Turk kompaniyasi O‘zbekistonda yangi yirik gaz stansiyasini quradi
Olam
−
02 iyun 2020
6525Turkiyaning Aksa Energy kompaniyasi O‘zbekistonda quvvati 240 MVt bo‘lgan yangi gaz stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini yo‘lga qo‘ymoqda. Loyiha kompaniya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan imzolangan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
COVID-19 pandemiyasidan kelib chiqqan ba’zi bir qiyinchiliklarga qaramay, kompaniya stansiya qurilishini bir yilda yakunlash niyatida. Ma’lum bo‘lishicha, ishni tezlashtirish uchun kompaniyaning ba’zi mutaxassislarini boshqa mamlakatlardan O‘zbekistonga o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Loyiha “davlat-xususiy sherikchilik” zamonaviy investitsiya modeli asosida amalga oshiriladi. Aksa Energy 25 yil davomida elektr stansiyasini quradi va ishga tushiradi. O‘zbekiston tomoni stansiyani tabiiy gaz bilan ta’minlash va u ishlab chiqaradigan elektr energiyasini sotib olish kafolatini o‘z zimmasiga oldi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Aksa Energy elektr stansiyalari ishlab chiqarish bozorida dunyodagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, o‘z mahsulotini 165 mamlakatga eksport qiladi. Istambul (Turkiya) va Chanchjou (Xitoy) da joylashgan o‘z zavodlarida generator to‘plamlarini ishlab chiqaradi.
LiveBarchasi