“Raddom”dan yana o‘lik chiqdi
Tahlil
−
23 noyabr
6461O‘zbekistondagi tug‘uruqxonalardan onalar va bolalar o‘ligi chiqishda davom etmoqda. QALAMPIR.UZ’ga Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan 7-tug‘uruqxonaga “suvi ketib kelgan” homilador ayolga hech kim qaramagani oqibatida bola onaning qornida suvsiz qolib vafot etganini aytib murojaat qilishdi. Tahririyat holatni o‘rganish maqsadida tug‘uruqxonaga bordi.
“19 noyabr kuni kelinimdan suv ketib qoldi. “Roddom”ga kelganimizda hech qanday yordam berishmadi. Yordam beringlar desak, nimaga vahima qilyapsizlar deb bizni urishib berishdi. Oradan bir kun o‘tganidan keyin homilador kelinimni tekshirib, kelin ham, chaqaloq ham yaxshi ekanini aytishdi. Suv ketishiga qaramasdan tug‘ishi uchun hech narsa qilishmadi. 19 noyabrdan 22 noyabrgacha suvi ketgan holda tug‘uruqxonada saqlashdi. Biz ulardan kesarcha yo‘li bilan bolani tug‘dirib olishlarini so‘radik, afsuski, bizni hech kim eshitmadi.
Meni bir narsa hayron qoldirdi. Tug‘ish uchun kelgan har bir ayolga shifokor gaplashganmisizlar degan savolni berishyapti. Nega endi shifokor gaplashib, unga oldindan pul berib kelishimiz kerak. Gaplashib kelmaganlarga qaralmaydimi? Kelinim xonada dard chekib yotganda ham, 22-sanada tug‘ish zaliga olib tushishganda ham u bilan hech kimning ishi bo‘lmadi”, deydi kelinning qayni opasi.
Ayolning yaqinlariga ko‘ra, u tug‘uruq davriga qadar doimiy shifokorlar nazoratida bo‘lgan. Bolada qandaydir nuqson borligi aytilmagan. Hattoki tug‘uruqxonada o‘tkazilgan UZI tekshiruvlarida ham bolaning ham, onaning ham yurak urishlari eshitilib, ular sog‘ligini aytishgan.
“Kelinimiz sog‘lom edi. Bola ham yaxshiligini aytishgandi. “Roddom”dagi shifokorlarning bee’tiborligi sababli bola o‘lik tug‘ildi. Suv ketganidan bolamiz qurib qoldi”, deydi qayni opa.
O‘lik farzandni dunyoga keltirgan ayolning aytishicha, shifokorlar bolaning o‘lganidan uni tug‘uruq zaliga olishdan oldin xabar topishgan. U buni shifokorlarning harakatlaridan payqagan.
“22 noyabr kuni xonaga kirib bolaning yuragini eshitishdi. Ana o‘shanda ko‘pchilik bo‘lib ketdi tepamda. Ular tekshirishidan oldin UZIga tushgan edim. Hammasi yaxshi, degandi shifokor. Negadir oradan ozgina vaqt o‘tib, tekshirishganda hamma bir-biriga qarab ko‘z bilan gaplashishni boshladi. Tug‘uruq zaliga olib o‘tishdi va bir-biri bilan “endi nima deb aytamiz” deb gaplashdi. Men bolamni ahvolini so‘raganimda hammasi joyida deb tinchlantirishdi meni. Yog‘larni surib, bolamni chiqarib olishdi. Keyin bilsam, bolam ichimda o‘lib bo‘lgan ekan. Bu yerda hammaning oldindan gaplashgan shifokori bor ekan. Hamma o‘zining bemori bilan ovora. Xuddi mendek suv ketib kelganlarga ham o‘zining gaplashgan doktori tez qaradi. Lekin menga 3 kun e’tibor berishmadi”, deydi farzandi o‘lik tug‘ilgan ayol.
7-son tug‘uruqxona Bosh shifokori o‘rinbosarining aytishicha, tug‘uruqxonadagi har bir ayolning salomatligi doimiy ravishda nazoratda bo‘ladi. Bolaning ham, onaning ham yurak urishi har yarim soatda tekshirib turiladi. Bu holatda ham ona va bolaning holatida hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Lekin tug‘ish vaqtiga yaqin qolganda bolaning yurak urishi eshitilmagan.
“Masalan, hozir tug‘uruq zalimizda muddatdan oldin qog‘onoq pardasi yorilgan homilador ayollar yotishibdi. Xuddi shu holatda ham ayolda tabiiy tug‘uruq boshlanishini kutamiz. Chunki tabiiy tug‘uruqda boshlangan tug‘uruqqa yetadigani yo‘q. Agar tug‘uruq faoliyati boshlanmasa, haqiqatan, klinik bayonnomalarimizga ko‘ra, u bir sutkadan oshiq bo‘lishi kerak emas, ana undan keyin boshqa yo‘llar bilan tug‘dirishni o‘ylaymiz”, deydi 7-tug‘uruqxona Bosh shifokor o‘rinbosari.
Ayolning yaqinlari shifokorlar uning tabiiy tug‘urug‘i boshlanishini 12 emas, 24 soatdan ko‘p kutishgani va bu bolaning nobud bo‘lishiga olib kelganini aytmoqda. Bola sog‘lom dunyoga kelishi uchun ayol ham, uning oilasi ham xalq tili bilan aytganda “keserva” qilishga rozi bo‘lishgan, ammo shifokorlar bunga ko‘nmagan. 7-son tug‘uruqxona bosh shifokori Zafarjon Ilhomovning aytishicha, kesarcha yo‘li bilan bolani tug‘dirishning o‘ziga yarasha qoidasi bor.
Tug‘uruqxona shifokori va ayolning yaqinlari bola nega o‘lik tug‘ilganini bilish maqsadida 5-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasiga borishgan va boladan turli namunalar olingan. Shifoxona bergan Patologoanatomik tashxisining dastlabki xulosalarida homila 40 soat suvsiz qolgani aytilgan:
• Gipoksiyadan keyingi ensefalomalyasiya (miya yumshashi);
• Reanimatsiyadan keyingi o‘pkalarning bullyoz emfizemasi (havo bilan to‘lishi);
• Venoz qon tomirlarda qon to‘planishi va organlarning distrofiyasi;
• Yurak bo‘shliqlari va yirik tomirlarda qoramtir suyuq qon;
• Ichki organlarning shilliq va seroz pardalarida mayda qon ketishlar.
Shifokorlarning aytishicha, 5-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasida bolaning turli to‘qimalaridan olingan namuna javoblari e’lon qilinadi va bola nima sababdan o‘lik tug‘ilgani aniq bo‘ladi.
LiveBarchasi