Chorvoq ostida o‘liklar. Suv tagidan odam suyaklari topildi
Bu qiziq
−
28 mart 2023
11599Kecha, 27 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chorbog‘” (Chorvoq) suv ombori qirg‘oqlarida odam suyaklari topilgani aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha Bosh prokuratura izoh berib, hududda tarixiy qabriston bo‘lganini ma’lum qildi. QALAPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida “Chorbog‘” (Chorvoq) suv oboriga bordi. Ilk xulosalarga ko‘ra suyak qoldiqlari orasida odam suyaklari ham bor.
Suyaklar Bo‘stonliq tumani "Bolodala" MFY hududidagi “Chorbog‘” (Chorvoq) suv omboridan topilgan. Hududda 135 ta xonada 600 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shu vaqtgacha ushbu mahallaga ulangan suv omborining qirg‘oq qismidan cho‘kib ketgan yoki vafot etganlar bo‘lmagan.
Ekspert-kriminalist bergan ma’lumotlarga ko‘ra hududdagi barcha suyak qoldiqlari yig‘ilgan va ekpertiza qilinadi.
“Hududdagi barcha suyaklar yig‘ildi. Taxminlarga ko‘ra, bu qoldiqlar orasida odam suyaklari ham bor. Sud tibbiyot ekspertizasi o‘tkazilgandan so‘ng aniq javob berish mumkin. Suyaklar orasida hayvonga tegishlilari ham bo‘lishi mumkin”, deydi mutaxassis.
“Chorbog‘” (Chorvoq) suv obori muhandisi Nukriddin Obiddinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, bu hududda suyak qoldiqlari topilishi birinchi bor kuzatilayotgan holat emas.
“Har yili suv sathi pastlab ketadi. Biz bu joylarni tozalaymiz. 2013 yilda suv sathi pastlab ketganida bu yerdan mayitlar chiqib keldi. Ana o‘shanda mozor bo‘lganini bildik. Suv ko‘tarilib, qolgan qabrlarni ham yuvib ketmasin degan maqsadda “styajka” qildik. Hozir ham biz turgan yerlarning tagida qabrlar bo‘lishi mumkin. Yoshi 90 dan oshgan qishloqdoshlardan ham so‘raganimda bu yerda qabriston bo‘lganidan bexabar bo‘lishganini aytishdi”, deydi muhandis Nukriddin Obiddinov.
"Bolodala" hududida tug‘ilib, yoshligi o‘tgan Obiddinov qo‘shimcha qilib, “Chorbog‘” GES qurilishidan oldin suv o‘rnida odamlar qatnaydigan yo‘l bo‘lganini aytdi.
“Bu yerlar xalq qatnaydigan yo‘l bo‘lgan. Suv ostida "stolba" qoldiqlari hamon saqlanib qolgan. Qolaversa, katta bog‘ ham bo‘lardi. GES qurilgandan keyin, suv ko‘paya boshladi va hammasi suv ostida qoldi. Lekin o‘sha vaqtlarda ham bu yerlarda qabriston bo‘lganini eslay olmayman. Katta ehtimol bilan qabriston undan ham oldinroq bo‘lgan”, deydi Nukriddin Obiddinov.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, sud tibbiyot ekspertizasi ham tayinlanadi.
LiveBarchasi