Bu xalqqa oshkoralik bersang... Quddus A’zam O‘zbekistonga yangi qonun kerakligini aytdi

Intervyu

Joriy yilning 14 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolarining qo‘shma majlisi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Unda ommaviy axborot vositalari, jurnalistning faoliyati, odamlar orasida tarqalayotgan mish-mishlar va asossiz xabarlar rasmiy OAVdan o‘rin olayotgani tanqid ostiga olingan. 

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid 10 ga yaqin qonunlar bo‘lsada, ularning ko‘plari eski va bugungi davr talablariga javob bermaydi. Qolaversa, qonunlarda bugungi elektron axborot almashinuvi, ijtimoiy tarmoqlar, elektron axborot yetkazuvchilar faoliyati inobatga olinmagan. 

Taniqli jurnalist Quddus A’zam ham yig‘ilishda ishtirok etarkan, mamlakatdagi har qanday islohot, qonun chiqarishda odamlar ishtirokini kuchaytirish kerakligini aytdi. 

“Oshkoralik bo‘lmagan jamiyatda hech qanday taraqqiyot bo‘lmaydi. Xalqning ovozi bo‘lmasa, xalq ishtirok etmaydi. Hamma narsa qog‘ozda qolib ketadi. Chunki, har qanday taraqqiyot – bu insonning erkinligi bilan bog‘liq. Inson erkin bo‘lmasa, inson nimadandir qo‘rqsa, inson hokimiyatdan uzilsa, inson hokimiyatdagi islohotlarga daxldor bo‘lmasa, u tadbirkor ham bo‘lmaydi”, deydi jurnalist. 

U so‘zida davom etarkan, mamlakatda jurnalistlar va blogerlarning ko‘payib borayotganidan qo‘rqish o‘rniga, ular faoliyatini tartibga soluvchi, e’lon qilinayotgan maqola va xabar uchun javobgarlikni oshiruvchi qonun ishlab chiqish taklifini o‘rtaga tashladi. 

“Nimaga blogerlar ko‘paydi, deb ba’zilar cho‘chiydi. Hayot oldin ham shunday bo‘lgan. Oldin ham qayerdadir yong‘in bo‘lgan, qayerdadir suv toshgan, qayerdadir mushtlashgan. Amerikada ham otishma bo‘lyapti, poyezdlar ag‘darilyapti. Faqat bizda immunitet yo‘q edi. Endi sekin-sekin immunitet paydo bo‘ladi.  

Har qanday erkinlikning, jumladan Amerikadagi erkinlik, Rossiyadagi erkinlik yoki Qozog‘istondagi erkinlik zamirida ommaviy axborot vositalari, milliy manfaat ustuvorligi yotadi. Bu shubhasiz! Mutlaq erkinlik degani noto‘g‘ri narsa. Shuning uchun milliy manfaat OAVda birlamchi bo‘lishi kerak. Erkinlik deb qandaydir buzg‘unchi kuchlar mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirmasligi kerak. Biror odam fikrini aytsa, uni ataylab yerga botirib, xorlab tashlamaslik kerak. Bunday vaziyat o‘zimning ham boshimdan o‘tdi. Biz imkoniyatni ularga berib qo‘ysak, ular jamiyatdagi islohotlarga foyda keltirish o‘rniga, katta zarar keltirishi mumkin”

Xabaringiz bor, bir necha kun avval O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimovning lavozimdan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Rasmiy OAVgacha sizgan bu ma’lumotlar ko‘p o‘tmay tasdig‘ini topgani yo‘q. Quddus A’zam nutqida ushbu masalaga ham to‘xtalarkan, yolg‘on ma’lumot Saudiya Arabistonigacha yetib borganini aytadi. Uning fikricha, bunday hol yana takrorlanmasligi uchun Qonun chiqarish kerak.  

“Mana kechagina O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov ishdan ketibdi, degan xabarlar tarqatildi. Bu yolg‘on ma’lumot Saudiya Arabistonida aks sado berdi. 

Konstitutsiya bo‘yicha har qanday odam o‘z fikrini erkin ifoda etishga haqli. Lekin hech kim na internetda, na boshqa joyda na bir taxallus ostida, na bir qiyofa ostida boshqa bir insonni haqorat qilishga, unga nisbatan tuhmat uyushtirishga, uni tahqirlashga hech qaysi qonun yo‘l bermasligi kerak. Rossiyada shunday qonun qabul qilindi”.

Jurnalist o‘z so‘zlari jurnalist va blogerlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, yana qonun bilan so‘z erkinligi, oshkoralikning oldi to‘silyapti, qabilidagi gap-so‘zlar chiqishining oldini olish maqsadida oshkoralik uchun qattiq kurashish zarurligini ham ta’kidladi.  

“Biz oshkoralik uchun qattiq kurashishimiz kerak. Shu bilan birga bu xalqqa oshkoralik bersang jamiyatdagi vaziyatni izdan chiqaradi, bular hali tayyor emas, degan tuhmat gaplarni keltirib chiqarmaslik uchun biz o‘zimizning oshkoraligimizni o‘zimiz himoya qilishimiz kerak”, deydi Quddas A’zam. 


Maqola muallifi

Teglar

Quddus A'zam

Baholaganlar

193

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar