Buxoro prokurorining Prezidentga murojaati bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, bir necha kun avval Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Prezident Administratsiyasi raisi Zaynilobiddin Nizomiddinovga Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va unga nisbatan o‘tkazilayotgan noqonuniy tekshiruvlar yuzasidan murojaat qilgan edi. Ushbu murojaatni atroflicha o‘rganish maqsadida bir qator idoralar hamkorligida Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasidan xabar berildi.

Gap shundaki, joriy yil 11 dekabr kunidan buyon internet tarmog‘i orqali Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov tomonidan tarqatilgan videomurojaatlarda prokuratura organlarining ayrim xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani ma’lum qilingan.

Jasur Fozilovning vajlarini sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida joriy yil 14 dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.

Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasining mas’ul xodimlari kiritildi.

Komissiya murojaatda keltirilgan qonunbuzarlik holatlarini joyiga chiqqan holda, Jasur Fozilovning barcha vajlarini bevosita o‘zining ishtirokida chuqur va xolisona o‘rganilishini tashkil etadi.

Tekshirish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda xabar beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1453

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing