Buxoroda 26 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlandi
Jamiyat
−
07 yanvar 2023
9687Buxoro viloyatida "gaz zapravkalar" tomonidan 26 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 5 yanvaridan 6 yanvariga o‘tar kechasi viloyatning ayrim metan gaz yonilg‘i quyish shoxobchalarida o‘rganishlar o‘tkazilgan.
O‘rganish davomida Vobkent tumanidagi “Dildora” va “Osiyo Buxoro gaz” nomli mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga qarashli 3 ta shoxobchadagi tabiiy gaz quvurlariga o‘rnatilgan “Avtopilot-PRO” rusumli gaz hisoblash uskunasidagi mavjud impuls trubkasi mahkamlangani hamda gaz o‘tish harakati pasaygani ma’lum bo‘lgan. Natijada gaz diafragmasidan o‘tayotgan gaz hajmi sun’iy ravishda kamaytirilgan holda ko‘rsatilishiga erishilganligi aniqlangan.
Buning ortidan “Dildora” MCHJga qarashli 2 ta shoxobcha tomonidan 11,1 mlrd so‘mlik (11.162.880 m3) hamda “Osiyo Buxoro gaz” MCHJga qarashli shoxobcha tomonidan 15,1 mlrd so‘mlik (15.153.6003), jami 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi