Buxorodagi Ichki ishlar bo‘limidan so‘roqqa chaqirilgan fuqaroning o‘ligi chiqdi
3-sahifa
−
19 yanvar 2022
36166Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatidagi Ichki ishlar bo‘limida bir fuqaroning vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga aniqlik kiritish uchun QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan bog‘landi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 17 yanvar kuni Buxoro viloyati prokuraturasiga G‘ijduvon tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limi binosida fuqaro I.T.ning vafot etgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa joyiga viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i va tuman hokimi hamda viloyat prokuraturasi tergov-tezkor guruhi yetib borgan.
Aniqlanishicha, 17 yanvar kuni G‘ijduvon tuman Ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro F.Q. ariza bilan murojaat qilib, hududda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan A. ismli shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.
Ariza asosida ichki ishlar tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ariza muallifi F.Q.ga 3 dona gugurt qutilariga joylashtirilgan 12,61 gramm marixuanna giyohvandlik moddasini 1 million 350 ming so‘mga sotgan A.R. ushlangan. Ashyoviy dalillar bilan ushlangan A.R. bilan o‘tkazilgan surishtiruv jarayonida, u marixuanna giyohvandlik moddasini tumandagi “G‘ishti” qishlog‘ida yashovchi 1960 yilda tug‘ilgan I.T.dan sotib olgani haqida iqrorlik ko‘rsatuvlarini bildirgan.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida fuqaro I.T. tumandagi 4-sonli IIBga chaqirilgan. IIBga yetib kelgan I.T.ning sog‘ligi yomonlashgan hamda ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirilgan. Biroq, yetib kelgan shifokorlar fuqaro I.T.ning vafot etganini qayd etgan.
Aytilishicha, viloyat prokuraturasining tergov-tezkor guruhi tomonidan 4-sonli IIB ma’muriy binosi, xizmat xonalari va bino yon atrofi ko‘zdan kechirilib, holatga aloqador izlar yoki shubhali holatlar aniqlanmagan. Bundan tashqari, binoga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari ko‘zdan kechirilgan hamda ularning xotira moslamalari olib qo‘yilgan. Shuningdek, I.T.ning o‘g‘li Sh.T. hodisa joyiga chaqirilib, uning ishtirokida murda ko‘zdan kechirilgan. Murdani ko‘zdan kechirish jarayonida murda tanasida tan jarohatlari yoki uning izlari topilmagan.
“Tibbiy ekspertiza birlamchi xulosasiga asosan fuqaro I.T.ning o‘limiga yurak qon tomirlar trombozi, o‘pka yallig‘lanishi oqibatida kelib chiqqan o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasining ma’lumotiga ko‘ra, I.T. muqaddam yurak xuruji bo‘yicha davolanib kelgani hamda jarrohlik amaliyoti orqali bitta buyragi olib tashlangani aniqlangan”, deyiladi xabarda.
Hozirda, fuqaro A.R.dan giyohvandlik moddasi olingani holati yuzasidan G‘ijduvon tuman IIB TB tomonidan JKning 273 - moddasi 5-qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. I.T.ning vafot etgani holati yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Tekshiruv davomida, G‘ijduvon tuman IIB xodimlarining harakatlariga qonuniy baho berilishini ta’minlash maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tergovga qadar tekshiruv natijasi yuzasidan qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB va may oyida Andijon shahar IIBda o‘tkazilgan tergovlardagi qiynoqlar sabab ikki fuqaro vafot etgandi.
LiveBarchasi