Cho‘chqa, parranda grippi, koronavirus... Dunyo qanday kasalliklarga mezbonlik qildi?

Olam

image

Dunyo yaralgandan buyon qanchadan-qancha urushlar, qirg‘inlar, og‘ir xastaliklar, viruslarga mezbonlik qilmadi deysiz. Dunyo aholisi Yangi yilni yana bir virus bilan qarshiladi. Chegara bilmas xastalik Xitoyda “tug‘ilib” kun sayin butun dunyoga quloch yoymoqda. Bir tarafdan qarasak, peshonamizda borini ko‘ramiz deymiz. Boshqa tarafdan esa, jon shirin. Aslida biz qancha-qancha xastaliklarni boshdan kechirdik. Hali parranda grippi, hali cho‘chqa grippi... Sanasangiz adog‘i yo‘qdek. Quyida XXI asrda dunyoga xavf tug‘dirgan viruslarni yodga olamiz. 

Parranda grippi. Bu virus asrimiz boshida aniqlangan dunyo hamjamiyati uchun eng xavfli dastlabki kasallik hisoblanadi. Gripp dastlab Italiyaning Turin shahridagi fermer xo‘jaligida aniqlangan. 

Keyinchalik butun Yevropa bo‘ylab tarqalgan bu virus bilan 337 nafar odam zararlangan, ularning 227 nafari virus sabab vafot etgan.

Virusning ba’zi shtammlari odamlar uchun patogen hisoblanadi va yuqori darajada o‘limga olib keladigan og‘ir kasallikdir. Parranda grippi isitma, ich ketishi, qusish, kataral sindrom, burun va milklarning qonashi, ko‘krak qafasidagi og‘riqlar, pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi bilan birga kechadi. Parranda grippi tashxisini tasdiqlash uchun IFA, PZR, virusologik tadqiqotlar, ko‘krak qafasi rentgenogrammasi kabi tadqiqot usullari qo‘llanildi. 

Virus bilan bog‘liq o‘lim holati oxirgi marta 2014 yil Kanadada qayd etilgan.

Cho‘chqa grippi. (A/H1N1) Cho‘chqa grippi AQSH, Meksika, Kanada, Janubiy Amerika, Yevropa, Keniya, Xitoy, Tayvan, Yaponiya va boshqa mamlakatlardagi uy cho‘chqalari orasida keng tarqalgan. Bundan tashqari, virus odamlar, qushlar va boshqa jonzotlar muhitida tarqalishi mumkin.

“Cho‘chqa grippi” nomi 2009 yil boshida ommaviy axborot vositalarida pandemiyaga qarshi keng tarqalgan edi.

Asosiy simptomlar odatdagi gripp belgilari bilan mos keladi – bosh og‘rig‘i, isitma, yo‘tal, burunning oqishi. Shuningdek diareya, qusish va qorin og‘rig‘i ham paydo bo‘ladi.

Umumiy hisobda bu gripp bilan 255716 ta odam kasallagan, ulardan 2627 tasi kasallik sabab vafot etgan. Virus 140 mamlakatda qayd qilingan.

Bu kasallik aniqlanganda, bemor darhol kasalxonaga yotqizilishi talab qilinadi. Doimiy ravishda niqoblardan foydalaniladi (har 4 soat almashtiriladi) Vitamin A, B, C tarkibli dorilar qabuli va medikamentoz davo (antibakterial, antivirus, immunoformatsiyalovchi vositalar) choralari koriladi. Shuningdek bemordan ko‘p suyuqlik ichishi va dam olishi talab qilinadi. Odatda davolash kursi 5 kun davom etadi.

Xolera (Vabo). Bu kasallik Vibrio xolera bakteriyalari keltirib chiqaradigan o‘tkir ichak infeksiyasi, oshqozon-ichak traktining shikastlanishi, suv-tuz almashinuvining buzilishi va suvsizlanish bilan tavsiflanadi. U ifloslangan suv va oziq-ovqat orqali tarqaladi va yomon sanitariya va toza ichimlik suvining yetishmasligi bilan chambarchas bog‘liq. 

Vabo qadimgi zamonlardan XX asrning o‘rtalariga qadar tez-tez takrorlanib turgan. Vabo eng xavfli yuqumli kasalliklardan biri bo‘lib qolmoqda. XX asrda oltita ketma-ket pandemiya dunyo bo‘ylab bir necha million odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Yettinchi epidemiya 1961 yilda Janubiy Osiyoda boshlanib, 1971 yilda Afrikaga va 1991 yilda Amerikaga tarqaldi. Hozirgi vaqtda kasallikning alohida holatlari va tarqalishi rivojlanayotgan va kambag‘al mamlakatlarda, ayniqsa, ommaviy tabiiy ofatlar paytida ro‘y bermoqda. Shunday qilib, 2010 yil yanvar oyida Gaitidagi vayronagarchilik zilzilasidan keyin vabo qurbonlari soni 7,5 mingdan oshdi, 2011 yil yanvar oyida Gaitidan vabo Venesuela, Dominikan Respublikasi, Ispaniya, AQSH va Meksikaga, 2012 yilda esa Kubaga yetib bordi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 3 milliondan 5 milliongacha vabo kasalligi uchraydi, ularning 100 mingdan ortig‘i o‘limga olib keladi. Ushbu kasallikning oldini olish uchun ikki xil vaksinalar qo‘llaniladi. 

Ebola. Epidemiya 2013 yil dekabrda Gvineyada boshlandi va keyin Liberiya hamda Serra-Leonega tarqaldi. Epidemiya kichikroq ko‘lamda Niger va Senegalda ham yoyildi, ammo bu mamlakatlarda uni to‘xtatishga erishildi. 

Kasallikning simptomlari virus yuqqanidan 2 kundan 3 haftagacha bo‘lgan muddatda boshlanadi. Odatda harorat ko‘tarilishi, tomoq og‘rishi, muskullar va bosh og‘rishi kuzatiladi. Bundan keyin qusish, ich ketishi va allergiyalar hamda jigar va buyraklar ishlashining susayishi kuzatiladi. Bu paytga kelib bemorda ham ichki, ham tashqi qon ketish boshlanishi mumkin. Agar bemor halok bo‘lsa, u odatda simptomlar boshlanganidan keyin 6 kundan 16 kungacha bo‘lgan muddatda, asosan ko‘p suyuqlik yo‘qotish sabab kelib chiqqan past qon bosimi tufayli o‘ladi.

Epidemiya keng tarqalgan ko‘pgina yerda aholi o‘ta qashshoq yashaydi va ularga kasallik tarqalishining oldini olish uchun sovun va toza suv yetishmaydi. Bundan tashqari, an’anaviy tibbiyotga ishonish va halok bo‘lganlar jasadini yuvish kabi udumlar ham epidemiya bilan kurashishni qiyinlashtirdi. Ba’zi shifoxonalarda dori-darmon va ishchi soni yetarli emas. 2016 yilning avgust oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti halok bo‘lganlarning 10 %i tibbiyot xodimlar ekani haqida xabar bergan. 

2016 yilga kelib umumiy 25000ga yaqin inson shu kasallikka chalingani qayd qilingan. Ularning 10 000ga yaqini virus sabab vafot etgan.

Koronavirus. 2020 yilning dastlabki oyida Xitoyning Uxan shahrida joylashgan hayvonlar bozorida kelib chiqqan bu virus hozirda butun dunyoni cheksiz tashvishga solmoqda. Virus kelib chiqishi haqida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. 

Virusga chalinish holatlari XXR hududidan tashqariga chiqib, boshqa xorijiy davlatlarda ham kuzatilgan.

Koronavirus qurbonlari soni soat sayin ortib boryapti. Bir kun ichida 2019-nCoV virusi sabab o‘lganlar soni 26 nafarga ko‘payib, 132 nafarga yetdi. Kasallanganlar esa 6052 nafarni tashkil qilmoqda

Koronavirusdan tuzalganlar ham bor. Ularning soni hozircha 103 kishini tashkil qilyapti.

Ma’lumot uchun, virus bilan kasallanish holatlari Kamboja, Gongkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSH, Vetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Germaniya, Avstraliya, Malayziya va BAAda qayd qilingan.
Xitoy hukumati virus sabab Xubey provinsiyasidagi 15 ga yaqin shaharni to‘liq yoki qisman yopib qo‘ydi.

JSST xabariga ko‘ra virusga qarshi vaksina 3 oy ichida tayyor bo‘ladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

205

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing