Chikago mafiyasi “qiroli”. Al Kapone jinoiy imperiyasining intihosi (2-qism)

Bu qiziq

image

“Ba’zilar yo‘qotishlardan qo‘rqishadi. Ehtiyotkorlik bilan o‘ynasangiz, albatta, mag‘lub bo‘lasiz
“Mafiya otasi” Al Kapone


1986 yil. Amerika televideniyesi tarixdagi eng yuqori reytingga ega dasturlardan birini namoyish etayotgan vaqt. Ikki soatli jonli efirni 34 milliondan ortiq inson tomosha qilayotgan edi. Sizningcha, bu ko‘rsatuv nima haqda bo‘lgan: cport o‘yinimi yoki siyosiy debat? Yo‘q, bunday emas. Tomoshabinlar chikagolik taniqli gangster Al Kaponening tungi klubidagi maxfiy xonasi eshigining ochilishini diqqat bilan kuzatib turishgan.

Kuni kecha e’lon qilingan “Chandiq yuzli “mafiya otasi”. Al Kapone jinoiy imperiyasini qanday qurgan?” nomli maqolaning 1-qismi o‘quvchilar orasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Bugun yana qorong‘ilik dunyosiga sayohat qilib, Amerika tarixidagi taniqli mafiya sardori Al Kapone jinoiy imperiyasining intihosi hamda gangsterning ayanchli taqdiri haqida so‘z yuritamiz.

Sevishganlar kunidagi qirg‘in

Alfonse Chikagoda o‘z hukmronligini o‘rnatish uchun ko‘plab gangsterlar bilan jiddiy urush olib bordi. Besh yil ichida 200 dan ortiq mafiya sardori yo‘q qilindi.

Aynan Kapone odatiy bo‘lgan to‘pponchalarni yengil avtomatlarga, so‘ngra pulemyotlarga almashtirish g‘oyasini o‘ylab topdi. Shuningdek, uning xohishi bilan avtomobilga o‘tirgan inson kalitni burashi bilan osmonu falakka uchib ketgan.

Al Kapone o‘zining eng asosiy dushmanini yo‘q qilish uchun bir ayyorona reja tuzib, qirg‘in uyushtirdi. Bu qirg‘in 1929 yil 14 fevral sanasida bo‘lib o‘tdi. Bu voqea “Avliyo Valentin kuni qatliomi” degan nom bilan tarixda qoldi. Qirg‘in Chikagodagi jinoiy to‘dalarning viski saqlanadigan yerto‘lasida yuz berdi. Kapone o‘zining asosiy raqibi bo‘lgan gangster Bags Moranni kelishuv uchun bir viski saqlanadigan yerto‘laga taklif qilgan. Uchrashuvga Moran to‘dasining yetti nafar a’zosi kelgan. Muzokara bo‘lib o‘tayotgan vaqtda Al Kaponening odamlari politsiya kiyimida yerto‘laga bostirib kirishdi. Ularni ko‘rgan raqib to‘da vakillari “qonun himoyachilari”ga qarshilik ko‘rsatmadi va qo‘lini boshiga qo‘yib, devorga tisarildi. Shunda “politsiyachilar” ularni otib tashladi.

Bunday dahshatli qotilliklar bir necha marotaba takrorlangan. Bu qirg‘inlar ortida Kapone turganligi barchaga ayon edi. Biroq Al Kaponeni ayblash uchun aniq dalillar bo‘lmagan. Shuning uchun gangster va uning odamlari jazodan qutulib qolishgan. Bu esa mafiya sardorining qanchalik qo‘li uzunligini isbotlaydi. Shunday qilib, Alfonse Chikagoda irland, rus va meksikan to‘dalarini yo‘q qilib, shaharda o‘zining yakka imperiyasini yaratdi.

“Cosa Nostra” to‘dasining tashkil etilishi

1929 yilning qonli fevral qirg‘inidan so‘ng Al Kapone Amerikadagi mafiya oilalarining barcha rahbarlarini Atlantik-Siti shahriga taklif qildi. Uchrashuvga Meyer Lanskining to‘yi sabab bo‘ldi. Taklifga binoan Amerikaning barcha mafiya rahbarlari Atlantik-Sitida yig‘ildi.

1929 yilning 13 mayidan 16 mayigacha davom etgan o‘ziga xos konferensiyada Chikago “qiroli” oilalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish va urushga barham berishni taklif qildi. Bundan tashqari, Al Kapone “quruq qonun” (AQSHda 1920 yilda spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish va sotishga qarshi joriy etilgan qonun) tez orada bekor qilinishi mumkinligini aytdi. Agar “quruq qonun” bekor bo‘ladigan bo‘lsa, asosan, mafiya to‘dalari shug‘ullanuvchi spirtli ichimlik biznesi qulab tushar edi. Buni yaxshi tushungan Chikago “qiroli” biznesning yangi yo‘nalishlarini kashf etish zarurligini aytdi. Shunda yig‘ilishga kelgan Nyu-yorklik Laki Luchano barcha oilalarni birlashtirish g‘oyasini ilgari surdi. U mafiya oilalari o‘rtasidagi mavjud tartibni o‘zgartirish kerakligini va jinoiy to‘dalar o‘rtasida yangi hokimiyatni joriy etishni taklif qildi. Bu g‘oyani boshqa oila rahbarlari ham qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng mafiya gangsterlari yakuniy qarorni qabul qilishdi.

Qarorga ko‘ra, birinchi navbatda Amerikadagi barcha italyan mafiya oilalari “Cosa Nostra” nomi ostida birlashtirildi va Oliy Kengash tuzildi. Kengashga barcha jinoiy guruh rahbarlari a’zo bo‘ldi. Kengashning vazifasi o‘zaro nizolarni hal qilish va begona to‘dalar bilan aloqa o‘rnatishdan iborat bo‘ldi. Bundan tashqari, yig‘ilishda hududlar oilalar o‘rtasida teng taqsimlab olindi. Shunday qilib, Amerikada Sitsiliya qonunlari asosida “Cosa Nostra” mafiya to‘dasi paydo bo‘ldi. 

“Cosa Nostra” mafiya oilasini Oliy Kengash tomonidan ovoz berish orqali saylangan Don (italyanchada “Xudojo‘y ota”) boshqargan.

Al Kapone imperiyasining qulashi

O‘tgan asrning 30-yillariga kelganda Al Kapone o‘zidan ancha kuchli dushmanga duch keldi. 1929 yilgi AQSH prezidentlik saylovida Gerbert Guver g‘olib bo‘ldi. Hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan Guver mamlakatdagi mafiya to‘dalariga qarshi urush boshladi. Prezident Chikagodagi voqealar bo‘yicha yopiq yig‘ilish o‘tkazdi. Unda mahalliy amaldorlarning pora olishi va Chikago politsiyasining sirlari fosh bo‘ldi. Gerbert Guver Al Kaponeni qanday bo‘lmasin qamoqqa tiqish yo‘lini izladi. Buning uchun Eliot Ness boshchiligidagi maxsus guruh Chikagoga jo‘natildi. Avvaliga Al Kapone o‘ziga nisbatan ochilgan urushga ahamiyat bermadi. U Eliot Nessga pora taklif qilib ko‘rdi. Biroq u pulni rad etdi. 

Bir kuni Kapone Filadelfiyadan uyiga qaytayotganda yonida noqonuniy qurol saqlagani uchun hibsga olindi. Bu Kaponening ketma-ket o‘n uchinchi marta hibsga olinishi edi. Advokatlarning sa’y-harakatlariga qaramay, Chikago “qiroli” bir yil qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Al Kaponening qamoqxonadaligidan foydalangan Eliot Ness gangsterga tegishli bo‘lgan o‘ttizdan ortiq noqonuniy viski zavodlarini, ko‘plab omborlarni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Kapone qamoqdan chiqqach, Chikago politsiyasi uni birinchi raqamli jamoat dushmani sifatida qayd etdi. Lekin bu hali hammasi emas edi.

Al Kaponening saxiyligi

1929 yil 24 oktyabrda AQSH fond bozori qulab tushdi. Mamlakatda buyuk depressiya davri boshlandi. Shaharlar qashshoq, ishsiz amerikaliklarga to‘lib ketdi. Shunda Al Kapone muhtojlar uchun bepul ovqatlanadigan xayriya oshxonalarini ishga tushirdi. Ammo bu sahovatpeshalik uni qamoqdan saqlab qololmadi.

Qamoq

Shaxsan Prezidentning buyrug‘iga ko‘ra, bir guruh soliqchilar mafiya otasining “nozik joyi”ni izlashga tushdi. Bu guruh “Tegib bo‘lmaydiganlar” deb nom olgan bo‘lib, ba’zan ularga qonundan tashqariga chiqishga ruxsat berilgan. O‘sha vaqtga kelib, AQSH hukumati soliq masalasida yangi qonunni joriy qildi. Bu qonun mafiya to‘dalarini yo‘q qilish uchun o‘ylab topilgan edi. Unga ko‘ra, noqonuniy ravishda daromad topayotgan har bir tadbirkor davlatga soliq to‘lashi shart etib belgilandi va bunga bo‘ysunmaganlar jinoiy javobgarlikka tortildi.

Vaqt o‘tishi bilan Al Kapone biznesining bir qismini qonuniylashtirishga harakat qildi va hatto, davlatga soliq to‘lashni boshladi. Lekin hukumat undan pul olishni emas, balki uni yo‘q qilishni ko‘zlagan edi. Al Kaponeni qo‘lga olish uchun bir nechta agentlar to‘daga kiritildi. Ularning vazifasi Kaponening buxgalteriya sirlarini fosh etish bo‘lgan. Chunki mafiya otasi rasmiy ravishda hech qanday mol-mulkka ega bo‘lmagan. Hatto, uning bankda hisob raqami ham yo‘q edi. 

Oxir-oqibat federallar Kaponening ishonchli odami bo‘lgan advokatni o‘z tomonlariga og‘dirib olishdi. Buning natijasida gangsterning barcha buxgalteriya sirlari fosh bo‘ldi. 1931 yilda Al Kaponega nisbatan haqiqiy ayblov e’lon qilindi. U qotillik yoki “reket” uchun emas, balki soliq to‘lamagani uchun javobgarlikka tortildi.

Kaponening advokati mijoziga nima tahdid solayotganini yaxshi tushunib, uni aybiga iqror bo‘lishga chaqirdi. Agar gangster aybiga iqror bo‘lsa, prokuratura uni ikki yilga ozodlikdan mahrum qilishini bildirdi. Al Kapone aybini tan oldi. Biroq sud uni 10 yil ozodlikdan mahrum etib, 250 ming dollar jarimaga tortdi. Bu ham yetmaganidek, sudya Kapone sudga hurmatsizlik qilgani uchun unga qo‘shimcha bir yil qo‘shib berdi. Barcha hayratda qoldi. O‘shanda Al Kapone endigina 33 yoshga to‘lgan bo‘lib, bu uning uchun intiho bo‘ldi.

Mafiya sardorining vafoti

Gangster AQSHdagi eng qattiq tartib hukmron bo‘lgan Alkatras qamoqxonasiga yuborildi. Qamoqxonadagi og‘ir sharoit “mafiya otasi”ning sog‘lig‘iga yomon ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, Kapone har doim mahbuslar tomonidan hujumga uchradi. Buning oqibatida undagi sifilis kasalligi kuchayib, gangster aqldan oza boshladi. 1939 yilning oxirida Al Kapone sud tomonidan sog‘lig‘idagi muammolar sababli ozod qilindi. Ozodlikka chiqqach, mafiya sardori davolanishga harakat qildi, biroq juda kech edi. Gangsterni tekshirgan psixiatrlar “u intellektual rivojlanishi jihatidan 12 yoshli bola darajasida” degan xulosaga keldi.

Kapone hayotining so‘nggi sakkiz yilini oilasi bilan o‘tkazdi. Shu vaqt mobaynida u jinoiy ishlarda umuman ishtirok etmadi.

1947 yilning yanvar oyida Al Kapone insultni boshdan kechirdi va bir necha kundan keyin yurak xurujiga uchradi. Buning oqibatida Amerika jinoyat olamining yirik mafiozi Al Kapone 48 yoshida vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

537

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing