Bo‘stonliqda suv tekinga ajratilgan yerni $3 mlnga sotayotgan MCHJ mansabdorlari ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida sarmoya kiritish uchun ajratilgan yer maydonini 3 million AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan "Mega Building Business" MCHJ mansabdor shaxslari ushlandi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi "Sariqonli" fermer xo‘jaligi hududidagi 40 gektar yer maydoni "Mega Building Business" MCHJga 30 million so‘mga berilgan.

Ushbu maydonda mehmonxona, kottej shaharchasi, oshxona va savdo markazi, shuningdek, 140 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurilishi kerak edi. Yer uchastkasi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining 2019 yil 19 martdagi dalolatnomasiga asosan Bo‘stonliq tumani hokimining qarori bilan ajratilgan.

“Kompaniya shu paytgacha "Chorvoq" turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi oldida yuqoridagi investitsiya majburiyatlarini bajarmagan. Bu “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi a’zosi maqomini yo‘qotishga, soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilishga, to‘lanmagan soliq va bojxona to‘lovlarini to‘liq undirishga olib keladi”, deyiladi xabarda.

O‘tgan yilning 14 dekabr kuni esa Toshkent viloyati prokuraturasi Bo‘stonliq tumani hokimining 2019 yil 3 apreldagi 3-son qarorini bekor qilish yuzasidan Toshkent viloyati hokimligiga protest kiritgan. 

Joriy yilning 15 aprel kuni esa Bosh prokuratura, IIV Yer resurslarini o‘g‘irlashning oldini olish departamenti va Departamentning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida "Mega Building Business" MCHJ mansabdorlari investitsiya uchun ajratilgan yer uchastkalarini 3 million AQSH dollarga sotishga urinib, avans sifatida 180 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

91

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing