COVID soyasida qolgan OITS: BMT dunyo uchun xavotirli ogohlantirish bilan chiqdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi (UNAIDS) yaqin 10 yil ichida OITS taxminan 7,7 million odamning yostig‘ini quritishi haqida xavotirli ogohlantirishni e’lon qildi. Agar davlatlar tengsizlik muammosini hal qilmasa, bu sodir bo‘ladi. Bundan tashqari, yaqin kelajakda COVID-19 dunyodagi vaziyatga ta’sir qilishda davom etadi va insoniyat esa hali ham kelajakdagi pandemiyalarga tayyor emasligini ko‘rsatmoqda.

UNAIDS Ijrochi direktori Vinni Byanima shuni ta’kidlashicha, bu shoshilinch harakatga chaqiriq bo‘lishi kerak. OITS pandemiyasiga qarshi kurashda oldinga siljish bor, lekin davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi OIV profilaktikasi va davolash xizmatlarini, maktabda ta’limni, zo‘ravonlikning oldini olish dasturlari va boshqalarni to‘xtatib qo‘ymoqda.

Odamlarning OITSdan halok bo‘lishi haqidagi ogohlantirish UNAIDS’ning “Teng bo‘lmagan, tayyorlanmagan, himoyalanmagan: nima uchun OITSga barham berish, COVID-19 ni to‘xtatish va kelajakdagi pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun tengsizlikka qarshi qat’iy harakat qilish zarur?” nomli yangi hisobotida aytib o‘tilgan. Hujjat 1 dekabrda nishonlanadigan Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni arafasida e’lon qilingan.

Hisobot mualliflarining qayd etishicha, so‘nggi yillarda bir qancha mamlakatlar OITSga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishgan. Biroq, global miqyosda OIV infeksiyasiga chalinish holatlari tezlik bilan ko‘paymoqda: 2020 yilda 1,5 million odamda OIV infeksiyasi qayd etilgan. Mutaxassislarning fikricha, infeksiyalar asosan tengsizlik hukm surgan joylarda sodir bo‘lyapti. Afrikaning Sahroi Kabiridan janubdagi davlatlarda har yetti nafar o‘smir qizning olti nafarida OIV infeksiyasi uchraydi. Fohishalik bilan shug‘lullanadigan va giyohvand moddalarni iste’mol qiladigan odamlarda OIV bilan kasallanish xavfi boshqalarga qaraganda 25-35 baravar yuqori hisoblanadi.

Qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasi ko‘p joylarda OITSga qarshi kurashga putur yetkazmoqda. OIV testini o‘tkazish yetarli darajada kamaydi. Ko‘pgina mamlakatlarda OIV profilaktikasi xizmatlari qisqartirildi - 2020 yilda ko‘rsatilgan 130 mamlakatning 65 foizida giyohvand moddalarni iste’mol qiladigan odamlar uchun zararni kamaytirish xizmatlari to‘xtatildi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan murojaatida “2030-yilgacha epidemiyaga barham berish hali ham mumkin. Ammo bu ko‘proq harakat va ko‘proq birdamlikni talab qiladi. Bizga OITSni yengish va ertangi pandemiyaga chidamlilikni oshirish uchun birgalikda harakat qilish kerak” deydi.

UNAIDS’ning yangi hisobotida OITS bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining Oliy darajadagi yig‘ilishida davlatlar tomonidan kelishilgan harakatlar rejasini amalga oshirish muhimligi eslatilgan. Ushbu reja, boshqalar qatorida, dori vositalari, vaksinalar va tibbiy texnologiyalardan teng foydalanishni ta’minlash zarurligini nazarda tutadi.

UNAIDS va butunjahon sog‘liqni saqlash ekspertlari agarda harakatlar ko‘chaytirilmasa, millionlab  odamlar halok bo‘lishi va dunyo o‘nlab yillar davom etgan pandemiya tuzog‘ida qolishini ta’kidlamoqda.

Bu yil OITS bilan kasallanishning birinchi holati qayd etilganiga 40 yil to‘ldi. Bu davr maboynida davolanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ulkan yutuqlarga erishildi. 2021 yilning iyuniga kelib, 28,2 million kishi OIV infeksiyasidan davolanish imkoniyatiga ega bo‘ldi, bu 2010 yildagi 7,8 milliondan ko‘p.

“OITSga qarshi kurash natijalarini kuzatish orqali biz qaysi chora-tadbirlar eng samarali ekanligini aniq ayta olamiz. Lekin biz hammamiz ulardan foydalana olishimiz kerak. Bizda yetakchilar joriy yilda qabul qilgan samarali strategiyamiz bor va uni to‘liq amalga oshirish kerak. OITSga barham berish uchun tengsizliklarni bartaraf etish – bu qat’iy siyosiy islohotlar va resurslarni talab qiladigan siyosiy tanlovdir. Biz yo‘lning ayrilish nuqtasiga keldik. Rahbarlar jiddiy harakat qilish yoki harakat qilgandek ko‘rsatish tanlovi oldida turibdi”, deydi Vinni Byanima.
 

Doston Iskandarov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

91

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing