Dam olish kunlari O‘zbekistonda 42 darajagacha issiq bo‘ladi
Bu qiziq
−
28 may 2021
6157Bugun, 28 may kuni O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan juda iliq havo kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati 34-37 daraja atrofida bo‘ladi.
Dam olish kunlari iliq havo kirib kelishi kuchayadi, juda issiq ob-havo O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati 36-39 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 40-42 darajagacha ko‘tariladi. Respublika bo‘yicha asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda kunning ikkinchi yarmida konvektiv bulutlilik rivojlanishi bilan ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
O‘tgan yil may oyining oxirida shunga o‘xshash vaziyat kuzatilgan. Ushbu davrda respublikaning shimolida va cho‘l hududlarida havo harorati may oyining oxiri uchun me’yoriy qiymatlardan 9-12 darajaga ko‘p bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida eng issiq kunlarda (26-28 may) havo 41-43 darajagacha, Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida ba’zi joylarda 40-45 darajagacha isidi. 26-27 mayda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyati cho‘l hududi bo‘yicha ba’zi joylarda meteokuzatuvlarning barcha qatorlari uchun may oyi haroratining yangi rekordlari o‘rnatildi.
Respublikaning qolgan hududlarida uncha issiq bo‘lmadi. Ushbu kunlarda havo harorati shu yilda kutilayotgan 36-39 daraja qiymatlarga yaqin bo‘ldi.