“Bu adi-badi aytib o‘tiradigan joymas”. Senatda Musayev, Norboyeva va Burhonov o‘rtasida taranglik chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining bugun, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan 29-yalpi majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov o‘rtasida taranglik kelib chiqdi. Holatga Senat raisi Tanzila Norboyeva aralashdi va vazir Musayevga tanbeh berdi. 

Gap shundaki, yalpi majlisda Akmal Burhonov O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza bo‘yicha axborot taqdim etdi. Unda qayd etilishicha, 2021 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligida 56 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi moliyaviy xato kamchiliklar, shundan 7 mlrd so‘mlik kamomad va o‘zlashtirishlar, 12 mlrd so‘mlik maqsadsiz xarajatlar aniqlangan bo‘lib, davlat byudjetiga yetkazilgan 9 mlrd so‘mlik zararning undirilishiga erishilgan.

Majlisda ishtirok etayotgan Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Burhonov keltirgan faktlarga e’tiroz bildirdi. 

“Juda katta-katta raqamlar qo‘yilmoqda. Nima uchun 34-varaqdagi hisobotda sog‘liqni saqlash sohasida 50 mlrd moliyaviy xato-kamchilik deyilyapti? 45-varag‘ida 56 mlrd. Shunday bir kayfiyat borki, bu katta raqamning orqasidan quvishdek. [Bu] moliyaviy nazorat organidan olingan ma’lumot asosida tayyorlangan hisobot. Bu korrupsiyaviy holat bo‘ldimi yo yo‘qmi hali? Buni sud isbotladimi yo yo‘qmi? 395 ta davolash-profilaktika muassasalarida... Bizning tibbiyot tizimimizda 500 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Hisobotda xulosa qilinyaptiki, tibbiyot – eng korrupsion soha. Qani o‘sha 395 ta tashkilot? Biz bu ma’lumotlarni ko‘rganimizdan beri tagiga yetgimiz keladi. Qaysi tashkilotimizda shunday katta moliyaviy kamchilik aniqlanibdi? Shunday katta korrupsion holat bo‘lgan bo‘lsa, nega tibbiyot tizimining kattaroq rahbariga nisbatan sud tomonidan qat’iy chora ko‘rilmagan? Demak, bu kamchiliklar kimningdir aktiga tushgan, xolos. Sudda o‘z isbotini topmagan faktor. 

Bundan tashqari, 35 mlrd maqsadsiz xarajatlar aniqlandi va iqtisod qilinishiga erishildi [deyilgan]. Bu hali korrupsion holat emas. Buni aniq aytishimiz kerak. Hisobot, smeta, shtat ma’lumotlari o‘rganiladi, tekshiriladi va buni bartaraf qilish maqsadida sog‘liqni saqlash va moliya organlari, g‘aznachilik organlari birgalikda tekshirishni amalga oshiradi. 

Bunday hisobotlarni yuqori darajada chiqarishdan avval, vazirlik bilan birma-bir, har bir holat bo‘yicha ko‘rib chiqilsin. Undan keyin yakuniy to‘xtamga kelingan raqamni olib chiqsak, to‘g‘riroq bo‘lardi. To‘g‘ri tushunglar, buni vazir sifatida gapirayotganim yo‘q. Sohaning ortida juda katta fidoyi xodimlar bor. Ikki kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda ham “eng korrupsion soha – tibbiyot” degan fikrlarni ko‘ryapmiz. Biz hech qachon o‘zimizni oqlashga harakat qilmaymiz, bunday niyatimiz ham yo‘q. Shuning uchun har bir holat bo‘yicha kelishib olsak, kimningdir bergan ma’lumotiga tayanib qolmasdan”, deydi Musayev. 

Vazir so‘zini davom ettirmoqchi edi, uni Senat raisi Tanzila Norboyeva to‘xtatib, bu raqamlar aniq faktlarga asoslanganini urg‘uladi va Senat “adi-badi” aytib o‘tiradigan joy emasligini yodga soldi. 

“Bu masalalarni bu yerda ko‘tarishingiz noo‘rin. Men o‘ylaymanki, bu ma’lumotlarning tagida asos bor. Birinchidan, asossiz narsani Senatning yalpi majlisiga olib chiqilmaydi. Ikkinchidan, shuncha savolingiz bor ekan, Akmal Burxonovni nega SSVga oldinroq chaqirib, oldinroq mana shu masalalarni muhokama qilib, chora-tadbirlarni belgilamaysiz? Bu “adi-badi” aytib o‘tiradigan auditoriyamas. Bizga Milliy ma’ruzasini taqdim qilishi, biz esa uni eshitib, agentlikka o‘z topshiriqlarimizni berishimiz kerak. Hozir siz bunday deydigan bo‘lsangiz, Xalq ta’limi vaziri chiqib gapiradigan bo‘lsa, boshqa vazirliklar ham chiqib gapirsa, bu boshqacha maydonga aylanib ketadi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashish masalasini har bir vazirlik o‘zining eng ustuvor vazifasi qilib belgilashi kerak. Agentlikni chaqirib, oldini olish uchun birgalikda choralar ko‘rish kerak. Raqamlarga e’tiroz bo‘lsa, vazirlikda muhokama qilib olsanglar ham bo‘ladi”, deydi Norboyeva. 

O‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov yana so‘z olib, Milliy ma’ruza aniq faktlarga va sud hukmlariga asoslanib tayyorlanganini aytdi. 

“Milliy ma’ruza faqat agentlik tomonidan ishlab chiqilgan emas. Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar bilan birgalikda tayyorlangan. OAVda e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga e’tibor qiladigan bo‘lsangiz, joriy yilning o‘tgan olti oyi yakunlari bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi ikkinchi o‘ringa tushdi, bank tizimi birinchi o‘ringa chiqdi. Bu, albatta, vazirlikda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi ishlar natijasi, deb o‘ylayman. 

Aynan sudlar tomonidan ko‘rib chiqilib, hukm chiqarilgan ishlar bo‘yicha SSV o‘tgan yilgi reytingda birinchi o‘rinni egallagan. Boshqa moliyaviy masalalar bo‘yicha ham, ta’kidlamoqchimanki, bu kamchiliklar faqat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan emas, balki Moliya vazirligi, Hisob palatasi va boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan holatlarning umumlashtirilgani hisoblanadi. Milliy ma’ruzaga shubha bo‘lmasligini so‘rardim”, deydi Burhonov.   


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

672

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing