Buxorodagi tarixiy ob’ektlarga 300 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi
Jamiyat
−
27 may 2023 4876 1 daqiqa
Buxoroda bir necha asrlardan beri saqlanib kelinayotgan, moddiy madaniy meros ro‘yxatida turuvchi arxeologik yodgorlikka katta miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda bayon etilishicha, Buxoro viloyati Romitan tumanida joylashgan 5 ta arxeologiya yodgorligiga turli sabablarga ko‘ra, jami 291,4 mlrd so‘mlik jiddiy shikast yetkazilganligi aniqlangan.
Shu jumladan, noqonuniy qazish va buzish ishlari olib borilganligi sababli, o‘rta asrlarga oid “Tepa 9” arxeologiya merosi ob’ektiga 269,6 mlrd so‘mlik, “Qalai Mullabektepa” yodgorligiga 19,7 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, “Amirtepa” yodgorligiga 1,1 mlrd so‘mlik, “Xo‘ja Haqqitepa” yodgorligiga 832 mln so‘mlik hamda “Tepa-5” yodgorligiga nisbatan 202 mln so‘mlik huquqbuzarlik sodir bo‘lgan.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, yuqoridagi barcha yodgorliklar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019 yil 4 oktyabrda moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur ro‘yxatda turgan ob’ektlar davlat muhofazasiga olinishi shart hisoblanadi.
Nurmuhammad Fayzullayev
Live
BarchasiMen diktatorman – Tramp
10:14