Chegaralarda otishma va qurbonlar. Prezidentlar esa Samarqandda
Tahlil
−
17 Sentabr 2022
10859Shubhasiz, Samarqandda o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti butun dunyoda joriy hafta mavzusi bo‘ldi. Ammo shu bilan bir vaqtda sammitga kelgan mamlakatlar ichida va sarhadlarida juda qaltis vaziyat sodir bo‘lmoqda. Buni esa ayrim kuzatuvchilar Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini buzishga urinish, unga xalaqit berish sifatida baholamoqda.
Xo‘sh, ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turgan 14 ta davlat va hukumat rahbarlarining mamlakatlarida qanday harbiy jarayonlar ketmoqda? Hozir shu haqida.
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti boshlanishiga 2 kun qolganida, ya’ni 13 sentyabr kuni yarim tunda Ozarbayjon-Armaniston chegarasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Yerevanga ko‘ra, 13 sentyabr kuni Ozarbayjon Qurolli Kuchlari artilleriya va dronlardan foydalangan holda Armaniston hududini o‘qqa tuta boshlagan.
“13 sentyabr kuni soat 00:05 dan boshlab Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Goris, Sotk va Jermuk yaqinidagi arman pozitsiyalari yo‘nalishi bo‘yicha artilleriya, yirik kalibrli o‘q otish qurollaridan intensiv o‘qqa tuta boshladi”.
Qurolli to‘nqshauvlar avjiga chiqib, mamlakatdagi vaziyat izdan chiqishi oqibatida mehmon sifatida SHHTning Samarqanddagi sammitiga kelishi kerak bo‘lgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan tashrifni bekor qildi.
“Mavjud vaziyat tufayli Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan SHHT sammitida ishtirok etmaydi”, deyiladi Armaniston Hukumati Matbuot xizmati xabarida.
Pashinyanning sammitda ishtirok eta olmasligini o‘zbek siyosatchilari quyidagicha baholashdi:
Sayfiddin Jo‘rayev, professor:
— Uning Sammitga kelmayotgani yirik yutqazish emas. Tashkilot doirasida o‘zaro muloqot qilishning onlayn shakli yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, ishtirok etgan taqdirda bu kuzatuvchi davlatlarning, muloqotlarning to‘laqonli bo‘lishini ta’minlagan bo‘lar edi.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, qurolli to‘qnashuvni Armanistonning o‘zi boshlagani, arman harbiylarining keng ko‘lamli provokatsiya uyushtirganini bildirgan. Bakuning qayd etishicha, 12 sentyabrga o‘tar kechasi “Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan...”.
15 sentyabr kuni esa Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida Ozarbayjon Qurolli Kuchlari davlat chegarasi hududidagi sakkizta strategik tepalikda nazoratni qo‘lga olgani haqida xabarlar tarkaldi.
Ammo o‘sha kunning o‘zida Ozarbayjon Prezidenti, Respublika Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni Ilhom Aliyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida mehmon sifatida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga yetib keldi.
To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 50 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘ldi. Tomonlar 13 sentyabr kuni tongda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tiklashga kelishib oldi.
Qirg‘iz-Tojik chegarasidagi qurolli to‘qnashuv
Sammit arafasida, aniq qilib aytadigan bo‘lsak, 14 sentyabr kuni O‘zbekistonning yon qo‘shnilari Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida ham qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Chegarasidagi Buloq Boshi aholi manzilgohida yuz bergan otishmada har ikki davlat chegarachilari ham qatnashgan va tomonlar bunda bir-birini ayblagan.
Ko‘p o‘tmay ikki davlat rasmiylari Qirg‘izistonning Botken viloyati gubernatori Abdikarim Alimboyev va Tojikistonning So‘g‘d viloyati rahbari Rajabboy Ahmadzoda chegaradagi vaziyatni muhokama qilgan va ikki davlat chegara xizmatlari vakillari aloqada bo‘lib, restavratsiya ishlari olib borilayotgani haqida ma’lum qilingan.
Ammo huddi shu kunning o‘zida chegaraning boshqa bir punktida yana qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
“2022 yil 14 sentyabr kuni Botken tumanining Kak-Say hududida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari chegarachilari Botken chegara otryadining “Do‘stuk” posti chegarachilariga qarata o‘t ochdi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati chegarachilari javoban o‘q uzgan”, deyiladi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Chegara xizmati xabarida.
Tomonlarning har ikki to‘qnashuvida 8 kishi yaralangani, ikki kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ularning orasida esa chegarachilardan tashqari tinch aholi vakillari ham bor.
Ammo SHHT davlatining Prezidentlari Samarqand sammitidagi ishtirokini bekor qilmadi. Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Cadir Japarov 14 sentyabr kuni, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon esa 15 sentyabrda Samarqandga yetib keldi. Ikkisi ham O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi va sammit oldi uchrashuvlarda birga qatnashdi.
Bugun, 16 sentyabr tongida esa Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari chegaradagi yana bir qancha hududlarda otishma boshlashgan. Tomonlar doimgidek bir-birini ayblashda davom etmoqda.
Qirg‘iziston chegara xizmatining ma’lum qilishicha, 16 sentyabr kuni ertalab Tojikiston Qirg‘iziston chegara otryadlarini Eki-Tosh, Chir-Dobo, Qum-Mozor va Orto-Bo‘z hududlari hamda “Samarqandek” zastavasini o‘qqa tuta boshlagan. Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘iziston mamlakatning aholi punktlariga hujum qilgan.
Biroq bugun, 16 sentyabrning o‘zidayoq o‘t ochishni to‘xtatish va mojaroning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Xavlat Qo‘mitasi Chegara xizmati direktori general-mayor Ularbek Sharsheyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Rajabali Rahmonali o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida chegara idoralari rahbarlari uchrashuv uchun soat 10:00 dan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olishgan. Lekin otishmalar yana to‘xtamagan.
Tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidagi maktab binosini egallab olgani haqida mahalliy OAVda xabarlar va videolar tarqala boshladi. Unda esa tojik askarlari maktab binosiga o‘z bayroqlarini o‘rnatib qo‘ygani aks etgan. Qirg‘izistonning Botken shahri Tojikiston baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan o‘qqa tutilgani xabar qilindi.
Eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston bilan chegaradagi qurolli to‘qnashuvda jarohatlangan qirg‘izistonlik harbiylar soni 18 kishiga yetgan. Tojikiston esa hozircha bu bo‘yicha raqamlarni ochiqlagani yo‘q.
Vaziyat keskin tus olgach, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Samarqanddagi sammitda hotirjam bo‘la olmadi. Shu sababli u sammitni erta tark etishga qaror qilgan va zaldan chiqib ketdi. Bu haqidagi xabarlar qirg‘iz nashrlarida e’lon qilina boshladi. Ammo biroz vaqt o‘tib Japarov o‘z o‘rnini qayta egalladi va sammitni tark etmasligi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston esa qirg‘iz-tojik chegara kelishuvi uchun maydon vazifasini bajarib berdi. Samarqandda har ikki qo‘shni davlat Tojikiston va Qirg‘iziston uchinchi marta o‘q otishni to‘xtatish borasida kelishuvga erishdi.
Gap shundaki, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 980 km dan oshadi, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin uning o‘nlab bahsli uchastkalari saqlanib qolgan. Hozirgacha ikki davlat o‘rtasidagi 660 km dan ortiq masofa aniqlanib, delimitatsiya va demarkatsiya jarayonida kelishib olingan. Ayrim hududlarda vaqti-vaqti bilan chegaradosh hududlarning mahalliy aholisi o‘rtasida kelishmovchilik va nizolar kelib chiqadi.
Rossiya va Ukraina urushi
Xabaringiz bor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham SHHT sammitida qatnashish uchun O‘zbekistonga kelgan va u Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan Samarqandda Ukraina masalasida gaplashdi. Ko‘pchilik kuzatuvchilar sammit doirasida Ukraina masalasiga baribir to‘xtab o‘tiladi, hamkor davlatlar Putinga Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishni taqlif qiladi, degan tahminlarga borgan edi. Ammo faqatgina Hindiston Bosh vaziri Narendra Modigina Putinga yurak yutib Ukraina haqida gap ocha oldi.
“Ukrainadagi inqiroz ta’minot zanjirlarida jiddiy uzilishlarga olib keldi va butun dunyoni misli ko‘rilmagan darajada energiya va oziq-ovqat inqiroziga duchor qildi”, deydi janob Modi.
Shuningdek, Rossiya Ukrainadagi urushga qamoqdagi mahkumlarni yuborishni boshlagani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mahbuslarning birinchi karvoni Tambov viloyatida kuzatilgan. Uzunquloq gaplarga ko‘ra, Rossiya koloniyalaridan urushga 400 kishi olib ketilgan.
Bir so‘z bilan aytganda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi vaziyat hali-hanuz qaltisligicha qolmoqda va signallar urush yaqin orada to‘xtamasligiga ishora qilmoqda.
Shu sababli Putin Samarqanddaligida AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi.
Xususan, AQSH hukumati Rossiya Federatsiyasi bolalar ombudsmani Lvova-Belova, Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov va uning yaqinlari, Zaporoje viloyati davlat ma’muriyati rahbari Yevgeniy Balitskiy va “Biz Rossiya bilan birgamiz” harakati raisi Vladimir Rogov, Milliy to‘lov kartalari tizimi rahbari Vladimir Komlev, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Maksim Oreshkinga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.
Shuningdek, bugun Xitoydagi balandligi 200 metrdan oshiq bo‘lgan 42 qavatli “China telecom” binosiga o‘t ketdi. Unda ko‘plab odamlar tiriklayin yonib ketgani aytilmoqda. Mamlakatidagi kutilmagan vaziyat tufayli Si Szinpin Samarqanddagi sammit tugashi bilan birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonni tark etdi.
Sammitda ishtirok etayotgan boshqa mamlakatlarning chegaralarida esa tinchlik hukm surmoqda.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi