Chet elda qolib ketgan 43 o‘zbek bolasi O‘zbekistonga olib kelindi
Jamiyat
−
07 mart 2023 9417 2 daqiqa
O‘tgan yilda chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022 yil mobaynida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 696 ta murojaatlar qabul qilingan.
Murojaatlar Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan. 374 ta murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilgan. Jumladan:
• 64 ta murojaatlar qanoatlantirilgan;
• 310 ta murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.
Aliment olish huquqiga doir 29 ta murojaatni o‘rganish davomida 2022 yil davomida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 mln so‘m aliment undirib berilishi ta’minlangan.
“Shuningdek, murojaatlar ichida jamovaiy murojaatlar ham ko‘p uchramoqda. Jumladan Respublika bo‘yicha 500 ga yaqin og‘ir irsiy kasallik fenilketonuriya bilan og‘rigan bolalarning ota-onalari nomidan murojaat kelib tushgan. Murojaatda ta’kidlanganidek, ularning farzandlari uchun mo‘ljallangan maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetishmay qolayotgani farzandlarining salomatligi va hayotiga xavf tug‘dirgan.
Ota-onalar nomidan arizada keltirilgan vajlarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Bosh prokuratura, mas’ul vazirliklar hamda idoralarga xat bilan murojaat qilinib, fenilketonuriya bilan og‘rigan bolalarga maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetkazib berildi va kelgusida maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetkazib berilishida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Respublikamiz hududidagi yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini ta’minlash yuzasidan 20 ta muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazildi. Monitoringlar 6 ta hududda Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona, viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tqazildi. Monitoringlar davomida 100 ga yaqin fuqarolar bilan uchrashildi. 50 ga yaqin fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlashildi”, deydi Fotima Madrahimova.
Ta’kidlanishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan, bolalarni O‘zbekistonga qaytarishda Ichki ishlar vazirligi bilan keng hamkorlik qilinmoqda. 2022 yil davomida Rossiyadan jami 37 nafar voyaga yetmaganlar, Qozog‘istondan 4 nafar voyaga yetmaganlar, Turkiyadan 2 nafar voyaga yetmaganlar jami 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarib olib kelingan.
Live
Barchasi