Burkina-Fasoda harbiylar davlat to‘ntarishi amalga oshirdi

Olam

image

Kecha, 30 sentyabr kuni g‘arbiy Afrikada joylashgan Burkina-Fasoda harbiylar davlat to‘ntarishini amalga oshirib hokimiyatni qo‘lga kiritdi va podpolkovnik Pol-Anri Sandaogo Damibani prezident lavozimidan chetlatdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, 30 sentyabr kuni davlat televideniyesi orqali bir guruh harbiylar jonli efirga chiqib, davlat rahbari lavozimidan chetlatilganini e’lon qilgan.

“Biz bir necha bor Damibani e’tiborini xavfsizlik masalalariga qaratishga urinib ko‘rdik. Damibaning harakatlari va uning ambitsiyalari bizning maqsadlarimizdan asta-sekin chekkaga chiqayotganini ko‘rsatdi. Biz Damibani olib tashlashga qaror qildik”, deya ta’kidlagan harbiylar

Shuningdek harbiylar, mamlakat hukumati tarqatib yuborilishi, konstitutsiya va har qanday siyosiy faoliyatning to‘xtatilishi haqida e’lon qildi. Ularning buyrug‘iga ko‘ra, Burkina-Faso chegaralari noma’lum muddatga yopilgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Harbiy to‘ntarish natijasida Kapitan Ibrohim Traore Burkina-Fasoning yangi rahbariga aylangan.

Burkina-Fasodagi mahalliy OAVga ko‘ra, 30 sentyabr kuni erta tongda armiya bo‘linmalari Prezident saroyi va unga olib boruvchi xiyobonni to‘sib qo‘ygan. Damiba yosh askarlar tomonidan hibsga olingan va ular bilan kun davomida muzokaralar olib borgan, ammo, hammasi uning hokimiyatdan chetlatilishi bilan yakunlangan. Ayni vaqtda Damibaning qayerda ekanligi noma’lum.

Ma’lumot o‘rnida, Joriy yilning 24 yanvarida ham harbiylar Burkina-Fasoda to‘ntarish amalga oshirib, hokimiyatni qo‘lga kiritgan va prezident Kaboreni lavozimidan chetlatib, hukumat va parlamentni tarqatib yuborgan edi. Ana shu vaqtda isyonchi harbiylarni Damibaning o‘zi boshqargan. Damiba 31 yanvarda Prezident, Davlat rahbari va Oliy qo‘mondon deb e’lon qilinib. 1 mart kuni hokimiyatni keyingi uch yil davomida harbiylar qo‘lida saqlab qolishni nazarda tutuvchi o‘tish davri nizomini qabul qilgan. Keyinchalik bu muddat 24 oyga qisqartirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

273

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing