Buyuk Britaniya G‘arbni Rossiyaga ishonmaslikka da’vat etmoqda
Olam
−
17 fevral 2022
5730Rossiya-Ukraina mojarosi yuzasidan muzokaralar o‘tkazish uchun rasmiy tashrif bilan Kiyevga kelgan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass Moskavani ogohlantirdi.
“G‘arb Moskvaning qo‘shinlarni ortga qaytarayotgani haqidagi soxta va’dalariga uchmasligi kerak”, degan Britaniya TIV rahbari.
Garchi Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina chegarasidagi qo‘shinlar ortga qaytarilayotgani haqida ma’lum qilgan bo‘lsa-da, AQSH va G‘arb rasmiylari ushbu bayonotga ishonmayapti.
AQSH Prezidenti Adminstratsiyasi rasmiysiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarni ortga qaytarish o‘rniga yana 7 000 harbiyni chegara bo‘ylab joylashtirgan. Uning ushbu da’vosini 16-17 fevral kunlari Bryusselda o‘tkazilgan NATO davlatlari Mudofaa vazirlari yig‘ilishida Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles ham tasdiqlagan.
Unga ko‘ra, Kreml Ukrainaning birinchi bo‘lib hujumni boshlagani haqidagi “yolg‘on xabarlarni tarqatish”ga urinadi.
“Bizning qo‘limizda qo‘shinlar ortga qaytayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q. Rossiya Ukrainani ag‘dar-to‘ntar qilib, G‘arbning birligiga putur yetkazish uchun haftalar yoki oylar davomida sekin harakat qiladi, degan hom xayolga berilmasligimiz kerak. Rossiya xohlagan payt hujumni boshlashi mumkin”, degan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass.
Ukrainaga uyushtirilgan safar oldidan Trass xonim, “Rossiya-Ukraina atrofidagi ziddiyatlar jasoratimizni sinovdan o‘tkazadi”, deya ta’kidlab, Kremlni ogohlantirgan.
Prezident Vladimir Zelenskiy esa Rossiya bilan mojarolar boshlanganidan buyon Ukrainaning tarafini olib kelayotgan Buyuk Britaniyaga tashakkur bildirish maqsadida Twitter’da post qoldirdi.
U Britaniyaning doimiy qo‘llovi uchun “Boris Jonsondan juda minnatdor” ekanini aytgan va ittifoqchilarini “mintaqada xavfsizlikni ta’minlash uchun tezroq birlashish”ga chaqirgan. Birlashish ma’nosida Zelenskiy Ukrainaning NATOga tezroq a’zo bo‘lishini ko‘zda tutayotgani tabiiy.
Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar sabab Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi ortidan Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi.
15 fevralga kelib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova G‘arbning taxminlari puch bo‘lib chiqqanini aytib, 15 fevral G‘arbning urush targ‘iboti barbod bo‘lgan kun sifatida tarix kirishini ma’lum qildi. Blinken esa hamon Rossiya shu haftada Ukrainaga qarshi “harbiy tajovuz” qilishi ehtimoldan yiroq emasligini aytmoqda.
LiveBarchasi