“Buxoro neft bazasi” mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi

3-sahifa

image

“Buxoro neft bazasi” MCHJning 7 nafar mansabdor shaxslari va “Sity Kemping Bukhara” MCHJ sobiq rahbari va ta’sischisi bir necha milliard so‘mga teng davlat mulkini talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tergovda, “Buxoro neft bazasi” MCHJ sobiq bosh hisobchisi G‘olib Komilov hamda boshqa mansabdor va moddiy javobgar shaxslar mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish orqali jamiyatning 8,5 mlrd so‘mlik juda ko‘p miqdordagi neft mahsulotlarini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan  talon-toroj qilganliklari fosh etilgan. 

Shu jumladan, G‘olib Komilov jamiyatda yuritilgan “1-S” elektron dasturiga neft mahsulotlari uchun to‘lov amalga oshirilgani haqida soxta ma’lumotlar kiritib, jinoiy sherigi To‘lqin Murodov rahbarligida tashkil qilingan “Sity Kemping Bukhara” MCHJ va boshqa korxonalarga neft mahsulotlarini oldindan to‘lovlarsiz berib yuborish hamda “Buxoro neft baza” MCHJ hisob raqamidan moliyaviy yordam sifatida pul mablag‘lari ko‘chirish orqali davlatning 3,3 mlrd so‘mlik mulkini talon-toroj qilib, o‘zlarining shaxsiy manfaatlari uchun  o‘zlashtirib  yuborganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, “Sity Kemping Bukhara” MCHJ dastlab To‘lqin Murodovva G‘olib Komilov ta’sischiligida tashkil qilingan, keyinchalik, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar jamiyatning ulushlari A. To‘ymurodovga (B.Atamuradovning o‘g‘li) va D.To‘rayevaga (T.Murodovning turmush o‘rtog‘i), u esa opasi N.To‘rayevaga o‘tkazgan.

“Davlat va jamoat manfaatlariga juda ko‘p miqdordagi zararni yetkazgan G‘.Komilov va To‘lqin Murodovga sudning ajrimiga asosan “qamoqqa  olish  tarzidagi”  ehtiyot  chorasi  qo‘llanilgan”, deyiladi prokuratura xabarida.

Ayblanuvchilar tomonidan yetkazilgan zararning 5,3 mlrd. so‘mi undirilib, 4 mlrd. so‘mlik mol-mulklari, shu jumladan “Sity Kemping Bukhara” MCHJ nomidagi mulklari xatlangan.

Tergov natijasida, “Buxoro neft baza” MCHJning 7 nafar mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi ayblov  xulosasi  bilan sudga yuborilgan.

T.Murodov tergov organidan yashiringanligi sababli jinoyat ishining unga nisbatan qismi alohida ish yurituvga ajratilgan.

Tergovdan yashiringan T.Murodov IIB tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida joriy yilning 10 sentyabr kuni Toshkent shahrida ushlanib, tergov hibsxonasiga  joylashtirilgan.

Hozirda, jinoyat ishining T.Murodov va boshqalarga oid qismi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

230

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing