan. Bizning askarlar, hatto, javob o‘qlari uzib bo‘lsa-da, odamlarni o‘ldiradi. 

Beshinchidan. Qozog‘istonda bo‘layotgan voqealardan cho‘chigan rahbariyatimiz ichki siyosatni qattiqlashtiradi”.

Markaziy Yevrosiyo Tadqiqotlar Jamiyati asoschisi Jen Murtazashvili o‘z “Twitter” sahifasida Qozog‘istondagi vaziyat yuzasidan shunday fikr bildirdi:

“Qozog‘istonning tabiiy resurslari hamda iqtisodiy islohotlarni qabul qilishi unga mintaqadagi kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lish imkonini berdi. Mamlakatning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini yordamga chorlashi mintaqa lideri sifatidagi qudratiga putur yetkazadi. O‘zbekistonda tashkilotdan tashqari mamlakat sifatida liderlik rolini egallash imkoni mavjud”.

Bugun erta tongda, ijtimoiy tarmoqlarda Xavfsizlik kuchlarining Olmaota markazida qurolli harakatlari tasvirga olingan videolar tarqaldi. Ular namoyishlarni qattiqqo‘llik bilan bostirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Qozog‘iston o‘z vaqtida kerakli choralarni ko‘rganida bugungidek bosqinchilarning har aytganiga bosh egishiga va boshqa mamlakat harbiylarining qozoq zaminida o‘t ochishiga ehtiyoj qolmas edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1290

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing