Chekka qishloqlarga qachon internet yetib boradi?

Intervyu

Joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonning 95 foiz aholisi mobil internet bilan ta’minlanadi. Bu haqda bugun, 17 noyabr kuni Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining majlisida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Jamol Maxsudov QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qildi.

"Bugun chekka qishloqlarni ham hisobga olsak, O‘zbekistonning 93 foiz aholisida mobil internetdan foydalanish imkoniyati mavjud. Bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar 95 foizga yetkaziladi. 2021-2023 yillarda infratuzilmalarni yanada rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Shunga asosan, 2023 yilgacha aholi maskanlariga to‘liq internet yetkazish imkoniyati bo‘ladi. Albatta, bu jarayon tezroq amalga oshishi ham mumkin. Sababi, pandemiya davrining kirib kelishi internetga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishiga sabab bo‘ldi. Faqatgina darslar emas, balki boshqa tadbirlar ham onlayn shaklga o‘tkazildi. Kundalik hayotda Zoom yoki boshqa platforma orqali 10-15 kishi birgalikda video konferensiya o‘tkazishi odatiy darajaga chiqdi. Kompyuteri yo‘q talabalar kompyuter, smartfoni yo‘qlar esa, smartfon sotib olishdi", deydi Jamol Maxsudov.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, internet yetib borishi qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar, cho‘lda joylashgan qishloqlar ham, albatta, turli texnologiyalar, aloqa liniyalarini qurish orqali, simsiz aloqa texnologiyalarini qo‘llagan holda yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi.

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 2021 yilda 9 000 ta baza stansiyalari qurilib ishga tushirilgan, ularning umumiy soni 40 mingtaga yetkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

136

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing