Chandiq yuzli “mafiya otasi”. Al Kapone jinoiy imperiyasini qanday qurgan? (1-qism)

Bu qiziq

image

“Dushmanni o‘ldirishdan oldin uni boqing va semirtiring”.
“Mafiya otasi” Al Kapone

O‘tgan asrning 80-90 yillarida “mafiya” degan so‘z odamlar orasida ommalashdi. Ba’zilar bu so‘zni eshitishi bilan dag‘-dag‘ qaltirashga tushadi. Boshqalar esa o‘ta qiziquvchanlik bilan mafiya sirlarini bilishni istaydi. Sababi mafiya jinoyatning eng qonli va zulmatli olamidan hikoya qiladi. 1972 yilda mashhur yozuvchi Mario Pyuzo tomonidan yozilgan “Cho‘qintirgan ota” (Valine’mat) romani mafiya sirlarini dunyoga fosh etdi. Odamlar orasida “Don Korleone (Valine’mat) real hayotda ham mavjudmi”, degan savollar tug‘ildi.

Bugun jinoyat dunyosining tubidan, mafiya otasi darajasiga ko‘tarilgan eng mashhur amerikalik gangster Al Kaponening jinoyat yo‘li haqida hikoya qilamiz.

Al Kaponening yoshligi

Al Kaponening asl ismi Alfonso Gabriel Kapone bo‘lib, uning qayerda tug‘ilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Mafiya otasining AQSH politsiyasiga bergan ma’lumotida, u o‘zini 1899 yil 17 yanvar kuni Nyu-York shahrida dunyoga kelganligini aytgan. Lekin u haqdagi ba’zi ma’lumotlarda Al Kapone 1895 yilda tug‘ilganligi qayd etilgan. U oilada to‘qqizinchi farzand bo‘lgan.

Yosh Kapone yoshligidan tajovuzkor bo‘lgan. Uning bu xarakteri maktabda yaqqol namoyon bo‘ldi. Bo‘lajak mafiya sardori maktabdagi sinfdoshlarini ayamay do‘pposlar hatto, o‘qituvchilarga ham qo‘l ko‘targan. O‘n to‘rt yoshida Kapone maktabni tashlab ketib, Nyu-Yorkdagi taniqli “Besh nuqta” jinoiy to‘dasining safiga qo‘shiladi. Jinoiy guruh rahbari Jonni Torrio yosh Kaponeda istiqbolni ko‘rdi. Torrio bo‘lajak mafiya otasiga jinoyat olamining qonun qoidalarini, sir-asrorlarini o‘rgatdi.

Mashhur chandiq tarixi 

Al Kapone Torrio to‘dasining makoni hisoblangan bilyard klubida barmen bo‘lib ishladi. Uning vazifasi mijozlarga ichimlik quyib berish va mast bo‘lib qolganlarni klubdan haydashdan iborat bo‘lgan.

Kapone yuzidagi chandiqni aynan shu bilyard klubida orttirib olgan. U bir kuni klubdagi go‘zal qizga qo‘pol muomala qildi. U go‘zal o‘sha yerda o‘tirgan gangster Frenk Galluchioni singlisi (ba’zi manbalarda xotini ham deyilgan) edi. Natijada Kapone va Galluchio o‘rtasida mushtlashuv boshlanib ketadi. Galluchio bo‘lajak mafiya sardorining yuziga pichoq tortadi. Pichoq Kaponening chap yanog‘ida uchta mashhur chandiqni qoldirdi.

Jinoyat olamidan uzoqlashish

O‘smirligidanoq jinoiy davralarda aylanib yurgan Kapone yengil tabiatli ayollar bilan ko‘p aloqada bo‘lgan. Buning oqibatida 16 yoshida mafiya sardori sifilis kasalligiga chalindi.

Al Kapone 19 yoshida irlandiyalik Meri Jozefina Kaflinga uylandi. Aynan shu ish mafiya otasining jinoyat olamidagi faoliyatini bir muddat to‘xtatishga sabab bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, voyaga etmagani sababli Kapone ota-onasining roziligisiz nikoh o‘qita olmasdi. Sababi, ota-ona nikoh uchun rasmiy idoraga yozma ruxsatnoma yozib berishi shart bo‘lgan. Al Kaponening otasi Gabriel o‘z o‘g‘liga bunday rozilikni faqat bittagina shart bilan berdi. Bu ham bo‘lsa Kapone jinoyat olamini tark etishi kerak edi. Mafiya sardori otasini juda hurmat qilgan. Shuning uchun otasiga qarshi chiqmay jinoyat olamini bir muddatga tark etdi. 

Yosh oila Baltimor shahriga ko‘chib o‘tdi. Sobiq jinoyatchi bir kompaniyaga buxgalter bo‘lib ishga kirdi. Biroq, Al Kapone halol hayotda uzoq yashay olmadi. 1920 yilda Kaponening otasi vafot etdi. Shu vaqtda Alfonso o‘zining eski tanishi Jonni Torrio bilan ko‘rishib qoldi. O‘sha vaqtda Jonni Torrio Chikagoda bir nechta fohishaxona va klublar ochgan “Katta Jim” laqabli Jeyms Kolozimo qo‘l ostida ishlayotgan edi. Torrio Kaponeni ishga taklif qildi. Bo‘lajak gangster bunga rozi bo‘lib, Chikagoga ko‘chib o‘tdi.

Omad keltirgan Chikago

Aynan Chikago shahrida Al Kapone mafiya olamida shuhrat qozondi. O‘sha vaqtda shaharda turli jinoiy guruhlar mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar yuz berib turgan. Chikagoga kelgan Kapone Jeyms Kolozimo qo‘l ostidagi fohishaxonalarning birida ish boshqaruvchi bo‘lib ishladi.

1920 yilda AQSH hukumati spirtli ichimliklarni ishlab chiqarishga qarshi qonun joriy qildi. Unga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab spirtli ichimlik sotish va ishlab chiqarish taqiqlandi. Buning natijasida AQSHda spirtli ichimliklar narxi 10 barobarga oshdi. Bu jinoiy to‘dalar uchun haqiqiy boylik edi. Ular bu vaziyatdan ustalik bilan foydalanishdi. Ko‘plab gangsterlar spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish va kontrabanda orqali mamlakatga olib kirish bilan shug‘ullandi.

Jonni Torrio xo‘jayini Jeyms Kolozimoga spirtli ichimlik savdosi bilan shug‘ullanishni taklif qildi. Ammo, Kolozimo bunga rad javobini berdi. Biroz vaqt o‘tgach, u kafelardan birida otib ketildi. Bu qotillik kim tomonidan uyushtirilganligi noma’lum. Ammo, ikkita taxmin bor. Birinchi Jonni Torrio. Ikkinchisi Al Kapone.

“Katta Jim” o‘lgach Jonni Torrio uning vorisi bo‘ldi. Kapone esa uning o‘ng qo‘liga aylandi. Chikagoda mafiya to‘dalari o‘rtasida spirtli ichimliklar bozorini qayta taqsimlash boshlandi. Torrio guruhi Chikagodagi irlandiyalik jinoiy to‘da bilan raqobat qildi. Dastlab, tomonlar faqat bir-biriga tegishli bo‘lgan alkogol ortilgan yuk mashinalarini talon-taroj qilishdi. Ammo, irlandlar bir kuni Torrio pivo zavodni sotib olayotgan vaqtda uni politsiyaga tutib berishdi. Jonni Torrio katta pora evaziga qamoqxonadan chiqdi va darhol irlandlarning yetakchisi Dino Obanenga suiqasd rejalashtirdi. Bu operatsiyaga shaxsan Al Kapone bosh-qosh bo‘ldi. Obanen o‘zning gul do‘konida vahshiylarcha otib o‘ldirildi. Albatta, irlandlar bunga jim qarab turishmadi. Bunga javoban ular Torrioga hujum qilib, mashinasini o‘q bilan ilma teshik qilishdi. Ammo, bu uning o‘limi uchun yetarli bo‘lmadi. Jonni Torrio bir nechta jiddiy jarohat oldi. O‘sha vaqtda Al Kaponega ham suiqasd uyushtirilgan edi. Biroq, Kapone bundan qutulib qolgan. 

Mafiya sardori

Torrioning jarohatlari juda og‘ir edi. Shu sababli u boshqaruvni Al Kaponega topshirib nafaqaga chiqishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib bir necha yil oldin barmen bo‘lib ishlagan Al Kapone Chikagodagi eng kuchli jinoiy to‘daning gangsteri bo‘ldi. 

Yangi e’lon qilingan boss birinchi bo‘lib ishni shu paytgacha jinoyat olamiga noma’lum bo‘lgan “reket” tushunchasini kiritishdan boshladi. Ya’ni ishbilarmon va tadbirkorlardan unga katta miqdorda tovon to‘lab turushni, buning evaziga esa ularni boshqa to‘dalardan va ba’zan politsiyadan himoya qilishini taklif qildi. Agar tadbirkorlar buni rad etsa, uning korxonasi yoki o‘zi “yo‘qolib” qolishi mumkin edi.

Vaqt o‘tishi bilan Kapone “pul yuvish” evaziga ya’ni, politsiya va yuqori martabali siyosatchilarni pora evaziga sotib oldi. Aytgancha, “pul yuvish” sxemasining ixtirochisi aynan Al Kapone hisoblanadi.

Mafiya otasi shahar chekkasidan to‘rt qavatli binoni sotib olib o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Kapone to‘rt qavatli binoni muhtasham barga aylantirdi. U yerda pivo zali, kazino va fohishaxona qavatma-qavat joylashgan edi. Mafiya gangsterlari o‘rtasida fohishalik bilan shug‘ullanish eng kamsituvchi kasb hisoblangan. Ammo, Al Kapone buni nihoyatda katta foyda keltiruvchi biznesga aylantirdi. Bu ish unga yiliga 35 million dollar foyda keltirdi. Bugungi kunga hisoblanadigan bo‘lsa, bu taxminan 420 million dollarni tashkil etadi.

Pul qanday yuviladi?

Al Kaponening shaxsiy biznesi AQSHda o‘sha yillarda taqiqlangan spirtli ichimliklar kontrabandasi bilan bevosita bog‘liq hisoblangan. Bu esa noqonuniy daromadni qonuniylashtirish zaruratini tug‘dirgan. Buning uchun mafiya aholiga kir yuvish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tarmoqlarni ochdi. Bu shoxobchalarda xizmatlar narxi shunchalik past bo‘lganki, mijozlar sonini hisoblab bo‘lmasdi. Shunday qilib, aslida spirtli ichimliklar savdosidan olingan katta foyda hujjatlarda rasmiy ravishda kir yuvish shoxobchalaridan kelgan qilib ko‘rsatilgan. Bu usul “pul yuvish” deb nomlangan.

Pul daryo bo‘lib oqib kela boshladi. Bir haftada Al Kapone 300 ming dollarga yaqin daromad oldi. Albatta, bu daromad to‘da a’zolari o‘rtasida teng taqsimlangan. Gangster shahar politsiyasi va o‘nlab mansabdor shaxslarga yuz minglab dollar pora berib, ularning og‘zini “moylab” turgan.

O‘sha vaqtdagi Chikago shahrining meri Uilyam Tompson (Tompson AQSH tarixidagi eng buzuq va prinsipsiz siyosatchilardan biri hisoblanadi) Al Kaponedan katta “sovg‘alar” olib turgan. Buning evaziga shahar meri Kaponening qilmishlariga ko‘z yumgan. 1927 yilgi saylovda mafiya sardori Uilyam Tompsonni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Bu qo‘llash ortidan Tompson merlik “kreslo”sida yana umrguzaronlik qildi. 1944 yilda Tompson o‘limidan so‘ng uning uydagi seyfi tekshirilganda 2 million dollarga yaqin naqd pul topilgan.

Al Kapone o‘zining eng asosiy dushmanini yo‘q qilish uchun ayyorona reja tuzib, qirg‘in uyushtirdi. Bu qirg‘in 1929 yil 14 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Ushbu voqea “Avliyo Valentin kuni qatliomi”, degan nom bilan tarixda qoldi. Qirg‘in haqida batafsil Al Kapone haqidagi keyingi maqolamizda to‘xtalib o‘tamiz. Shunday qilib, Alfonso Chikagoda irland, rus va meksikan to‘dalarini yo‘q qilib, shaharda o‘zining mafiya imperiyasini yaratdi.

Al Kapone Chikagoda o‘z hukmronligini o‘rnatgach, AQSHdagi boshqa yirik to‘dalar bilan aloqa o‘rnatib, bir yaxlit oila tuzishni reja qildi.

QALAMPIR.UZ mafiya otasi Al Kaponening jinoyat yo‘lini yoritishda davom etadi. Keyingi maqolamizda, Kapone va Laki Luchano asos solgan “Cosa Nostra” mafiya to‘dasining tashkil etilishi hamda mafiya sardorining ayanchli qismati haqida ma’lumot beramiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

600

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing