Chilonzorda “kiberbunker” fosh etildi
3-sahifa
−
30 yanvar 3492 2 daqiqa
Chilonzor tumanida firibgarlik bilan shug‘ullanib kelayotgan yashirin Call-markaz “kiberbunker”i aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chilonzor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida noqonuniy Call-markaz “kiberbunker” faoliyati fosh etilgan.
Aniqlanishicha, Andijon viloyatida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan ikki marotaba sudlangan shaxs va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni go‘yoki, yutuqli o‘yin g‘olibi bo‘lgan haqida yolg‘on ma’lumotlar bergan. Shuningdek, ular savdo platformasida o‘zlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgani aniqlangan.
Mahsulot yetkazib berishni talab qilgan yoki ustlaridan shikoyat qilishini aytib, norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan. Bu yo‘l bilan jabrlanuchlarning e’tibori chalg‘itilib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitarini to‘liq o‘zlashtirishga erishilgan.
Tekshiruvlar davomida Chilonzor tumanida tashkil etilgan kiberbunkerda 16 nafar operator faoliyat yuritgani, ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, dastlabki tergovga qadar 50 nafar fuqaroning 200 million so‘mdan ortiq mablag‘larni noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgani aniqlangan.
Shuningdek, tadbirda 22 ta kompyuter jamlanmasi, mobil telefonlar, sim kartalar, bank plastik kartalari hamda 2500 nafardan ortiq fuqarolarning to‘liq qayd etilgan shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari ro‘yxatlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan 50 dan ziyod shaxslarning arizalari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida ekologiya xodimi ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashlashga ruxsat berish evaziga 3 ming AQSH dollari olayotgan paytda ushlangani haqida xabar berilgandi.
Aliqulov Javohir
Live
Barchasi