Buxorodagi turizm markazi xalq va YUNESKO roziligi bilan quriladi – Qurilish vaziri
Jamiyat
−
14 yanvar 2023
5885Avvalroq, Buxoro markaziy stadioni buzilishidan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat qilgan bir qator sportchi va murabbiylar haqida xabar bergan edik.
Odamlarning noroziligiga Buxoroda 2023 yilda turizm markazi qurish maqsadida shaharning Ibrohim Mo‘minov va Mustaqillik ko‘chalari atrofidagi barcha bino va inshootlar buzilishi sabab bo‘lgandi. Ularning orasida yaqinda ta’mirdan chiqazilgan katta sport majmuasi ham bor.
“Turizm shaharchasi”ni bunyod etish uchun taklif qilingan joy Buxoro tarixiy markazi hududiga to‘g‘ri keladi. Shu bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlamagan. Bu kabi tarixiy zonalarda qurilishi rejalashtirilgan loyihalar Madaniy meros agentligi va YUNESKO bilan kelishilishi shart.
Bugun, 14 yanvar kuni Buxoro shahrida “Turizm shaharchasi” barpo etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Qurilish vaziri Botir Zokirov qurilish maydonidagi barcha binolar inventarizatsiya qilanayotgani, lotda qatnashadigan tadbirkorlar buzilishlar uchun o‘zlari pul to‘lashini ma’lum qildi.
Vazir, shuningdek, YUNESKO ruxsatisiz bitta ham mix qoqilmasligini ta’kidlab o‘tdi. Bundan tashqari, bu ish YUNESKO bilan birgalikda amalga oshirilishi, tashkiloti ruxsatisiz hech qanday bino buzib tashlanmasligi aytildi. Buning uchun esa kamida bir yil kerakligi ma’lum qilindi.
“Hozir markaz tushadigan joyda xatlov ishlari olib borilmoqda. Ya’ni tartibga ko‘ra, u yerda qancha bino bor, kimga tegishli ekani haqida ma’lumot yig‘iladi. Agar markaz o‘rnida joylashgan bino va inshootlar buziladigan yoki boshqa joyga ko‘chiriladigan bo‘lsa, loyiha tanlovida yutgan tadbirkorlik sub’ekti tomonidan o‘rniga o‘rin qurib berish yoki o‘rnatilgan tartibda konpensatsiya to‘lab beriladi. Loyiha va qurilish ishlariga kamida ikki yil vaqt ketadi”, deydi Botir Zokirov.
Shuningdek, shaharchani qurish faqat “Enter Engineering” kompaniyasiga topshirilgan. Vazir buning sababiga izoh berar ekan, mazkur kompaniya Samarqanddagi turizm markazi va Imom al-Buxoriy majmuasi qurilishlarida “o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan”ini ta’kidladi.
“Markazning loyiha taklifi jamoatchilikka muhokama uchun qo‘yiladi. Buxoro shahrida aholi uchun alohida taqdimot qilib beriladi. Ayni vaqtda o‘rganish ishlari olib borilmoqda, xolos. Bu degani ertadan buzilish boshlanadi, degani emas, hali oxirgi nuqta qo‘yilganicha yo‘q. Loyihani hali YUNESKO bilan kelishish bosqichi bor”, dedi vazir.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi