Chust hokimligining uchta avtomobili “shtrafnoy”ga tiqildi
Jamiyat
−
28 dekabr 2021
7553Namangan viloyati Chust tumani hokimligining uchta xizmat avtomobili to‘planib qolgan qarzdorlik sabab jarima maydonchasiga joylashtirildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Cobalt avtomobiliga (davlat raqam belgisi 50 066 DAV, avvalgi raqami — 50 234 NAA) qayd etish moslamada aniqlangan qoidabuzarliklari uchun 7 mln 626 ming so‘mlik 17 ta jarima tayinlangan.
Shuningdek, Nexia-3 rusumli avtomashina (50 068 DAV, sobiq raqami — 234 TAA) jami 5 mln 302 ming so‘mlik 15 ta jarimaga tortilgan. Mashina asosan tezlikni oshirgan. Bundan tashqari, svetoforning qizil chirog‘idan o‘tish holatlari ham qayd etilgan.
Trailblazer avtomobili (50 234 MBA) esa 7 mln 775 ming so‘mlik 10 ta jarimaga tortilgan. Barcha qoidabuzarliklar tezlikni oshirish bilan bog‘liq.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasi 3-qismiga ko‘ra qarzdorlik to‘la undirilgunga qadar avtomashinalar jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi yoki transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi natijasida BHMning 5 barobari miqdorida yoki 1 mln 350 ming miqdorida jarima belgilangan.
Shuningdek, transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi BHMning 5 barobari miqdorida yoki 540 ming miqdorida jarima belgilangan.
LiveBarchasi