Charlz III yana uch davlat qiroli deb e’lon qilindi
Olam
−
12 Sentabr 2022
23519Joriy yilning 8 sentyabr kuni vafot etgan qirolicha Yelizaveta II ning o‘g‘li Charlz III kecha, 11 sentyabr kuni rasman Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya qiroli deb e’lon qilindi. Tadbir BBC radioeshittirish korporatsiyasi tomonidan translyatsiya qilingan.
Edinburgda deklaratsiyani Shotlandiya Geraldik palatasi raisi Jozef Morrou parlament maydonida, muqaddas Egidiya sobori yonida o‘qib eshittirdi. Charlz III Shotlandiya qiroli deb e’lon qilingandan so‘ng, artilleriyadan 21 ta o‘q uzildi. Edinburg markazida o‘tkazilgan marosim uchun bir necha ming kishi jamlandi.
Kardiff qal’asida proklomatsiya ingliz va uels tillarida Uels Geraldik palatasi rahbari Tom Lloyd va mintaqaning lord-leytenanti Morfidd Meredit tomonidan o‘qildi. O‘z navbatida, Xillsboro qal’asida – Shimoliy Irlandiyaning Daun okrugidagi rasmiy qirollik qarorgohi – Charlz III Shimoliy Irlandiya Geraldik palatasi rahbari Robert Noel tomonidan qirol deb e’lon qilindi. Shundan so‘ng artilleriya otishi va Britaniya madhiyasi yangradi.
Qirolicha Yelizaveta II payshanba kuni 96 yoshida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida vafot etdi. U Britaniya tarixidagi eng uzoq hukmronlik qildi – 70 yilu 7 oy. Yangi monarx uning to‘ng‘ich o‘g‘li, 73 yoshli Charlz bo‘ldi va u Charlz III ismini oldi.
15 davlatning rasmiy rahbari bo‘lgan Yelizaveta II vafoti munosabati bilan Buyuk Britaniyada 9 sentyabrdan boshlab milliy motam e’lon qilingan va u dafn marosimi kunigacha davom etadi.
Charlz III ning toj kiyish marosimi esa bir necha oydan keyin bo‘lib o‘tadi, uning sanasi hali e’lon qilinmagan.
Avvalroq Charlz III Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning yangi davlat rahbari deb e’lon qilingandi.
LiveBarchasi