Devid Bekxem Instagram’dagi sahifasini ukrainalik shifokorga topshirdi

Sport

image

Kecha, 21 mart kuni angliyalik sobiq futbolchi Devid Bekxem Instagram’dagi akkauntiga kirish huquqini ukrainalik shifokorga topshirdi. Kun bo‘yi Bekxemning profilini bolalar anestezisti va Xarkovdagi mintaqaviy perinatal markaz (tug‘uruqxona) rahbari Irina Kondratova boshqardi.

Shifokor britaniyalik futbolchining 71 million obunachilariga ushbu qiyin davrda Xarkovdagi mintaqaviy perinatal markaz qanday ishlayotganini ko‘rsatdi. Irina tug‘uruqxonaning hozirgi ishi, homilador va ko‘zi yorigan ayollar yerto‘lada qanday yashiringani haqida bir nechta hikoyalarni Bekxemning akkauntiga joylashtirdi.

Shu tariqa Bekxem jahon hamjamiyatining e’tiborini sodir bo‘layotgan voqealarga [urushning oqibatlariga] qaratmoqchi bo‘ldi va hammani BMT Bolalar jamg‘armasiga (UNICEF) xayriya qilishga chaqirdi.

Shuningdek, Bekxem o‘z obunachilaridan Irina va boshqa shifokorlarning inson hayotini saqlab qolish uchun qilayotgan ishlarini akkauntidagi hikoyalar orqali ko‘rishga undadi.

“Irina va unga o‘xshagan boshqa shifokorlar Ukrainada inson hayotni saqlab qolish uchun qilayotgan ajoyib ishlari haqida ko‘proq bilish uchun mening akkauntimdagi hikoyalarni ko‘ring. Iltimos, UNICEF’ga qo‘lingizdan kelgan har qanday yordam ko‘rsating”, deya sobiq futbolchi obunachilariga murojaat qilgan.

 

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

210

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing