Bu yil O‘zbekiston uchun muhim davr – Munir Mamedzade

Jamiyat

image

Bu yil O‘zbekiston uchun muhim davr. Boisi, joriy yilda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini qay darajada bajarayotgani BMTning bolalar huquqlari qo‘mitasida ko‘rib chiqiladi. Bu haqda UNICEF xalqaro bolalar tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade kecha, 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasida ma’lum qildi. 

“Shuni ta’kidlab o‘tishim kerakki, bu yil O‘zbekiston va bu mamlakatdagi bolalar uchun muhim sana. 2021 yilda mamlakat BMTning bolalar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi majburiyatlarini bajarish nuqtai nazaridan BMT Bolalar huquqi qo‘mitasida ko‘rib chiqiladi. Tez orada O‘zbekiston haqida sessiyaoldi muhoqamalar boshlanadi. Fuqarolik jamiyati va UNICEF mamalakatdagi bolalar huquqini ko‘rib chiqadi. Keyinchalik esa hukumat hisoboti Qo‘mitada muhokama qilinadi. Ayni shu nuqtada Hukumat hisobotining qanchalik muhimligiga alohida to‘xtalib o‘tishim kerak. Qo‘mitaning tavsiyalaridan bittasi Bolalar ombudsmani va institutsiyaviy tizimning o‘z vazifalarini to‘g‘ri shaklda bajara olishiga sharoit yaratish”, deydi UNICEF’ning O‘zbekistondagi diplomati. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishning vaqti-soati kelganini aytgandi. Qonun loyihasi muhokamasida so‘z olgan UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Prezident Mirziyoyevning Murojaatnomasidagi bolalar huquqi masalasiga to‘xtaldi. 

“O‘zbekiston Hukumatining rejalari, bolalar huquqini rivojlantirish uchun stategiyalari va BMTning Bolalar huquqlari qo‘mitasining tavsiyalarini bajarish bo‘yicha sa’y-harakatlari bizlarda umid uyg‘otmoqda. Mamalakat Prezidenti o‘z Murojaatnomasida joriy yilda bolalar huquqi va yoshlar salomatligi masalasi mamlakatning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi va biz buni mamnuniyat bilan qarshilaymiz”, deydi Munir Mamedzade.

Ma’lumot o‘rnida, BMTning Bola huquqlari qo‘mitasi va boshqa inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi shartnomaviy organlari tomonidan olib borilgan bolalar huquqlarining xalqaro monitoringi O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari mavjud emasligi bilan bog‘liq qator muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

58

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing