Bugundan boshlab o‘zbekistonliklarning hayotida nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image
O‘zbekistonda bugun, 1 iyuldan jamiyat hayotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan qonunchilik hujjatlari kuchga kiradi. Avtomobillarning oynasini qoraytirishning yangi tartibi, bo‘sh turgan binolarga nisbatan yuqori soliq stavkasini belgilash bekor qilish shular jumlasidandir. Quyida bugundan kuchga kiradigan o‘zgarishlar bilan tanishishingiz mumkin.

Avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish bepul bo‘ladi

2022 yil 1 iyuldan boshlab avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to‘lovlari bekor qilinadi. Old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtiriladi. Ishlab chiqarilganiga 10 yildan ko‘p bo‘lmagan yengil mashinalarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi bekor bo‘ladi. Shuningdek, 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan yengil mashinalar – 2 yilda, 15 yildan ortiq bo‘lganlari esa 1 yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Ayrim shifokorlarga uy olish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi

2022 yil 1 iyuldan boshlab olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari hamda oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobaridan (150 mln so‘mdan) oshmagan miqdorda qoplab beriladi. Olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

“Xavfsiz yo‘l” indeksi yuritiladi

Respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Xavfsiz yo‘l” indeksi yuritiladi. Bunda:  

  • indeks doirasida yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishining holati 29 ta indikator bo‘yicha har chorak yakunida baholab boriladi; 
  • tuman (shahar)lar indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.

Virusli gepatitga qarshi samarali choralar ko‘riladi

Bugundan boshlab, har yili respublika aholisini virusli gepatit “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit “S” turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning (donorlarning) qon plazmasi banki yaratiladi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan xodimlar gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlanadi. Har yili keng tarqalgan virusli infeksiyalar muammolarining ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablag‘lar ajratiladi.

Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga bir martalik subsidiya beriladi

2025 yil 1 yanvargacha:  kasanachilarga daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, 1 oyda ko‘pi bilan 1 million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi. Kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi. Olis va chekka hududlardagi mahallalarda (jami 252 ta) kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 3 oydagi faoliyati uchun 1 oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

Davlat muzeylarining xizmat ko‘rsatish soati o‘zgaradi 

Prezident qaroriga asosan davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga ko‘ra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin bo‘ladi. 

Pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi, qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi.

“Tibbiyot brigadalari”ga 3 600 ta shtat beriladi

Bolalar hamda homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish uchun “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 3 600 ta, 2023 yil 1 yanvardan yana qo‘shimcha 4 900 ta o‘rta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratiladi.

Parranda eksporti uchun subsidiya oshiriladi

“Parrandasanoat” uyushmasiga a’zo parrandachilik xo‘jaliklariga 2024 yil 1 yanvargacha davrda parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya miqdori 12 ming so‘m etib belgilandi. 

Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar kompleks yondashuv asosida ko‘rsatiladi 

Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan Mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi. 

Qaror bilan Mahallalarda kompleks yondashuv tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tashkil qilindi.

Bo‘sh turgan binolarga nisbatan yuqori soliq stavkasini belgilash bekor qilindi

2022 yil 1 iyuldan bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, tugallanmagan qurilish ob’ektlariga va ushbu ob’ektlar bilan band yerlarga mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish tartibi bekor qilindi.

Spinal mushak atrofiyasi klinik diagnoziga ega oilalarning Yagona milliy registri  yuritiladi

2022 yil 1 iyuldan spinal mushak atrofiyasi klinik diagnoziga ega oilalarning Yagona milliy registri  yuritiladi va oilalarning klinik va molekulyar-genetik diagnostikasidan kelib chiqib shakllantirib boriladi.

“Oilaviy shifokor” yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil faoliyat amalga oshirishga ruxsat beriladi

2022 yil 1 iyulgacha 2022 yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlari malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshiriladi. shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. 2022 yil 1 iyuldan “oilaviy shifokor” yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil faoliyat amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan bir qator hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali "Yagona mehnat milliy tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YAMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.

Davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi.

Shunga ko‘ra, davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.

Birjada yangi qoidalar joriy etiladi

Qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdolarida qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlar tuzishda sotuvchi (emitentdan tashqari) foyda solig‘i va daromad solig‘i o‘rniga bitim summasining 0,3 foizi miqdorida yig‘im to‘laydi.

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi jamiyat aktsiyalarini fond birjasining birja kotirovkalari varaqasidan chiqarib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilganda ushbu jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalari egalari bo‘lgan aksiyadorlarga o‘z aksiyalarini jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1000

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing