Coca-cola’ning davlat ulushi sotilishi bo‘yicha izoh berildi
Jamiyat
−
12 yanvar 2021
6270O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 3-ilovasiga hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 iyuldagi farmoyishiga asosan, “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (keyingi o‘rinlarda - Kompaniya) ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirishdan oldin tayyorlash orqali sotish belgilangan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga ko‘ra, kompaniyadagi davlat ulushini sotishning xalqaro amaliyot qoidalariga muvofiq, shaffof tarzda tashkil etish maqsadida, “Rothschild & Co” investitsiya banki moliyaviy maslahatchi sifatida, “Dentons” yuridik firmasi yuridik maslahatchi sifatida tanlab olingan. Shuningdek, kompaniyaning moliyaviy va soliq masalalarini o‘rganish uchun “KPMG” xalqaro kompaniyasi jalb qilingan.
Ma’lum qilinishicha, kompaniyadagi davlat ulushini savdoga chiqarish uchun belgilangan talablar kompaniya faoliyatini tartibga soluvchi ta’sis hujjatlari va boshqa ichki me’yoriy hujjatlar talablarini, kompaniya faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olishni taqozo etgan. Shunga ko‘ra hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, kompaniyadagi davlat ulushini oshkora sotuv mexanizmi asosida savdoga chiqarish bo‘yicha Davlat tender komissiyasining 2020 yil 15 dekabrdagi 5-son qarori qabul qilingan.
Kompaniyadagi davlat ulushini oshkora sotuv mexanizmi orqali savdoga chiqarish bo‘yicha hujjatlar Qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqilgan.
Xabarga ko‘ra, bugungi kunda oshkora sotuv mexanizmining birinchi bosqichida kompaniyadagi davlat ulushini sotib olish bo‘yicha ko‘plab talabgorlardan takliflar kelib tushgan bo‘lib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakolati doirasida savdo jarayonlarini ochiq va shaffof o‘tkazilishi tarafdori ekanligini hamda bu jarayonlarda qonunchilik talablari asosida harakatlarni amalga oshirayotganini bildirgan.
LiveBarchasi