“Sizlarga ta’zim qilaman”. Prezident oilaviy bolalar uyi tashkil etganlar bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 21 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Qashqadaryoga safari chog‘ida oilaviy bolalar uyi tashkil qilgan mehribon insonlar — Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimova, Shokir Suyunov va Gulbahor Hamidova, Baxtiyor To‘rayev va Gulbahor Allanazarova oilalari bilan uchrashgan.

“Davlatimiz siyosatini amalga oshirib, bolalarning boshini silab, oilangiz bag‘riga olganingiz uchun sizlarga ta’zim qilib, rahmat aytaman. Siz o‘zligimizni, xalqimiz ma’naviyatini namoyon etib, namuna bo‘lyapsiz. Bu qiyin, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan. Siz tarix yaratyapsiz, o‘zingizga ma’naviy haykal qo‘yyapsiz. Xalqimiz bunday oliyjanob fazilatlarni yuksak qadrlaydi”, degan Mirziyoyev.

Shu bilan birga Prezident bolajonlarga ham murojaat qilib, dalda bergan.

“Hayot o‘nqir-cho‘nqir, sinovlardan iborat. Hozir sizlar uchun sinov. Lekin, men ishonaman, kelajakda tengdoshlaringga o‘rnak bo‘lasiz. Mehnat, mashaqqatsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Men ham bolaligimda qiyinchilik ko‘rib, katta bo‘lganman. Sizlar har doim davlatimizning e’tiborida bo‘lasiz: ta’lim-tarbiyangiz, o‘qishlarga kirishingizni nazoratga olamiz. Xudo xohlasa, kamolingizni ko‘rish hammamizga nasib etsin”, deya ta’kidlagan davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida jami 16 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 98 nafar o‘g‘il-qiz mehr og‘ushiga olingan. Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopilgan. U yerda tarbiyalanganlarning bir qismi yaqinlari bag‘riga qaytgan bo‘lsa, bir qismi oilaviy bolalar uylariga qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

150

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing