Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etishda davom etadi!
Biznes
−
25 mart 2022
7475An’anaviy tanlovlardan biriga aylanayotgan “Yoshlar ovozi”ning yangi mavsumiga start berilgani haqida tanlovning bosh tashkilotchisi – Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev o‘zining Telegram kanali orqali xabar qildi.
Mazkur tanlov Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan bo‘lib, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda o‘tgan yili ta’sis etilgan bo‘lib, o‘sha yilning o‘zidayoq 3 mingga yaqin yoshlarni o‘z atrofida birlashtira oldi.
Katta festivalga aylangan tanlovning yakuniy bosqichiga Qoralpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumani mezbonlik qilgan edi. Qayta tashkil topgan, navqiron tuman sifatida maydonga chiqqan Bo‘zatov tumanining ovozasi birgina tanlov orqali butun respublikaga yoyildi. Mamlakatimizning har bir hududidan saralangan 87 nafar yosh aynan shu maskanda jam bo‘lishib, hayotlarini yangi yorqin sahifalar bilan bezatishga sabab bo‘ldi. Ovoz imkoniyatlaridan kelib chiqib, nufuzli hakamlar hay’ati a’zolari 21 nafar yoshni eng iste’dodli deb topib, g‘oliblikka munosib ko‘rishdi. G‘oliblar o‘z o‘rinlariga qarab, 50 mln, 25 mln hamda 15 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandilar. Shuningdek, qolgan ishtirokichlarni rag‘batlantirish maqsadida har bir ishtirokchiga 5 mln so‘m pul mukofoti berildi.
Shuni aytish kerakki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi nomidan qatnashgan 6 nafar ishtirokchining 5 nafari tanlov yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga musharraf bo‘ldi. Toshkent viloyati vakilasi Go‘zal Abdullayeva tanlovning respublika bosqichida faol ishtirok etgan bo‘lib, yangi marralarni zabt etishi uchun qaysidir ma’noda tanlovning o‘rni bo‘ldi. U Prezidentimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, tanlov o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishda dadil odimlab bormoqda.
O‘tgan yilgi mavsum haqida so‘z borganda shuni aytish kerakki, hududiy kasting bosqichlarida chiqqan har bir ishtirokchining chiqishlari to‘liq tasvirga olinib, tanlovning Telegram’dagi rasmiy kanallariga joylashtirildi. Shuningdek, tanlovning respublika bosqichida ham shunday yo‘l tutildi. Maqsad esa tanlovda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, hech bir e’tirozlarga o‘rin qoldirmaslik edi. Tanlovning hududiy kasting bosqichidan o‘ta olmagan, biroq ularning kelajakka bo‘lgan umidini so‘ndirmasdan, ularni rag‘batlantirish borasida hududiy gala-konsertlar uyushtirildi. Milt etgan iste’dod egasi katta sahnada o‘z san’atini namoyish qilishi uchun shu yerning o‘zida imkoniyat yaratildi.
Tanlov haqida so‘z borganda uning madhiyasi haqida ham to‘xtalmay iloj yo‘q. Taniqli estrada yulduzlari bilan birgalikda mavsum ishtirokchilari tomonidan kuylangan ushbu madhiya tez fursatlar ichida ommalashdi. Taniqli san’atkorlar ishtirokida “Yulduzlar Bo‘zatovga chorlaydi!”, respublika bosqichi ishtirokchilari orasida esa “Bo‘zatov bizni kut!” kabi fleshmoblar ham yoshlarni tanlovga bo‘lgan qiziqishini ortishiga hissa qo‘shdi.
Bu yil tanlov Nizomiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani bois, unda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uch yosh toifasida (10-15 yosh, 16-22 yosh va 23-30 yosh) ishtirok etadilar. O‘tgan yili esa 6 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 3 ta yo‘nalish (an’anaviy ijro va baxshichilik, opera, estrada)ning birida qatnashish imkoniyatiga ega edi. Tanlov yo‘nalishi bittaga ortib, an’anaviy ijro va baxshichilik yo‘nalishlari ikkita yo‘nalishga ajratildi. Bu ham ishtirokchilar uchun o‘z ovoz imkoniyatlarini sinab ko‘rishlari va iste’dodlarini namoyon qilishlari uchun yana bir afzallikdir. Shuningdek, tanlov har bir mahalladan boshlanib, sektor, tuman, viloyat va respublika bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Olis hududdan tortib yaqin manzillarda yashayotgan har bir yoshning ovozi, iqtidori rag‘batsiz qolmasligini ta’minlash, ularning iste’dodlari bo‘y ko‘rsatishi uchun zamin hozirlash – bosh maqsad.
Yangi ovozlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishi uchun keng yo‘l ochib berishga qaratilgan tanlovning yakuniy bosqichi bu yil ham Qoralpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rin sohibi 50 mln, ikkinchi o‘rin egasi 30 mln va uchinchi o‘rin sovrindori 20 mln so‘mdan pul mukofotiga sazovor bo‘ladi. Shuningdek, respublika bosqichining qolgan ishtirokchilari 10 mln so‘mdan rag‘batlantiriladi.
Tanlovda ishtirok etishni istagan yoshlardan Telegram’dagi @YoshOvozBot orqali ro‘yxatdan o‘tish so‘raladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni tanlovning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari hamda mahallalardagi Yoshlar yetakchilaridan olish mumkin.
“Yoshlar ovozi” tanlovi media shtabi
LiveBarchasi