Daromadni legallashtirishga qarshi yangi chora-tadbirlar joriy qilinadi
Jamiyat
−
09 yanvar 2021
5105O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjatda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish holatlarini o‘z vaqtida oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida quyidagi nizomlarni tasdiqlash taklif etilmoqda:
- Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida maxsus vakolatli davlat organini boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatini shakllantirish, pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni to‘xtatib turish va (yoki) ishga solmay to‘xtatib qo‘yish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berish va tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etish va so‘rovlarni yuborish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Hujjatda taklif etilgan normalarga muvofiq olingan axborotlardan faqat jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish holatlariga qarshi kurashish maqsadida foydalaniladi. Axborotlar maxfiy hisoblanadi.
Maxsus vakolatli davlat organi bilan axborotlar almashish asoslantirilgan hamda so‘ralayotgan axborotdan foydalanishning aniq maqsadi ko‘rsatilgan so‘rov asosida yozma yoki elektron hujjat shaklida amalga oshiriladi.
Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan so‘rovni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha so‘ralayotgan axborotni taqdim etish yoki rad etish yoxud moliyaviy tahlilni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan so‘rovni qabul qilgandan so‘ng 10 ish kuni mobaynida axborotni mavjud ma’lumotlar bazalari asosida shakllantirgan holda so‘rov yuborgan huquqni muhofaza qiluvchi va (yoki) tergov organlariga yuboriladi.
Monitoring va nazorat tashkilotning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan amalga oshiriladi. Ularning asosiy maqsadi tashkilotlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi.
Qayd etilishicha, maxsus tayinlangan vakolatli davlat organining tavsiyasiga asosan tekshiruv boshqa vakolatli organ tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Tekshiruvni o‘tkazish muddati 30 kundan oshmasligi lozim.
Ma’lum qilinishicha, naqd pul yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiradigan tashkilotlar tomonidan operatsiya ishtirokchilarini terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha ishlar ahvoli tekshiriladi. Loyihada ushbu ro‘yxatga kiritish uchun asoslar, shuningdek ro‘yxatga kiritilgan shaxslarning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarini to‘xtatib turish tartibi ham taklif etilmoqda.
LiveBarchasi