“Buzoqni yugurgani somonxonagacha”. Ispaniya baribir gazni tejashga o‘tdi
Olam
−
26 avgust 2022
7698Kecha, 25 avgust kuni Ispaniya Parlamenti mamlakatda avvalroq muhokamalarga sabab bo‘lgan gazni tejash rejasini tasdiqladi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentda ushbu qarorni 187 nafar deputat yoqlab chiqqan bo‘lsa, 161 nafari qarshi ovoz bergan.
Yangi chora-tadbirlarga qarshi chiqqan hududlarning noroziligini inobatga olgan holda, hukumat biroz yon bergan. Bu yon berish qonun loyihasiga o‘zgartirishlar kiritish imkoniyatini nazarda tutadi.
Ushbu chora-tadbirlar ma’muriy binolar, vokzallar, aeroportlar, barlar, restoranlar, mehmonxonalar, savdo, madaniyat va ko‘ngilochar muassasalarga tegishli. Unga ko‘ra xususiy kompaniyalar va davlat idoralari binolarni 27 °S dan past haroratda sovutmasliklari kerak. Qishda xonalarni maksimal 19 °S gacha isitish mumkin.
Bundan tashqari, soat 22:00 dan boshlab do‘konlar vitrina yoritgichlarini o‘chirishi, sentyabr oyi oxirigacha esa barcha konditsionerli yoki isitiladigan binolarga eshiklarni avtomatik yopish mexanizmlarini o‘rnatish kerak. Ushbu talablarga rioya qilmaganlik uchun 60 ming yevrodan 100 milliongacha jarima ko‘zda tutilgan.
Ushbu reja 2023 yilning noyabrigacha amal qilishi belgilangan. Shu tariqa Ispaniya gaz iste’moli sarfini 7 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Ispaniya avvalroq Yevrokomissiya tomonidan taklif etilgan gaz iste’molini kamaytirish rejasini qo‘llab-quvvatlamagan edi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi