Cheksiz hokimiyat jazavasi: Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga 2 oydan oshdi

Tahlil

image

Rossiya joriy yilning 21 fevral kuni Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olish ortidan “Donbassda maxsus harbiy operatsiya” niqobi ostida Ukrainaga qurolli hujum qildi. 

24 fevral kuni ertalab Rossiya Prezident Vladimir Putin xalqqa murojaat qilib, “Ukraina sharqidagi Donbassda maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini ma’lum qildi. Shunday qilib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush boshlandi.

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk viloyatlari orqali Kiyev nazorati ostidagi hududlarga kirdi. Shu bilan birga, Rossiya hududidan qo‘shinlar Xarkov, Sumi va Chernigov viloyatlariga, Belarus hududi orqali esa Chernobil viloyatiga kirib keldi. Rossiya armiyasi anneksiya qilingan Qrimdan Xerson va Melitopolga qo‘shin yubordi. Qo‘shinlar havodan va quruqlikdan Kiyevga o‘tkazildi.

Rossiya armiyasi 1986 yilda yadroviy avariyaga uchragan Chernobil AES va Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi hisoblanadigan Zaporoje AESni o‘z nazorati ostiga oldi.

Ukraina harbiylari Kiyev, Xarkov va Mariupolda kuchli qarshilik ko‘rsatdi

Rossiya harbiy bo‘linmalari Ukrainaning harbiy infratuzilma ob’ektlariga hujum qildi. Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Kiyev, Xarkov va Mariupolni qamal qildi. Ukraina armiyasi bu shaharlarda juda kuchli qarshilik ko‘rsatdi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, Rossiya armiyasi Ukrainadagi strategik hududlarda yuqori aniqlikdagi qurollarni tez-tez ishlata boshladi. Kiyevda bu hujumlar natijasida tinch aholi halok bo‘lgani va yaralangani haqida ma’lum qilingan.

Mariupol xarobaga aylandi

Urushning birinchi oyida rus qo‘shinlari Azov dengizi sohilidagi strategik shaharlarni egallashga ham e’tibor qaratdilar. Berdyansk port shahrini egallab olgan rus harbiylari Azov dengizi sohilidagi Ukrainaning eng muhim port shaharlaridan biri Mariupolni qamal qildi.

Mariupolda rus armiyasi Ukrainaning kuchli mudofaasiga duch keldi. Bir necha kunlik janglardan so‘ng Mariupol xarobaga aylandi.

Rossiya: Biz Mariupolni butunlay nazorat ostiga oldik

Rossiya Mariupolni to‘liq nazorat ostiga olgani va 2000 ga yaqin ukrainalik askar Azovstal po‘lat zavodidagi yashirin joylarda qamalda qolganini aytdi. Ukraina Azov qirg‘oqlari ustidan nazoratni yo‘qotdi.

Ukraina rasmiylari esa, o‘z navbatida, Rossiya Mariupol ustidan nazoratni qo‘lga olishga qodir emasligini, Ukraina armiyasi chiziqni ushlab turishda davom etayotgani haqida xabar qildi.

Harbiy harakatlar urushning ikkinchi oyida Donbassga o‘tkazildi

29 mart kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev va Chernigov yo‘nalishidagi jangovar harakatlarni keskin qisqartirish haqidagi qarorini e’lon qildi.

Ertasi kuni rus armiyasi Ukraina shimolidagi Kiyev va Chernigov tomon qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi. Rossiya qo‘shinlari Chernobil AESdan ham chiqib ketdi.

Ukraina Mudofaa vazirligi Irpen, Bucha, Gostomel shaharlari va Kiyev viloyati rus qo‘shinlaridan ozod qilinganini ma’lum qildi.

Rossiya tomoni o‘z qo‘shinlarini Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk viloyatlariga jamlay boshlaganini, chunki “maxsus operatsiyaning asosiy maqsadi Donbassni ozod qilish” ekanini aytdi. Shu o‘rinda, Ukraina Bosh shtabi ham Rossiya armiyasi Donbassdagi hujumlarini kuchaytirganini tasdiqladi.

Rossiya armiyasi Buchada tinch aholini o‘ldirishda ayblandi

Rossiya armiyasi Buchadan olib chiqib ketilgandan so‘ng, 2 aprel kuni Ukraina tomoni shahar ko‘chalarida tinch aholi jasadlari aks etgan kadrlarni e’lon qildi. Kiyevda rus armiyasi shaharni tark etishdan oldin tinch aholini ayovsiz qirgani aytildi.

G‘arb davlatlari va Yevropa Ittifoqi Buchadan olingan kadrlarga munosabat bildirib, holatni to‘laligicha qoralab, bunda Rossiyani aybladi. Rossiya harbiy jinoyatlarda ayblovlarni rad etdi. Yevropa yetakchilari Kiyevga tashrif buyurishni boshladi.

Xususan, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson avvaldan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi. U Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi va Kiyevga qo‘shimcha 120 ta zirhli texnika va yangi kemaga qarshi raketa komplekslarini yuborishini va’da berdi.

Shuningdek, 9 aprel kuni Avstriya kansleri xam Ukrainaga keldi. 

Karl Nexammer Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, bir hafta oldin yuzlab tinch aholining jasadi topilgan Bucha shahriga tashrif buyurdi.

O‘z o‘rnida, u oradan ikki kun o‘tib, Moskvaga ham borib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri Putin bilan shaxsan uchrashgan birinchi Yevropa yetakchisiga aylandi.

Ukraina armiyasi separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk viloyatlariga ham zarbalar berdi. Qurbonlar orasida tinch aholi ham bor edi.

Kramatorsk temir yo‘l stansiyasiga raketa hujumi

8 aprel, juma kuni Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Kramatorsk temir yo‘l vokzaliga raketa hujumi uyushtirildi. Zarba “Tochka-U” raketa tizimi tomonidan berilgan. Natijada 50 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohat oldi.

Ukraina Rossiyani aybladi, Moskva esa o‘z navbatida “Tochka-U” raketa tizimidan faqat Ukraina armiyasi foydalanayotganini aytdi.

“Moskva” kreyseri cho‘kib ketdi

13 aprel kuni Ukraina rasmiylari Qora dengizda Rossiyaning “Moskva” kreyserini Neptun raketasi bilan urganinini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi esa, yong‘in paytida o‘q-dorilarning portlashi oqibatida kema shikastlangani va portga olib ketilayotganda kema cho‘kib ketganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ekipajning 1 a’zosi halok bo‘lgan, 27 nafari bedarak yo‘qolgan, qolgan 396 kishi qutqarib olingan.

Rossiya qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi

Rossiya yangi “Sarmat” qit’alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi.

"Bu chinakam noyob qurol qurolli kuchlarimizning jangovar salohiyatini mustahkamlaydi, Rossiya xavfsizligini tashqi tahdidlardan ishonchli ta’minlaydi va g‘azablangan, tajovuzkor ritorika jaziramasida mamlakatimizga tahdid solmoqchi bo‘lganlarni o‘ylashga majbur qiladi", dedi Putin. Biroq, u aynan kim Rossiyaga tahdid solayotganligiga aniqlik kiritmagan. 

Tomonlar hozirgacha qurbonlar haqida aniq ma’lumotlarni yashirib kelmoqda

Urushning birinchi oyida Rossiya 1351 kishi halok bo‘lgani va 3825 rus askari yaralangani haqida xabar bergandi. Rossiya tomoni bayonotiga ko‘ra, Ukraina armiyasining yo‘qotishlari 23 367 kishini tashkil qilgan. Kiyevda esa, urush boshlanganidan beri 21,6 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgani haqida xabar qilingan.

Ikkala tomon ham tinch aholi qurbonlari soni haqida aniq raqamlarni keltirmayapti. Lekin ba’zi manbalarga ko‘ra, taxminan 2500 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 3 mingdan ortig‘i esa yaralangan.

BMT: Ukrainalik qochqinlar soni 5 milliondan oshdi

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan 24 aprelgacha Ukrainadan qo‘shni davlatlarga 5 million 232 ming 14 kishi o‘tgan. Ularning ko‘pchiligi Ukraina bilan chegaradosh mamlakatlar: Polsha, Slovakiya, Vengriya va Ruminiyaga ketgan. Bu mamlakatlarning rasmiylar va ko‘ngillilar barcha qochqinlar boshpana, oziq-ovqat, zarur yordam olishlari va iloji bo‘lsa-ya, ishlashlari uchun harakat qilmoqda.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar

Urush boshlangandan beri Rossiya va Ukraina delegatsiyalari 4 marta, jumladan 3 marta Belarusda va bir marta Turkiyada yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazdi.

Belarusda tomonlar tinch aholini jangovar hududlardan evakuatsiya qilish uchun faqat gumanitar yo‘laklarni kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an vositachiligida 29 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida Ukraina tomoni qog‘ozga tushirilgan kelajakdagi ehtimoliy kelishuv tamoyillarini Rossiya tomoniga topshirdi.

Ular: NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortish, Ukrainaning bloksiz maqomini belgilash, yadroviy va boshqa ommaviy qirg‘in qurollaridan voz kechish, Ukraina hududida xorijiy harbiy bazalar va harbiy kontingentlarni joylashtirishdan bosh tortishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Ukraina harbiy mashg‘ulotlarni faqat kafil davlatlar roziligi bilan o‘tkazish majburiyatini oladi, ular orasida Rossiya ham bor.

Biroq, Buchadagi voqea va Kramatorskdagi raketa hujumidan keyin videokonferensiya orqali davom etayotgan muzokaralarda hech qanday muvaffaqiyatga erishilmadi.

Rossiya, Ukraina kelishuv uchun yangi shartlarni ilgari surgani va muzokaralar to‘xtab qolgani borasida xabar berdi.

Vladimir Putin va uning tarafdorlari butun dunyoga Ukrainaga bosqinning asosli sabablarini yetkazishga urinmasin, o‘tgan ikki oyning birinchi haftalarining o‘zidayoq bu fikrlar Rossiyaning o‘zi ilk muvaffaqiyatsizliklarni boshdan kechirdi. Urushning ilk kunlarida siyosatchilardan tortib san’atkorlargacha urushni la’natlab, Rossiya ma’muriyatini uni to‘xtatishga chaqirdi. 

Rossiyalik milliarderlar orasidan ham urushga qarshi chiquvchilar topildi, xususan, Mixail Fridman, Oleg Deripaska va Oleg Tinkovlar Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish kerakligini aytib chiqdi. Ishbilarmon Roman Abramovich esa Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarida bevosita qatnashdi.

Bundan tashqari, 14 mart kuni kechqurun “Birinchi kanal” xodimi Marina Ovsyannikova jonli efirda urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib bordi. Yangiliklar e’loni paytida u “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi”, deb yozilgan plakat bilan kadrga tushdi. Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan.

Biroq TASS kabi rasmiy axborot agentliklari ijtimoiy so‘rovnomalar tashkil etilganini aytib, bu so‘rovnomalarda xalqning asosiy qatlami Donbassdagi harbiy harakatlarni ma’qullayotgani bong urildi. 

Shuningdek, Kreml Putin bilan muloqot qilgan davlat rahbarlarining suhbatlarini ham o‘z manfaati yo‘lida e’lon qilishni boshladi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan ikki marta telefon orqali muloqot qilgan bo‘lsa, Rossiya matbuotida Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning “Donbassdagi harbiy harakatlarini tushunish bilan qabul qildi”, degan jumladan foydalanildi. O‘zbekiston tomoni esa buni rad etib, Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatladi. So‘nggi bor, joriy yilning 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida chiqish qilgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rasmiy Toshkent DXR va LXR mustaqilligini tan olmasligi va Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Umuman olganda, mazkur urush nafaqat Rossiya va Ukraina, balki butun dunyo iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ukraina urushigacha dunyo bo‘yicha qochqinlar soni 85 millionni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ular qatoriga yana 5 milliondan ortiq ukrainalik qochqinlar qo‘shildi. Ularning 2 825 463 nafari Polshadan, 757 047 nafari Ruminiyadan, 549 805 nafari Rossiyadan, 471 080 nafari Vengriyadan, 426 964 nafari Moldovadan, 342 813 nafari Slovakiyadan va 23 759 nafari Belarusdan boshpana topgan.

Jahon savdo tashkiloti (JST) Ukrainadagi urush oqibatlari tufayli 2022 yilda jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sishi bo‘yicha prognozini qayta ko‘rib chiqib, jahon yalpi ichki mahsulotining bozor kursi bo‘yicha 2022 yilda 2,8 foizga o‘sishi kutilayotganini va bu avvalgi 4,1 foiz prognozdan 1,3 foizga pastligini ma’lum qildi.

Tomonlar qurbonlar haqida aniq ma’lumotlarni taqdim etmayapti. Urushning birinchi oyida Rossiyada 1351 kishi halok bo‘lgan va 3825 rus askari yaralangan. Rossiya tomoni bayonotiga ko‘ra, Ukraina armiyasining yo‘qotishlari 23 367 kishini tashkil qilgan. Kiyev esa urush boshlanganidan beri 21,6 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lganini aytmoqda. 

Rossiyaning Ukraina shaharlariga qurolli hujumi nafaqat mudofaa va harbiy ob’ektlarni, balki turar joy binolari, maktab, shifoxonalarni ham qamrab olgan. O‘tgan davrda mobaynida 938 ta ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan, ulardan 87 tasi butunlay vayron bo‘lgan.

 

Kamron Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

153

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made