BuxDU o‘qituvchisi “arzon sovg‘a” sabab talabaga po‘pisa qildi. Vazirlik ustozga chora ko‘rdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan talabalari unga 300 ming so‘mlik “juda arzon” sovg‘a bergani uchun po‘pisa qilgani haqida xabarlar tarqaldi.

“Eshitib ol, ertaga kafedraga kelib, 200 ming so‘m pulingni olib ket. Men mayda-chuydani deb obro‘yimni yerga urmayman. Aniq ustimdan kulgansanlar. Agar guldasta 100 ming tursa, demak jami 300 ming yig‘gansanlar. 300 mingni 23 ga bo‘lsa, 13 mingdan to‘g‘ri keladi. Men sizlarga nima bersa xursand bo‘lib ketadigan go‘l yoki qishloqimanmi? Hoziroq manzilingni ayt, [sovg‘ani] o‘zim olib borib, qo‘lingga topshiraman. 200 ming emas, 300 ming so‘m. Yoki karta raqamingni ayt, pul o‘tkazaman. Endi hammasi boshqacha bo‘ladi”, degan Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti o‘qituvchisi.

Mazkur holat yuzasidan Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

“O‘rganishlardan so‘ng, mazkur o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq bekor qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati tizimda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi hamda manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladi va shu kunlarda oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi "komplayens nazorat" tizimi joriy etilayotganini ma’lum qiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik ijtimoiy tarmoq vakillari va talabalarga minnatdorlik bildirib, bu holat barcha OTMlarda muhokama qilinishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro davlat universiteti

Baholaganlar

561

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar