Compass SKM qurilishi ortidagi muammolar: fuqaro haqmi, hokimmi yo investor?

Jamiyat

image

Katta shaharlarning muammolari ham katta bo‘ladi. Bugun Toshkentda yer muammosi eng dolzarb masalalardan bo‘lib turibdi. Aholi baland, osmono‘par binolar qurilishi evaziga yashab turgan uyini bo‘shatib, ko‘p qavatli uylarga yoki shaharning boshqa bir chetidan tortiq qilingan boshpanaga ko‘chishga majbur qolmoqda. Norozilar ko‘p, ammo eski, nurab qolgan uyidan qutulganiga shukr qilayotganlar ham yo‘q emas. 

Toshkentning Qo‘yliq dahasida bir yilcha avval barpo etilgan Compass savdo majmuasi qurilish ishlariga 2016 yilda start berilgan edi. O‘sha vaqtlarda o‘nlab uylar buzildi. Evaziga esa investor tomonidan uy egalariga shaharning boshqa hududlaridan uy berilgan. Kim ikkita, kim uchta... Hatto yashab turgan hovlisining buzilishi uchun 5-6 ta kvartira so‘raganlar va olganlar ham bor. Ammo, Compass qurilgan maydonda 12 ta xonadon bino tagida o‘raga tushgandek qolib ketgan. Investorlar vaqtida ularning uyini ham sotib olishni va’da qilgan. 

O‘sha vaqtlarda savdo majmuasi yonida Compass rahbariyatiga qarashli bo‘lgan qurilish mollari savdo majmuasi qurilishi rejalashtirilgan va atrofdagi mahallalar, xususan Nurafshon ko‘chasidagi aholining roziligi olingan. Uylar narxlovdan o‘tkazilgan. Bu orada hash-pash deguncha uch yil o‘tib ketgan. 

17 aprel kuni Bektemir tumanida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida o‘tgan sayyor qabulda kutilmagan holatga duch keldik. Ushbu yig‘ilishda fuqarolardan biri – Nurafshon ko‘chasida istiqomat qilib kelayotgan Natasha Safronova 3 yildan buyon uyi buzilmayotganidan shikoyat qildi. 

“Biz bu uyda 5 kishi yashaymiz. Onam, singillarim va o‘g‘lim. Compass qurilayotganda bizga sizning uylaringiz ham buziladi, ularni biz sotib olamiz, o‘rniga sizlarga uy beramiz deyishgandi. Biz o‘sha vaqtlarda rozi bo‘ldik. Mana, oradan 3 yil o‘tdi. O‘shandan buyon murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Na uyimizni ta’mir qila olamiz, na sotuvga qo‘ya olamiz. Uyimiz atrofida chayonlar bor. Bu yerda yashashni tasavvur qilyapsizmi. Bu uylar buziladi degan gaplar chiqqandan buyon xaridorlar nazaridan qolgan. Narx tushib ketgan. Biz bu masalada bir necha bor investorlarning vakillariga murojaat qildik. Ular esa talabimizni bajarmayapti, aksincha, aytganida turib olib, bizni rozi qilmayapti. Istasang shu, istamasang katta ko‘cha degandek, sariq chaqa bilan ovutmoqchi. Kamiga do‘q-po‘pisalar ham qilishadi”, deya Ortiqxo‘jayevga murojaat qildi. 

Jahongir Ortiqxo‘jayev bu masalani hal etishda Toshkent shahar prokuraturasi vakiliga yuzlanib, fuqarolarning huquqlarini ta’minlashda yordam ko‘rsatish kerakligini ta’kidladi va ushbu masala yuzasidan investorlarning vakiliga yuzlandi. 

“Bugun ham rahbariyatingiz bilan telefon orqali bog‘langan edim. Shaharning juda ko‘p nuqtalarida siz qurayotgan binolardan shikoyatlar bor. Odamlarni rozi qilmayotgan ekansiz. Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining qarorida odamlarni rozi qilib, o‘rniga o‘rin uy olib berib, so‘ng qurilish qilish kerak deb yozib qo‘yilgan. Buni buzishga esa haqqingiz yo‘q”, dedi Ortiqxo‘jayev. 

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Compass vakili Ortiqxo‘jayev va fuqaro Natasha Safronovaga yuzlandi. 

“Biz barchasining qonuniy bo‘lishi tarafdorimiz. Albatta, yer kerak, qurilish qilmoqchimiz. Lekin fuqaroning talabini qondirolmaymiz. Safronova 2,5 sotix maydonni egallab turgan 3 xonalik eski uyi uchun 3 ta 2 xonalik kvartira talab qilyapti. Biz esa unga bitta uch xonalik yoki bitta 2 xonalik, bitta 1 xonalik kvartira olib berishni taklif qildik. U rozi bo‘lmadi. Shu bois bu masala anchadan buyon yechimini topmayapti. Muammo faqat Safronova bilan emas, mahalladagi ikki-uch kishi bilan shunday vaziyatga duch kelingan”, deydi Compass vakili. 

Ortiqxo‘jayev vaziyatga ham tadbirkor va fuqaroning tarafidan qarab, uchrashuvda jurnalistlar bo‘lsa, mana shu masala OAVda yoritilishini iltimos qildi. “2,5 sotix maydonni egallab turgan 3 xonalik eski uy uchun 3 ta 2 xonalik kvartira olib berilmaydi. Bu aniq! Men bunda fuqaromizning talabini to‘g‘ri, deb baholamayman. Uning uyini hech kim buzayotgani yo‘q. Istasa, yashayversin, lekin yashashni ham istamayapti. Men investorga boshqa taklif kiritaman. Marhamat, agar sizga bu yer kerak bo‘lsa, Safronovani ham rozi qiling. Shaharning boshqa tumanida 4 sotixlik, 5 xonadan iborat yangi uy olib bering, ta’mirlab, Safronovani o‘sha uyga joylashtiring. Ham xonalari, ham yeri kengayadi. Qolaversa, yangi ta’mirlangan uyda yashay boshlaydi”, dedi Ortiqxo‘jayev.

Compass vakili hokimning bu fikrini qo‘llab-quvvatladi. Bu borada hoziroq ishga kirishish mumkinligini aytdi. Biroq, fuqaro Safronova “men rozi emasman. Nimaga 2016 yilda uyi buzilgan qo‘shnilarim 6-7 ta uy olishdi, nega menga bermayapsiz, nega adolatsizlik qilyapsiz, axir men xastaman. Uy onamning nomida, yaxshisi bu masalani onamning yoniga borib, u bilan hal qiling”, deya zalni tark etdi. 

Bunday vaziyatda na hokimni, na investorni va na fuqaroni oqlash fikridan yiroqmiz. Albatta, musichaning ham ini buzilmasin degan gap bor xalqda. Lekin, uyi buzilishini investordan ham ko‘proq fuqaroning o‘zi xohlayapti va bu vaziyatdan unumli foydalanib qolib, nurab yotgan uyi evaziga 3 ta kvartirali bo‘lish niyatida. Boshqa tarafdan qarasa, uning ham gapida jon bor: Compass qurilganidan keyin ko‘chadagi 12 ta uyning taqdiri yarim yo‘lda qolib ketgan. Bu orada uylarning narxi tushgan. 

Vaziyatga baho berish qiyin. Yashab turgan uyiga qancha haq so‘rash har kimning o‘z xohishi. Biroq, bozor munosabatlarida talabga yarasha taklif qoidasi bor. Bunda muvozanat buzilsa, albatta, ish pishmaydi. Safronova esa na o‘sha uyda yashashni istayapti va na uni boshqa uyga almashtirishni. Har holda unga berilgan ikkinchi taklif – 4 sotixlik yangi hovli eski uyidan yaxshiroq tanlov bo‘lishi aniq. 

Aslida bu masalalarni qonun yo‘li bilan hal etish uchun yetarli asos bor. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida” nizom tasdiqlangan. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonida bunday masalalarni hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar aniq berilgan. Faqat masala qaror yoki rasmiy hujjatlarga emas, ikki tarafning vijdoniga, bunga bosh bo‘lib turgan hokimlik vakillarining insofiga qolyapti. 

Aslida mazkur qurilish loyihasini amalga oshirishda bosh-boshidan xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani aniq. Investor o‘ziga kerakli hududdagi uylarni sotib olgan, o‘rniga esa yangi bino qurgan. Atrofdagi uylar esa oy yuzidagi dog‘dek qolib ketavergan. Bu esa o‘z-o‘zidan binoning umimiy qiyofasiga ta’sir ko‘rsatadi. Va kun kelib, xohlasang ham, xohlamasang ham buzamiz, deyilishiga olib keladi. Aslida eng boshidan maqsad shu bo‘lgandir, balki. Bunisi bizga qorong‘u. 

Adolat masalasiga kelsak, u shu qadar nozik va hassoski, uni na hokim, na investor va na uy egasi tuta olyapti. Odamlar o‘ziga bir savolni berganda o‘sha adolatga yaqin boradi, bizningcha: uning o‘rnida bo‘lsam, men nima qilardim?
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

49

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing