Chusovitina Parij-2024 Olimpiadasida qatnashmoqchiligini e’lon qildi
Sport
−
09 may 2022
5574Sport gimnastikasining tayanib sakrash dasturida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan afsonaviy sportchi Oksana Chusovitina Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmoqchi. U Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishini ma’lum qilgan. Bu haqda Chusovitinaning so‘zlariga tayanib, Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bu haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rdim va Osiyo o‘yinlaridan so‘ng, Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorlanishga qaror qildim”, degan Oksana Chusovitina.
Oksana 2021 yil 25 iyul kuni Tokio Olimpiadasida ishtirok etganidan so‘ng, sportdagi faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan edi. Biroq 2021 yilning oktyabr oyi boshida, Oksana 2022 yili Xitoyda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishini ma’lum qilgandi.
46 yoshli gimnastikachi sportdagi faoliyatini qayta tiklagach, joriy yilning mart oyida Qatar poytaxti Doxada o‘tkazilgan Jahon kubogida oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016 va 2021 yillarda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. Bu natijasi orqali Chusovitina tarixda eng ko‘p Olimpiadada qatnashgan sportchi sifatida “Ginnesning rekordlari” kitobiga kiritilgan. Bundan tashqari, u 1992 yili jamoaviy bahsda Olimpiya chempioni, uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi