Burkina-Faso Prezidenti isyonkor harbiylar tomonidan asirga olindi
Olam
−
24 yanvar 2022
5450Bugun, 24 yanvar kuni Burkina-Faso Prezidenti Roch Mark Kristian Kabore isyonkor harbiylar tomonidan hibsga olingani aytilmoqda. Prezident o‘z qarorgohi atrofida uni qo‘riqrlash uchun tikilgan harbiylar chodirida qo‘lga olingan.
Voqeadan bir kun oldin, kecha, 23 yanvar kuni kechqurun Prezidentning poytaxt Uagadugudagi qarorgohi atrofida bir nechta o‘q ovozlari eshitilgan. Bildirilishicha, Roch Kaboreni qo‘riqlash uchun borgan harbiylar uni mamlakatda bir necha yillardan beri harbiylarga qarshi kurashib kelayotgan qurollangan jangari guruhlar ustidan g‘alaba qozona olmaganlikda ayblab asirga olishgan.
Bugun ertalab Prezident qarorgohi tomonidan bir nechta zirhli mashinalarning o‘qlardan zararlangan holatda noma’lum tomonga qarab harakatlanib ketgani aks etgan video lavhalar tarqalgan. Yana bir lahvada katta ko‘chada tashlab ketilgan Prezident xavfsizlik xizmatining avtomobilida o‘q va qon izlarini ko‘rish mumkin.
Mamlakat hukumati Prezident asirga olinib, hokimiyat harbiy isyonchilar qo‘liga o‘tgani haqidagi xabarlarni inkor qilmoqda.
Voqeadan bir kun oldin Prezidentning Twitter’dagi akkauntida qurol ko‘targanlar qurollarni tushirishi kerakligi haqida post paydo bo‘lgan.
“Xalqimiz og‘ir damlarni boshidan kechirmoqda. Shunday qaltis vaziyatda mamlakatimiz demokratiyasini saqlab qolishimiz kerak”, deya yozilgan Roch Kaborening Twitter’ida. Hozircha ushbu postning muallifi aynan Prezidentning o‘zi yoki boshqaligi ma’lum emas.
“Reuters” axborot agentligi jurnalistining xabar berishicha, hukumat davlat to‘ntarishiga urinishni tan olmayotgan bo‘lsa ham ko‘cha politsiya xodimlariga to‘la.
“Ismi sir qolishini istagan harbiylar Prezidentning hozir qaysi harbiy bazada saqlanayotganini bizga ko‘rsatib yuborishdi”, deya qo‘shimcha qiladi muhbir.
Hukumat vakilliraidan bo‘lgan manbaga ko‘ra, mamlakat Mudofaa vaziri, General Bartelemi Simpor va isyonkor harbiylar o‘rtasidagi muzokaralar omadsiz kechgan.
Prezident asirga olinganini rad etayotgan hukumat bayonoti ortidan minglab xalq vakillari Kaborening poytaxtdagi qarorgohi atrofiga yig‘ilib, uning ommaga ko‘rinish berishini talab qilishmoqda.
Burkina-Fasodagi Fransiya elchixonasi noaniq holat yuzasidan mamlakatda bo‘lib turgan fransuz fuqarolariga murojaat qilib, ularga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilgan.
Ohirgi 18 oy ichida G‘arbiy Afrikadagi Mali va Gvineyada hukumat harbiylar tomonidan ag‘darilganidan so‘ng Burkina-Fasodagi holat ham harbiy to‘ntarish deya baholanmoqda.
AFP axborot agentligining ma’lum qilishicha, Prezident bilan birga yana bir nechta hukumat amaldorlari ham asirga olingan.
“Ikki nafar xavfsizlik xodimiga ko‘ra, Prezident, parlament raisi va bir nechta vazirlar askarlar qo‘li ostida saqlanmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.
Isyonkor askarlardan ikki nafari ular bilan telefon orqali suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan OAV vakiliga, hozir Prezident tirik va sog‘-salomatligini aytgan, ammo uning qayerda saqlanayotganini ochiqlashni istamagan.
2015 yilda saylangan Prezident Kabore davrida “Al-Qoida” qurollangan guruhi bilan bo‘lgan to‘qnashuvlar ortidan mamlakat harbiylari juda ko‘p yo‘qotishlar ko‘rgan.
Bildirilishicha, isyonkor harbiylar Prezidentni terrorchi guruhlar bilan kurashishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani va mamlakat harbiylariga katta talafot yetkazgani uchun qo‘lga olishgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi