“Chelsi”ni sotishda yangi muammolar paydo bo‘ldi

Sport

image

Buyuk Britaniya hukumati bugun, 24 mayga qadar “Chelsi” ni Todd Boeli konsorsiumiga 4,25 milliard yevroga sotishni ma’qullamoqchi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Shu bilan birga, hukumatdagi yuqori martabali manbaning ta’kidlashicha, kelishuvdagi asosiy qiyinchiliklar “hali yengib o‘tilmagan”. Xususan, “Chelsi”ning sotilishiga Portugaliya hukumati ruxsat berishi zarur, chunki klub egasi Roman Abramovich Portugaliyaning ham fuqarosi hisoblanadi. Hozirda Britaniya vazirlari Yevropa Komissiyasidagi hamkasblari bilan zarur kafolatlarni tasdiqlash bo‘yicha "qisqa muzokaralar" olib bormoqda.

“Biz ushbu bitim bo‘yicha o‘z kafolatlarini olishni istagan xalqaro sheriklarimizni ishontirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdamiz. Vaqt tugayapti, kelishuv seshanba oxirigacha tuzilishi kerak, aks holda muddatlar uzilishi va klub xavf ostida qolishi mumkin”, deyiladi manbada.

“Yevropa rasmiylari “Chelsi” kelajagini xavf ostiga qo‘ymoqda”

“Financial Times” gazetasining yozishicha, vazirlar kecha, 23 may kuni kechqurun kelishuvni tasdiqlashlari kerak edi.

Muzokaralarga yaqin hukumat manbalarining aytishicha, Abramovich kecha vazirlar bilan uchrashgan. Ular sotuv Londonda bir kechada ma’qullanishini kutishmoqda, ammo Bryussel va Lissabon tomonidan tasdiqlanmaslik kelishuv va klubni “xavf ostida” qoldirmoqda. Hukumat Yevropa komissiyasi va Portugaliya hukumati hali “yashil chiroq” yoqmaganidan xavotirda.

Agar klub 8 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Angliya Premer-ligasi aksiyadorlarining yillik yig‘ilishigacha yangi xo‘jayin qo‘liga o‘tmasa, u turnir va yevrokuboklardan tushib ketishi mumkin. Bu ssenariyda klubni sotish ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Avvalroq, kelishuvdagi to‘lovlar bo‘yicha yechim topilgan: unga ko‘ra, klubni sotishdan tushgan 2,6 milliard funt sterling Britaniya hukumatiga o‘tishi va uning 1 milliard funt sterlingi darhol Ukrainaga yordam berish uchun o‘tkazilib, qolgan 1,6 milliard funt sterlingi esa hukumat nazorati ostidagi hisobda muzlatilishi rejalashtirilgan.

“Chelsi” 7 may kuni “Los Angeles Dodgers”ning ham egasi hisoblanuvchi Boeli konsorsiumi bilan shartnoma shartlarini kelishib olganini e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida, “Chelsi” 2003 yildan buyon Abramovichga tegishli. 2 mart kuni u jamoani sotish niyati borligini, shuningdek, klubni sotishdan tushgan mablag‘ni Ukrainadagi jangovar harakatlardan jabrlanganlarga yordam berish uchun o‘tkazishini ma’lum qilgandi.

10 mart kuni Buyuk Britaniya hukumati Abramovichga qarshi sanksiyalar joriy qildi, shu sababli klubni sotish to‘xtatildi va sotuv faqat hukumatning maxsus ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi.

 

Kamronbey Kenjayev

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

88

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing